Yandex Go soliq to‘lashni boshladimi?

Baʼzi media nashrlar “Yandex Go O‘zbekistonda soliq to‘lashni boshladi” deya ot choptirib xabar berishni boshladi. Afsuski, hozircha faqat istakni ifoda etadigan jarayonni ushbu xabarlar taʼsirida ko‘pchilik fakt deb qabul qilishni boshladi. Maqsad bir necha kunlik piar vositasida Yandex Go masalasini kun tartibidan tushirib qoldirish va mohiyatdan chalg‘itishga o‘xshaydi. Osongina aldanishni istamasak, faol Jamoatchilik Yandex Go borasida savol qo‘yishni to‘xtatmasligi kerak.

Birinchidan, Soliq qo‘mitasi xabarida aytilgan, go‘yoki Yandex Go taksi xizmatini O‘zbekiston hududida taqdim etadigan “YandexGo UB” MCHJ kecha yoki o‘tgan kuni emas, 2022 yil 12 aprelda tashkil etilgan. Yaʼni 108,9 million so‘mlik ustav kapitalga ega “YandexGo UB” MCHJ busiz ham O‘zbekiston soliq rezidenti bo‘lgan va ro‘yxat maʼlumotiga ko‘ra, kompyuter texnologiyalari sohasida maslahat xizmatlarini ko‘rsatib kelgan.

Endi savol: kimdir tomonlarning vakolatlari va majburiyatlarini aks ettirishi kerak bo‘lgan Ridetech International B.V. va “YandexGo UB” MCHJ o‘rtasidagi bitimni ko‘rdimi?

Soliq qo‘mitasi Ridetech International B.V. yozgan rasmiy xatga ishora qilmoqda? Qachondan qandaydir xat bir necha trillionlik xizmatlar bozorini yillar davomida soliq to‘lamasdan o‘ziniki qilib olgan kontoraga ishonishga asos beradi?

Soliq qo‘mitasi “YandexGo UB” MCHJ 2023 yil 1 dekabrdan keyin to‘lashi kerak bo‘lgan foyda solig‘i, QQS, dividend va boshqa soliqlarni to‘layotganligini oshkor qilib boradimi? (Bungacha har oyda kontora, turli maʼlumotlarga ko‘ra, bir necha million dollarni O‘zbekistondan olib chiqib ketib turgan).

Ikkinchidan, Yandex Go xizmati o‘tgan 4-5 yil davomida to‘lamagan soliqlarini kim to‘laydi? Tasavvur eting, qaysidir boshqa kompaniya yillar davomida soliq to‘lamay keldi. Soliq qo‘mitasi buni kechikib, maʼmuriy taʼsir yoki jamoatchilik talabi bilan aniqladi, deylik. Soliqchilarimiz bunga ko‘z yumvorgan bo‘lisharmidi? Enasini ko‘rsatib qo‘yishardi. O‘tgan zamondagi MTS keysi yoki Coca-Cola keyslarini bir eslang.

Uchinchidan, Yandex Go xizmat uchun naqd to‘lov amalga oshirilganida fiskal chek berayotgani yo‘q. Naqdsiz to‘langanda esa berilgan chek soliq ilovasiga kiritilsa, ro‘yxatga qo‘shilmay, 3 kundan beri “Jarayonda” maqomida qotib turibti. Demak, hech qanday chek maʼlumotlari amalda soliq bazasiga kiritilayotgani yo‘q.

To‘rtinchidan va bu judayam muhim. Yandex Go O‘zbekistonning barcha yirik shaharlari hududida monopolist va monopolist (ustun mavqega ega) deb topilishi, tabiiyki, monopolistlar ustidan qanday jarayon va nazorat amalga oshirilishi kerak bo‘lsa, barchasi qilinishi zarur.

Nega Antimonopoliya jim? Kimdir tirik jon qoldimi xarakiri bo‘lgan qo‘mitada? Qachon Yandex Go tarif shakllanishi bo‘yicha yopiq qolayotgan ajdarho algoritmlarini ochadi? Qachongacha yo‘lovchilar va hatto bechora taksistlarning ham noni monopolist foydasiga tuya qilinaveradi?