Bu tashabbusli byudjetmi yo hokimlar cho‘ntak byudjetimi?

Tashabbusli byudjetlashtirish orqali “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarining moliyalashtirilishi 2023 yildan boshlab amalga oshirilishi kerak.

Jamoatchilik fikri asosida tadbirlarni shakllantirish va ular uchun ovoz berish jarayoni bu yil may oyida amalga oshishi lozim edi. Bu ro‘y bermadi, kechikmoqda va qanchalik g‘alati tuyulmasin, yaxshilikka.

Chunki tasdiqlangan Nizomga ko‘ra, fuqarolar de-fakto jarayondan chetlashtirilgan.

Birinchidan, fuqarolar tomonidan loyihalar to‘plami shakllantirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Faqat mahalla raisi bir yilda faqat bir marotaba bitta loyiha to‘plamini kiritish huquqiga ega.

Ikkinchidan, mahalla raisi taklif etgan loyiha to‘plamini Maxsus komissiya tanlaydi. Maxsus komissiyaning oltita aʼzosidan beshtasi hokim va uning shotirlaridan iborat, bittagina, uyam kelishuv asosida nodavlat notijorat tashkilotlari vakili qo‘shilishi mumkin.

Uchinchidan, fuqarolar mahalla raisi va Maxsus komissiya chig‘irig‘idan o‘tgan loyihalar to‘plamiga ovoz bera oladi. Undan ham qizig‘i, Nizomga ko‘ra, mahalla (qishloq) fuqarolari tegishli mahalla (qishloq) bo‘yicha ilgari surilgan loyihalar to‘plami ichidan o‘zlarini qiziqtirgan tadbirlarga ovoz beradilar. Maʼnosiga ko‘ra, faqat propiska joyi bo‘yicha hokimto‘ra va uning shotirlarining filtridan o‘tgan loyihalarga ovoz berish mumkin bo‘ladi.

To‘rtinchidan, aholisi soni kam bo‘lgan mahallalarga (qishloqlarga) tuzatish koeffitsiyentini qo‘llagan holda loyihalar to‘plamiga berilgan ovozlar ko‘paytiriladi. Yaʼni demokratiyaning asosi bo‘lgan, bir fuqaro – bitta ovoz prinsipidan amalda voz kechiladi.

Siz nima deb o‘ylaysiz, shu tashabbusli byudjetmi? Yo yer sotishdan mahrum bo‘lgach, kuni byudjet o‘zlashtirishga qolgan hokimlar va ularning shotirlarining byudjetimi?

Qani bu yerda fuqarolarni tashabbusi, fuqarolarning ishtiroki? Fuqarolarning uyushishi? Fuqarolarning tanlovi? Qani?

Siz nima deb o‘ylaysiz agar hech kim saylamagan hokimlar, hech kim saylamagan deputatlar, yugurdak raislar, shotir yordamchilar o‘z vazifasini bajarganida tashabbusli byudjetga hojat bo‘larmidi?

Sanalgan amaldorlar fuqarolarning xohish va irodalarini ifoda etmaganliklari uchun ham byudjetning bir foizi xalqqa qaytarilmadimi? Xalqning o‘zi taklif berishi, tanlashi, o‘zi uyushishi, o‘zi ovoz berishi uchun?

Darvoqe, Tashabbusli byudjetlashtirishning mazkur eng katta mablag‘ (ajratilgan mablag‘larning jami kamida 80%i) taqsimlanadigan jarayonning qoidalari imi jimida, xalqdan panada, yopiq kabinetlarda tasdiqlangan. Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmagan. Va yana savol tug‘iladi: Bu o‘zi tashabbusli byudjetmi?

Xullas, Fuqarolarning tashabbuskorligi qaytarilishi kerak, erkin va teng ovoz berish huquqi taʼminlanishi lozim

Faol jamoatchilikni, OAV va mediani o‘zbekistonliklarning o‘z mablag‘larining o‘zlari taqsimlashi va erkin tanlovi yo‘lidagi jarayonga befarq bo‘lmasliklarini so‘rayman. Agar Davlat rahbarining shaxsan o‘zi iroda ko‘rsatib, xalqqa bergan shu haq tortib olinsa, keyin qolgan qutgani ham tortib olinadi.