Yunus obod dehqon bozorini Qo‘yliq bozori taqdiri kutmoqdami?

“Aloqabank”ning qandaydur “xorijiy” investor bilan Yunusobod dehqon bozori o‘rnida 8 qavatli majmua qurishi O‘zbekistonda mulk huquqi qanaqa abgor va ayanchli holga kelib qolganini ham ko‘rsatadi.

Eʼtibor bering, bozorni 8 qavatli qilib qaytadan qurish taklifi bozorning o‘zidan emas, unga umuman aloqasi yo‘q “Aloqabank” va nomi aniq bo‘lmagan investordan chiqmoqda. Maʼlumot uchun, Yunusobod dehqon bozori Aksiyadorlik jamiyati hisoblanadi. Masalan, kecha bo‘lib o‘tgan umumiy yig‘ilishda, qandaydur 8 qavatli bozor masalasi, qanaqadir “Aloqabank “va uning “xorijiy sherigi”ning taklifi kun tartibida bo‘lmagan. Aytgandek, Yunusobod dehqon bozori “Aloqabank”dan karrasiga rentabelliroq (foydaliroq) jamiyat hisoblanadi. Ochiq aytadigan bo‘lsak, minglab insonlarni qozoni shu bozor orqali qaynamoqda.

Tasavvur qiling, kichkina bo‘lsada, uyingiz yo do‘koningiz bo‘lsa-yu, shu uyingiz o‘rnida qanaqadir bank va shotir “investor” kelib, ko‘p qavatli saroy quraman deb tursa.

Normal, dordan qochmagan, reputatsiyasi bor investor shunday qiladimi? Yaʼni “xorijiy”mush. Nomi bormi o‘sha investorning? Nega uyalasizlar aytishdan?

Ehtimolki, bu 8 qavatli bozor loyihasi qariyb 5 gektar yerni egallab olish yo‘lidagi dastlabki qadam xolos. Bu yo‘lda, mulkchilik huquqiga ham, aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatining oddiy talablari va protseduralariga ham tupurib qo‘yilaveradi.

Bir oy avvalgi keys, “Qo‘yliq bozori” aksiyadorlari bozorning ixtiyoriy tugatilishiga qarshi bo‘lishganiga qaramay, bozorni tugatvorishgani kabi ish tutiladi, masalan.

O‘zi “Yunusobod dehqon bozori” AJ mulki o‘rnida qonunlarni buzmasdan 8 qavatli majmua qurilishi mumkinmi?

Albatta, mumkin. Buning uchun yo “Yunusobod dehqon bozori” AJning o‘zi aksiyadorlari qarori bilan o‘z yoki qarz mablag‘lari hisobiga bu loyihani amalga oshirishi mumkin. Yoki bo‘lmasam, “Yunusobod dehqon bozori” AJning ulushi va mol-mulki, yer maydoni bozor bahosida baholanib ochiq auksionga chiqarilishi varianti ham bor. Bu auksionda “Aloqabank” va uning “xorijiy” sherigi ham ishtirok etishi va ochiq savdoda musobaqalashib, g‘olib bo‘lsa, oshi halol bo‘lsin. Qursin o‘sha sotib olingan maydonga 8 qavatli majmuani. Hisobga olish kerakki, shu bozor hududida bir sotix yer 50 ming dollardan kam emas, demak, bozor o‘rni yer maydonining o‘zi kamida 25 mln.dollar turadi.

Darvoqe, yer maydonlarini atayin qoldirilgan lazeykalar orqali egallab olishga chek qo‘yish vaqti yetmadimi? Balki faqat do‘stlar va cho‘ntaklar foydalanayotgan tirqishlarni yoparmiz va yerni faqat ochiq auksionlarda sotarmiz? Byudjetimiz teshilib yotgan vaqtida ayni kerakli qadam bo‘lardi.

Poytaxt tarixida o‘z o‘rniga ega bozorni katta akalarga tegishli soxta investorlar qo‘liga o‘tib ketmasligi uchun shu postni tarqating.