Suv isrofini balandparvoz shiorlar emas, ratsional tariflar jilovlaydi

O‘zbek top chinovniklari navbatdagi marta suv resurslaridan oqilona foydalanish masalasi yuzasidan katta minbarlardan turib chiqish qilishdi.

Nomi aytilmagan masʼullarning eʼtiborsizligi va masʼuliyatsizligi isrofgarchilikka sabab qilib ko‘rsatildi. Suvni tejash va ratsional ishlatishni o‘rganish uqtirildi. Bo‘ldi. Shu bilan o‘zbek chinovniklari masalani navbatdagi marta yopishdi.

Lekin 100ta anomal kalladan hech biri turib, to‘xtang, nimaga O‘zbekistonda aholining suv isteʼmoli nemislardan uch barobariga ko‘p, qishloq xo‘jaligida aytaylik, iqlimi bizga yaqin Turkiya yo Ispaniyadan 4 karra ko‘p deb, sabab o‘zi nima deb so‘ramadi.

Nemislar ichimlik suvi kubini 1400 so‘mdan olishni boshlasa, ular ham basseynini ichimlik suvi bilan to‘ldirishni boshlashi, tomorqasini ichimlik suvi bilan sug‘orishi, mashinasini, gilamini, plitkasini ichimlik suvi bilan yuvishini boshlaydi. Kuniga 400 litr nima bo‘pti, ming litr sarflaydi. Nemislar yaxshi, o‘zbeklar yomon emas. Inson zehniyati va tabiati shunday.

Agar turk fermeri suvdan foydalanganlik uchun kubiga 65 so‘m soliq to‘lasa, u hech qachon tomchilatib yo yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalari uchun, kanal va drenajlar uchun pul kiritmaydi, qanday ko‘llatib sug‘orayotgan bo‘lsa shunday ko‘llatishda davom etadi. Undan keyingi fermer nima bo‘ladi, iroqlik fermerning holi ne kechadi, hayoliga ham keltirmaydi. Chunki inson xudbinlik nuqsi bilan yaralgan.

Individual xudbinlikni faqat ijtimoiy xudbinlik bilan samarali boshqarish mumkin. Suvni isrof qilma deyish bekor, suvni ko‘p sarflagan qimmat to‘lashi kerak, bo‘ldi. Istalganingcha sarfla, lekin marhamat qilib bozor narxida to‘lab qo‘y.

Shunda o‘zbek ham xuddi nemis singari kuniga 125 litr suv bilan kifoya qila boshlaydi, bir stakan suv bilan tishini yuvadi, ikkinchi stakandagi suv bilan soqol oladi, suv oqib yotgan unitazini darrov taʼmirlaydi. Shunda o‘zbek fermeri gektariga o‘n ming kub suv emas, ming kub suv bilan paxta yetishtirish haqida o‘ylay boshlaydi.

Sodda tilda bu bozorga o‘tish degan. Ratsional tarif siyosati degani.

Hech kim saylamagan chinovniklarni qo‘ya turaylik, biz o‘zimiz bu haqda ochiq gapirishga va yoqimsiz qarorlarga tayyormizmi?