Tojikiston hukumati hozirda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII)ga aʼzo bo‘lishni rejalamayapti. Bu haqida TASS Tojikiston Tashqi ishlar vazirligining axborot bo‘limi rahbari Shohin Samadiga tayanib xabar tarqatdi.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov seshanba kuni Tojikistondagi 201-harbiy bazaga tashrif buyurar ekan, Tojikiston “yaqinda o‘zi uchun YEOIIga qo‘shilishning manfaatlarini aniqlab olish”iga umid qilganini aytgandi.
Ammo, Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi mulozimining bildirishicha, Tojikistonning YEOIIga kirish masalasi na Prezident Imomali Rahmon bilan uchrashuvda, yo na Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin bilan muzokaralarda ko‘tarilgan.
TASS Shohin Samadining quyidagi iqtibosini tarqatdi:
“Tojikistonning YEOIIga qo‘shilishi masalasi kun tartibida yo‘q. Dushanbedagi uchrashuvlarda asosiy eʼtibor faqat savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorliklarni oshirish, mintaqaviy xavfsizlik va ikki davlatlarning xalqaro tashkilotlar doirasidagi aloqalariga qaratildi.”
Lavrov Tojikistonga rasmiy safarini 5 iyunda Dushanbedagi Rossiya harbiy bazasidan boshladi. U bazada harbiylar bilan uchrashar ekan, ularni Ukrainadagi “maxsus operatsiya” borasida xabardor qilgan. Ertasiga u Prezident Rahmon va tojik hamkasbi bilan uchrashgan.
Janob Muhriddinning aytishicha, tomonlar Rossiyada ishlayotgan Tojikiston fuqarolariga bo‘layotgan munosabatni ham muhokama qilishgan.
“Tojik tarafi migratsion jarayonlarni tartiblashtirish bo‘yicha Rossiya davlat idoralari olib borayotgan rejalashtirilgan va rejadan tashqari tadbirlarda Rossiya hududida bo‘lib turgan Tojikiston fuqarolarining bazaviy huquqlari va erkinliklari hurmat qilinishi kerakligini urg‘uladi. Bu asnoda, davlatning huquq-tartibot idoralari orqali Rossiya tomoniga rasmiy murojaat yo‘llangan va bizning fuqarolarimizga bo‘layotgan bunday munosabatning qanchalar qonuniy va maʼqul ekanini tekshirish so‘ralgan”, – dedi Tojikiston tashqi ishlar vazirligi rasmiysi.
Lavrov esa ikki yil avval Rossiya o‘z hududidan deportatsiya qilingan bir necha ming tojikistonlikni “avf” etganini aytgan.
Ammo, oxirgi haftalarda Rossiyada politsiya yuzlab markaziy osiyolik migrantlarni qo‘lga olishi va do‘pposlashi aks etgan video va suratlar tarqaldi. Oxirgi reydlarda nafaqat muhojir ishchilar, balki talabalar ham nishonga olingan.
Radio Ozodi xabar qilishicha, Komsomolsk-na-Amureda o‘qiyotgan yuzlab talabalarni OMON zobitlari hech qanday izohsiz kaltaklaganlar.
Tarkibiga Rossiya, Armaniston, Belarus, Qirg‘iziston va Qozog‘iston kiruvchi YEOIIga Tojikistonning qo‘shilish masalasi 2015 yildan beri muhokama qilinadi. Bu davlatlar birgalikda Tojikistonning eng yirik tijoriy hamkori hisoblansa-da, Dushanbe ittifoqqa qo‘shilishni vaʼda qilishdan bosh tortib keladi.
2020 yildan beri YEOIIda kuzatuvchi maqomida ishtirok etib kelayotgan O‘zbekistonning ham ittifoqqa to‘laqonli aʼzoligi tez-tez muhokama qilinadi.
Hozircha aʼzo bo‘lmasa-da, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ittifoq bilan yaqin hamkorlikka eʼtibor qaratyapti.
YEOII Oliy iqtisodiy kengashining 25 mayda bo‘lib o‘tgan video anjumanida Prezident Mirziyoyev O‘zbekistonda “YEOII plyus” formatida qishloq xo‘jaligi forumini o‘tkazishni taklif qildi.