2000-yili Toshkent Moliya institutini bakalavr va 2002-yilda magistraturasini tamomlagan. Aniq, lo’nda va keskin, o‘yindan tashqari fikrlar egasi. the_bakiroo telegram kanali muallifi, iqtisodchi/bloger.
Chiroyli iqtisodiy o‘sish raqamlari ichiga salgina kirsangiz, savollar va hayratlar tug‘ilaveradi.
Sanoatdagi o‘sish 5,7%ga yetgan may oyida gaz qazib olish deyarli 12%ga qisqargan. May oyida 3 600 mln.kub gaz qazib olingan, bu o‘tgan yilning may oyiga nisbatan qariyb 450 mln.kub, joriy aprelga nisbatan esa 300 mln.kubga kam degani.
Gaz qazib olish qisqarishi bir muddatli tanaffusdan keyin neft qazib olishga ham ko‘chgan. May oyida neft qazib olish 2,2%ga qisqargan.
Eng katta qulash avtobenzin ishlab chiqarishda yuz bergan. May oyida avtobenzin ishlab chiqarish (46,2 ming tonna) o‘tgan yilning tegishli davriga (92,7 ming tonna) nisbatan 2 barobariga qisqarib ketgan.
Gaz kondensati ishlab chiqarishning qisqarishi esa o‘rtacha 10% atrofida, bir maromda davom etmoqda.

O‘zbek statistikasiga ko‘ra, may oyida elektr ishlab chiqarish rekord darajada o‘sgan. Svet nega o‘chayapti unda?
Rasmiy statistikaga ishonilsa, may oyida 7 331 mln.kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan.
Nima bo‘pti, demang. Chunki hali hech qachon O‘zbekistonda bir oyda bunchalar ko‘p elektr ishlab chiqarilmagan.
May oyida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi o‘tgan yilgi maydan ko‘ra 36,1%ga yoki 1 945,4 mln.kVt.soatga ko‘p.
May oyidagi elektr generatsiyasi joriy yilning apreliga nisbatan 34,1%ga yoki 1 866,6 mln.kVt.soatga ko‘proq bo‘lgan.
Agar jonajon statistikamizga ishonilsa, may oyida svet o‘chirilishi va shaxmat tartibidagi “profilaktika”lar bo‘lmasligi kerak edi. Axir shuncha elektr energiyasi qayoqqa ketishi mumkin? O‘tgan yili mayda elektrda uzilishlar bo‘lmagan, joriy yil aprelda ham. Nega aynan elektr energiyasi ishlab chiqarish rekord tarzda o‘chgan mayda bunchalar ko‘p svet o‘chirildi?
Eksportga ketdimi? Yo‘q, may oyida qaytanga elektr energiyasi kamaygan.
Ishonmasligingiz mumkin. Lekin may oyida elektr importi ham sezilarli tarzda oshgan. Boshqacha aytganda, rekord tarzda elektr ishlab chiqarilib, yana import oshganiga qaramay elektr taʼminoti faqat yomonlashgan.
Buni qanday tushunish mumkin? Yo statistika ko‘zimizni shamg‘alat qilmoqda yoki Energetiklarimiz generatsiyani qaygadir yashirmoqda.
Qolaversa, agar may oyida elektr generatsiyasi shunchalar ko‘p o‘sgan bo‘lsa, buni qandaydir asoslash va tushuntirish kerak. Nimaning hisobiga, qaysi quvvatlar hisobiga? Axir may oyida qo‘shimcha uchta To‘raqo‘rg‘on IES ishga tushib qolmadiku.
Quyosh stansiyalari hisobigami? Qaysi stansiyalar quvvat bera boshladi?
Yangi gaz porshenli IESlar hisobigami?
Yo eski issiqlik stansiyalar quvvatni oshirdimi? Gaz yo‘qku? (bor, lekin faqat cho‘ntak kontoralar orqali eksportga).
Gazeta.uz yozayotganidek, “… hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan pallada rasmiy statistika bilan real hayot o‘rtasidagi korrelyatsiya yo‘qolib qolgandek”.
Bu iqtibos bugun yetib kelgan joyimizda Gazeta.uz urg‘u berayotgan inflyatsiyaga oid emas, boshqa barcha makroiqtisodiy statistikaga ham taalluqli.
