O‘zbekistonda denominatsiya bo‘lmaydi

Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan pul birligining denominatsiya (kupyuralar almashishi) qilinishi, yaʼni 1:10 000 nisbatda yangi pul belgilariga almashtirilishi hamda eski va yangi pul belgilari 2025 yilgacha parallel ravishda muomalada bo‘lishi to‘g‘risidagi xabarlar borasida quyidagilarni maʼlum qiladi:

Ushbu xabarlar hech qanday asosga ega emas, bugungi kunda pul birligini denominatsiya qilish masalasi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Markaziy banki tomonidan ko‘zda tutilmagan.

Denominatsiyaning xarajatlarni tejashdan boshqa samarasi yo‘q

Denominatsiyaning xarajatlarni tejashdan boshqa muhim samarasi yo‘q. Bu xuddi aytaylik, Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi o‘rniga qisqa qilib, Tabiat vazirligi deb atagan singari. Kamroq qog‘oz, kamroq siyoh, kamroq yozuv hisobiga xarajatlar tejaladi (muhrlardan tortib tablichkalar va blanklargacha) .

Banklar so‘m va tiyinda hisob yuritadi, balans tuzadi, hisobot topshiradi, kredit, depozit, valyuta bitimlari bilan bog‘liq juda ko‘p hujjatlarda raqamlar so‘zlarda ham ifodalanishi kerak. Denominatsiya shu jarayonda vaqt va qog‘ozni (demakki, axborot egallanadigan joyni) tejaydi. Bu yil masalan, YAIM va boshqa hisoblarda 15ta noli bor Kvadrillionni ishlata boshlaymiz (tilingizni moslab turing). 2030 yilgacha Kvintilliongayam yetamiz.

Denominatsiya inflyatsiyani pasaytirmaydiyam, ko‘paytirmaydiyam. Valyuta kursini oshirmaydiyam, tushirmaydiyam. To‘g‘ri, ayrimlar denominatsiya tufayli kichik qiymatdagi tovarlarning yuqoriga qarab yaxlitlanishidan cho‘chiydilar. Masalan, chakana savdoda shartli 3200 so‘mlik mineral suv shartli yangi 40 tiyinga aylanib qolishi ehtimoli bor. Lekin bu jarayon ko‘proq naqd pul hisobi ustuvor segmentlarda yuz beradi, undayam kuchli raqobat tufayli tiyib turish yuz beradi.

Denominatsiya yashirin iqtisodiyotdagi naqdliklarni oqartiradi degan fikr ham yanglish, yashirin iqtisodiyotdagi eski pullar yangisiga almashgach, yana yashirin iqtisodiyotda aylanaveradi

Shaxsan men denominatsiya amalga oshirilishiga qarshi emasman (yoqlovchilar qatorida ham emasman), lekin agar shu masalada qaror qilinsa, bu uzoq emas, qisqa muddatlarda amalga oshirilishi kerak. O‘zi busiz ham hozir ikki xil namunadagi pullarni ishlatayapmiz. Turlicha namunadagi, ikki alifbodagi pul birliklarini ishlatilayotgan mamlakatlar yana bormikan?

Mustaqil O‘zbekistonimiz tarixida denominatsiya uzoq 1994 yilning yozida ro‘y bergan. O‘shanda 1000:1 tarzida denominatsiya amalga oshirilgan, 1994 yil 1 iyuldan 1 sentyabrga qadar so‘m kuponlar va so‘m parallel ravishda muomalada ishlatilgan.