2000-yili Toshkent Moliya institutini bakalavr va 2002-yilda magistraturasini tamomlagan. Aniq, lo’nda va keskin, o‘yindan tashqari fikrlar egasi. the_bakiroo telegram kanali muallifi, iqtisodchi/bloger.
Kichik litrajli avtoulovlar uchun bojxona bojlarining 1000 kub sm dan oshmagan avtomobillar importi uchun 0%gacha, 1200 kub sm dan oshmagan avtomobillar uchun 5%gacha tushirilishi juda olqishlanadigan qadam.
Chunki o‘zi ishlab chiqarmay qo‘ygan avtomobillar uchun ajdarho bojlarining qo‘llanilishi hech bir iqtisodiy mantiqqa to‘g‘ri kelmasdi, bu shunchaki taqiq va jazolash bilan teng edi. Qolaversa, energetik krizisni boshdan kechirayotgan va hali beri bu tubdan chiqmaydigan O‘zbekiston uchun kichik litrajli va tejamkor avtomobillar uchun ajdarho bojlarning mavjudligi ikki karra absurd ko‘rinardi.
Shu o‘rinda bojlarning pasaytirilishi bu qandaydir siyosiy jarayon uchun qadam emas, ochiq va raqobatbardosh iqtisodiyot qurish maqsadi yo‘lidagi strategiya deya yangi umidlarga yetaklaydi.
Lekin buning uchun, birinchidan, biz bojlarning nollashtirilishi va pasaytirilishi siyesati vaqtinchalik tadbir emas, doimiy qarorga aylantirishimiz darkor. Eʼtibor bersangiz, bojlarning nollashtirish va pasaytirishga oid qarorlarining hammasi bo‘lmasa-da, aksari muddat bilan cheklangan.
Ikkinchidan, biz o‘zimiz uchun o‘zimiz uzil-kesil belgilab olishimiz zarur. Bojlardan va umuman boj siyesatidan bosh maqsad Raqobatni, Raqobat muhitini himoyalash va Erkin tanlovni taʼminlash bo‘lishi lozim. qandaydir ojiz va mahalliylashtirish shiorlari ostida parazitlashgan ishlab chiqaruvchilarni himoyalash emas.
Uchinchidan, ajdarho bojlardan insoniy bojlarga o‘tish jarayonidagi prinsiplardan eng asosiysi, monopollashgan tovar va xizmatlarga nisbatan bojsiz Rejim qo‘llanilishi bo‘lishi darkor. O‘zi umuman asosiy bozorlardan eng uzoqda joylashganimiz va xudoning o‘zi bizga yo‘l va logistika bilan boj solib qo‘yganligini nazarda tutib, 0%, 5% va 10%lik boj stavkalariga qancha tez o‘tsak, shuncha ko‘p yutamiz. Buning uchun tashqi global chegaralovchi o‘laroq Jahon savdo tashkilotiga kirishni kutib o‘tirishga hojat yo‘q.
Shu maʼnoda bu qaror faqat boshlanishi. Biz manzilga yetmadik. Biz manzilga endi tushdik.
