2000-yili Toshkent Moliya institutini bakalavr va 2002-yilda magistraturasini tamomlagan. Aniq, lo’nda va keskin, o‘yindan tashqari fikrlar egasi. the_bakiroo telegram kanali muallifi, iqtisodchi/bloger.
O‘zbek statistikasining dastlabki raportiga ko‘ra, 2023 yil 1-choragida yalpi ichki mahsulot 5,5%ga o‘sgan. Qishda birinchi chorak yakunlari bo‘yicha YAIM o‘sishi 3,5%gacha sekinlashishi mumkinligi aytilgan edi.
Krizisli o‘tgan qishga qaramay, o‘zbek statistikasi moʻjiza yaratishda davom etgan.
O‘tgan 3 oyda sanoat 4,1%ga, qishloq xo‘jaligi 3,2%ga, bozor xizmatlari 10,9%ga, qurilish 4,5%ga, chakana savdo 5,2%ga o‘sish qayd etgan.
Qiziq tarafi, hatto bir oy avval ham masalan, iqtisodiyotimizning o‘zagi bo‘lgan sanoat ishlab chiqarish 3,9%ga, qurilish esa 8,2%ga qisqarishi qayd etilgan edi.
Chuqur qisqarishdan bir oy ichida katta o‘sishga faqat moʻjiza ro‘y bersagina erishish mumkin. Shunday qilib, mart oyida shu moʻjiza ro‘y bergan. Buning uchun eng avvalo hurmatli va jonajon Statistikamizga katta rahmat aytishimiz kerak bo‘ladi.
O‘zbekistonliklar yanvar-mart oylarida rekord darajada boyigan
Biznes va aholi o‘z tanasida va cho‘ntagida o‘tkazgan krizisli qishga qaramay, 2023 yilning birinchi choragida aholining real daromadlari 10,8%ga o‘sgan. Bu yangi davrdagi mutlaq rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.
Solishtirish uchun, aholining real daromadlari mos tegishli davrlarda o‘tgan 2022 yilda 5,4%ga, 2021 yilda 9,8%ga, 2020 yil 7,6%ga, 2019 yilda 8,6%ga, 2018 yil 10,6%ga, 2017 yilda esa 9,3%ga o‘sgan (yillik hisobda). Yaʼni, rasmiy statistika nazarida o‘zbekistonliklar rosmana to‘q yillar hisoblangan 2017-2019 yillarda ham 2023 yil yanvar-mart oylaridek surʼatda boyimagan.
Sanoat, qurilish, transport va servisning qator sohalari haftalab, oylab to‘xtab qolgan va ishchi, xodimlarga o‘z hisoblaridan javob berib yuborilgan bir sharoitda, xalqaro pul o‘tkazmalari o‘sishdan qisqarishga o‘tgan davrda aholi real daromadlarining keskin, rekord darajada o‘sishiga qaysi omil yoki omillar turtki bo‘lgani judayam qiziq.
P.S. Shu o‘rinda esga tushadiki, o‘tgan yomon deyiladigan va tosh otiladigan davrda ham o‘zbek statistikasiga hech kim ishonmagan. Raqamlar faqat bir shaxs uchun tayyorlanganiga qaramay, garchi unga qator savollar bo‘lsada, statistika o‘z raqamlarini reallik bilan biroz hisoblashgan holda shakllantirib kelgan. Chunki hech bo‘lmaganda maʼlumotlar taqdim etiladigan o‘sha odam, garchi deyarli izolyatsiyalangan bo‘lsada, so‘rab qolishi ehtimoli bo‘lgan.
Masalan, 2000 yildan 2013 yilgacha aholi real daromadlari o‘sishi biron marta ikki xonalidan bir xonali darajaga tushirilmagan. Lekin Rossiya Qrimning bosib olishi ortidan yuzaga kelgan krizisli 2014 va 2015 yillarda real daromadlarning o‘sishi 8,9% va 9,6% deb eʼlon qilingan xolos. Zero o‘sha maʼlumotlar taqdim etiladigan odam Rossiyaning Qrimni bosib olishi, Donbassga hujumi, sanksiyalar, antisanksiyalar, rubl kursi, buning Rossiya iqtisodiyotiga taʼsiri, keyin O‘zbekistonga taʼsirini harqalay o‘ziga tasavvur etib, xomcho‘t qila olgan.
