Kecha tunda neft narxi 77 dollardan pastga tushib ketgan. Bu monopol zanjirlar iskanjasidagi O‘zbekistonda benzin narxi yana oshishi mumkinligini anglatadi. Yillar davomida shakllangan anʼanaga ko‘ra, O‘zbekistonda neft narxi oshsa ham benzin narxi oshadi, neft narxi tushsa ham benzin narxi oshadi.

Neft narxi oshganda benzin narxi oshishi ko‘pchilikka tushunarli, asosiy xom-ashyo narxi oshishi neftdan chiqadigan mahsulot tan narxini ko‘taradi.

Neft narxi tushganda nega benzin narxi oshiriladi? Bu holatda monopolistlar neft narxi tushishidan yo‘qotishlar o‘rnini talab elastikligi bo‘lmagan benzin narxini oshirish hisobiga qoplashga urinishadi.

Mazkur buzuq qoida Rossiyaga qaramlik oshgani sayin yana-da kuchayishi aniq. Bilasiz, energetiklarimiz Rossiyaga bog‘liqligimizni neft importini aynan Rossiyadan 3 barobarga oshirish evaziga qaramlik darajasiga yetkazishmoqchi. Butun dunyo energetik xavfsizlik haqida o‘ylab, energetikani qurol sifatida ko‘radigan Rossiyadan bog‘liqlikni kamaytirish harakatida bo‘lsa, bizning energetiklar iqtisodiyotimizni tobora og‘alarining domiga tortishmoqda (KPI shunday bo‘lishi mumkin).

Xullas, endilikda yanayam qiyin bo‘ladi. Isteʼmolchilarimiz nafaqat qorako‘z monopolistlarimiz, balki o‘ris monopolistlarining jig‘ildonini to‘ldirishlariga to‘g‘ri keladi.

Darvoqe, kecha Antimonopoliya organimizning ovozi chiqdi. Emishki, yirik savdo tarmoqlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga teng raqobat sharoiti yaratilganini o‘rganishar ekan. Hartugul.

Riteyldaku bozor bor, vaqt va xohish bo‘lganida umuman bozor yo‘q segmentlardagi O‘zbekistonlik isteʼmolchilar uchun ham ozgina qayg‘uringlar. Kremlparast energetiklar benzin narxi borasida va shonli avtosanoat manipulyatsiyalarda isteʼmolchilar ustidan “bir ishni” qilmadilar xolos. Yoki sizlar faqat “fas” degan buyruqdan keyin ishga tushasizlarmi?