Jahongir Ortiqxo‘jayev: Qo‘rqish noo‘rin

Tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev O‘zbekistondagi aksar korxonalar JST talablariga javob beradigan mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatiga ega ekanini taʼkidladi. «Katta bir zarar yoki qo‘rqinchli hodisa yuz beradi deb o‘ylamayman», dedi u.

Jahongir Ortiqxo‘jayev O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lishida mamlakat uchun ochiladigan imkoniyatlarni ko‘rish kerakligini taʼkidladi.

Tadbirkor bu haqda 29 noyabr kuni «Toshkent yoshlarni sevadi» oyligi doirasida o‘tkazilgan yoshlar tadbirkorligi yo‘nalishidagi ochiq muloqotda qayd etdi, deb yozmoqda Spot.

JSTga qo‘shilish natijasida chetdan sifatli va arzon mahsulotlar kirib kelsa, mahalliy tadbirkorlar «sinib ketadi degan prognozlar qanchalik o‘rinli?» degan savolga tadbirkor «bu noo‘rin qo‘rquv», deya javob bergan.

«Masalan, tashkilotga aʼzo davlat — AQSHga yangi rahbar Tramp kelyapti. U Meksika bilan Kanadaga bojni 25 foizga, Xitoyga 10 foizga oshirmoqchi. Bu esa JST qoidalariga ziddir. Yaʼni, bitta rahbar almashishi bilan savdo tashkiloti qonun-qoidalarini o‘zgartirishning imkoni yo‘q», — deydi Ortiqxo‘jayev.

Uning aytishicha, Tramp bu orqali Amerika bozorini qaysidir mahsulotlardan himoya qilmoqchi. Yaʼni JStga kirish butun ishlab chiqaruvchilarni himoyasiz qoldirish, davlat o‘zining ishlab chiqarish strategiyasiga ega korxonalarini og‘ir ahvolga tashlab qo‘yadi, degani emas, deya tushuntirdi tadbirkor.

Ortiqxo‘jayev O‘zbekistondagi ko‘pgina korxonalar JSTning har qanday talablariga javob bera oladigan mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatiga egaligini taʼkidladi. «Katta bir zarar yoki qo‘rqinchli hodisa yuz beradi deb o‘ylamayman», dedi u.

Shuningdek, tadbirkor tashkilotga qo‘shilish mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xorijiy davlatlarga ham yetkazib berish, qulay tarzda olib kirishga yordam berishini taʼkidladi.

«Biz importdan emas, bizga ochilayotgan boshqa davlatlarga xursand bo‘lishimiz kerak. Yaʼni, bizning mahsulotlarimizni boshqa davlatlarga ham sotish imkoniyatlarimiz ko‘payadi. Tanganing ikkinchi tomoni bor. Hamma biz yutqazamiz, deb o‘ylashi mumkin, lekin yutadigan joylarimiz ham ko‘p. Va faqat sifat oshadi, xalqqa va davlatga foyda keltiradi», — deya xulosa qildi Jahongir Ortiqxo‘jayev.