Biz erkin bozor tarafdorimiz

O‘zbekistonda elektromobillar sotuvi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar Davlat rahbariga murojaat qilishmoqda.

“Biz va boshqa 400 dan ortiq shu kabi tadbirkorlik subyektlari tomonidan elektromobillarni sotish uchun avtosalonlar va ularga xizmat ko‘rsatish uchun servis shoxobchalari tashkil etdik. birgina 2023 yilning o‘zida biz kabi tadbirkorlar 630 million dollarlik 21 ming dona elektromobil olib keldi. QQS, utilizatsiya va boshqa to‘lovlar hisobiga byudjetga 1 trillion 250 milliard so‘m tushum tushdi”.

“Ammo bugungi kunda tovarlarimiz Xitoy yoki Qozog‘iston chegarasida qolmoqda. Sababi, 2024 yil 1 apreldan boshlab xususiy tadbirkorlarga elektromobillarni olib kirishda bir qancha cheklovlar qo‘yildi. Shu bois, tuzilgan shartnomalar yopilishi, mumkin bo‘lgan debitorlik qarzlari va buyurtmalarimiz asosida kelayotgan avtomashinalarni o‘z korxonamizga kirim qila olmasligimiz, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan muvofiqlik sertifikatlari berilmasligi kabi bir qancha muammolarga duch kelmoqdamiz”.

“O‘zbekistonda avtosalonlar o‘rtasida raqobat paydo bo‘ldi… Biz tizim yaratdik, olib kirgandan keyin servis ko‘rsatdik, mashinaga kafolat berdik. Xitoydan yuqori malakali mutaxassislarni jalb qildik. Ammo 1 apreldan bizga zarb bo‘ldi”.

Biznes vakillari o‘z murojaatlarida Davlat rahbaridan 1 apreldan kiritilgan cheklovlarni olib tashlashni va ochiq bozorni qo‘llab-quvvatlashni so‘rashgan.