O‘zbekistonda huquqiy demokratik davlatchilik qurishdagi eng katta muammo nima?

Muammo, siyosiy tizim ichida, oliy hokimiyat tarmog‘i doirasidagi liberal qatlamning yo‘qligida, zaifligida, marginalligida. Hokimiyatdagilarning mutlaq aksariyati – avtoritar konservatorlar. Yaʼni, ular avtoritarizmni mutlaq to‘g‘ri deb bilishadi, va avtoritarizmni miyasiga joylab, ongida boshqa qarash eshiklarini yopib olishgan. Shuning uchun ham, ular, avtoritar konservatorlar.

Hokimiyatdagi ko‘pchilik avtoritar konservatorlar bo‘lar ekan, davlat, istasa-istamasa avtoritarizmdan chiqib keta olmaydi, bir-ikki qadam uzoqlashib, yana qaytaveradi. Natijada, davlat huquqiy-demokratik maydonga kira olmaydi, qo‘rqadi, ikkilanadi… Har safar hokimiyat almashganda, davlat “bu safar o‘zgaraman” deydi, lekin, yillar o‘tib yana avtoritar qattiqqo‘llik tomon og‘ishaveradi…

Garchi oliy hokimiyat qattiqqo‘l avtoritarizm tomon og‘ishishni istamasada – bundan to‘sib turadigan kuch bo‘lmaganidan keyin, davlat faqat o‘sha tomon siljib boraveradi. Qattiq avtoritarizm gravitatsiyasidan qochib qutilish uchun, juda katta kuch va urunish kerak. Undan to‘suvchi siyosiy sinf kerak. Chunki, qattiq avtoritarizmning gravitatsiyasi millionlab insonlarning miyasiga joylashgan.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov