O‘zbekistonda “Bank siri to‘g‘risida”gi qonun ishlaydimi o‘zi?

Qonunga ters borish yoki bozor allaqachon tartibga solib qo‘ygan segmentni tartibga solishga navbatdagi urinish.

2023 yil 1 maydan boshlab qator to‘lovlarni amalga oshirishda to‘lov xizmatlari uchun vositachilik haqi (yig‘imlar)ning chegaraviy miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizidan oshmasligi belgilanmoqda.

Vositachilik haqi (yig‘imlar)ning chegaraviy miqdori o‘rnatilayotgan segmentlar mana bu qaror ilovasida keltirilgan.

Kimdir qildan qiyiq axtaryapsan, yaxshilikdan yaxshilik izlanmaydi deb hisoblashi mumkin. Lekin ro‘yxat bo‘yicha go‘yoki xalq taraf bo‘lib vositachilik haqi (yig‘imlar)ning chegaraviy miqdori belgilanayotgan to‘lovlarning aksari, onlayn ilovalardan foydalanuvchilar uchun deyarli hammasi desayam bo‘ladi, bepul. Yaʼni bozor konyunkturasi, banklar va to‘lov tizimlari o‘rtasidagi kuchli raqobat tufayli ko‘rsatilgan xizmat uchun to‘lovlarga vositachilik haqi to‘lovchidan emas, yetkazib beruvchidan undirish tizimi anchadan buyon ishlamoqda. Yaʼni qandaydur qo‘li oyog‘idan, oyog‘i qo‘lidan o‘sib chiqqan chinovniksiz ham bozor hammasini tartibga solib qo‘ygan.

Bank yo to‘lov tizimini reklama qilishim, nomini keltirishim shartmas, ro‘yxatdagi ayrim to‘lovlarni amalga oshirishda nafaqat bir so‘m to‘lamayman, hatto qaytanga hisobimga keshbek ham olaman.

Ro‘yxatda ko‘rsatilgan qaysidir to‘lov bo‘yicha qaysidir bank to‘lovchidan komissiya olayotgan bo‘lishini istisno etmayman. Lekin bu bozor, aynan daromad va foyda olishga intilishi shu xizmatlarni ko‘rsatishga, sifatini yaxshilashga undaydi. qanaqadir maʼmuriy topshiriq va dastur bilan it topmas manzillarda majburiy ochilgan va ziyon keltirib yotgan jamg‘arma kassalarda, maxsus kassalarda balki kattaroq komissiya ham undirilayotgandir. Chunki ish hajmi kichikligida faqat yuqori komissiya xarajatlarni qoplay oladi. Endi shu nuqtalarni yopishdan boshqa alternativa qolmaydi.

Uni buni qo‘yinglar, vositachilik haqining chegaraviy miqdorining belgilanishi “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonungayam zid. Yo bo‘ldimi, qonunlarni yig‘ishtirib qo‘yib nizomlar va og‘zaki topshiriqlar bilan ishlashga o‘tamizmi?

Qonunlarga qaytaylik, baraka topgurlar. Nari yoqda soliqchilar “Bank siri to‘g‘risida”gi qonunga chaysa qilib tupurvorsa, indamasangizlar, bu yoqda o‘zingizlar o‘zingizlar ishlab chiqqan qonun talabini chetlab o‘tishga taklif ko‘rsatsangizlar?

Bu ketishda nima bo‘ladi?