SMM kurslarida o‘qiyotgan qizlar o‘zlarini ancha erkin tutib, hayotda yo‘l topishda katta ilhom bag‘ishlayotganini bildirmoqda.
Toshkent shahar hokimligi va Yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan “Toshkent yoshlarni sevadi” oyligi doirasida 1000 nafar qiz uchun 24 modulli SMM kursida bepul darslar o‘tilyapti. Bugun mazkur kursda tahsil olayotgan bir guruh tinglovchilar o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Gulasal Otamurodova (18 yosh):
– Bugun har bir insonning biror-bir ijtimoiy tarmoqda o‘z sahifasi bor. Biror nima xarid qilmoqchi bo‘lsa ham, tarmoqlarda qay darajada trendda ekaniga, izohlarga odamlar qanday fikr bildirayotganiga eʼtibor qaratadi. Bu esa tarmoqlararo biznes yaratish va rivojlantirish imkoniyati allaqachon yangi bosqichda ekanini ko‘rsatadi. Shu sabab menda SMMni chuqur o‘rganishga qiziqish uyg‘ondi. Avval SMMni YouTube platformasidan kuzatib, o‘rganar edim: darslar juda betartib va ayrim qoidalar tushunarsiz bayon qilinardi. Toshkent shahar hokimligi va Yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan tashkil qilingan bepul SMM kurslarida esa tartib bilan olib borilyapti. Shuningdek, har bir qoida birma-bir nazariy va amaliy tarzda o‘rgatilyapti.
– Bu kurs haqida ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalar orqali xabar topdim. SMM kurslari men kabi onalik taʼtilidagi ayollarga, ayniqsa, juda yaxshi imkoniyat taqdim qilyapti. Chunki bu vaqtda ona ishlamaydi, lekin ro‘zg‘orda turmush o‘rtog‘iga yordam bergisi keladi. Men ham onalik taʼtilida ekanimdan foydalanib, turmush o‘rtog‘imga yordam berishni o‘yladim va SMM kurslariga yozildim. Turmush o‘rtog‘im ishlaydigan soha poligrafiya bo‘lgani sababli shu yo‘nalishda tarmoqlarda sahifalar ochib, o‘zim yurgizish niyatidaman. Bu nafaqat turmush o‘rtog‘imning mehnatini targ‘ib qilishga yordam beradi, balki oilaviy byudjetga ham qo‘shimcha daromad olib keladi. Bizga mana shunday imkoniyat yaratib bergan tashkilotchilarga minnatdorlik bildiraman.
Zamira Jo‘rayeva (18 yosh):
– Marketingni bir butun “tort” deb olsak, SMM uning eng asosiy qismi – “qaymog‘i” hisoblanadi. SMM o‘z ichida yana bir nechta tarmoqlarni qamrab oladi. Ularning ichida menga eng ko‘p yoqadigan qismi bu – grafik dizayn. Chunki rasm chizish, loyihalar yaratish, logotiplar tayyorlash kabilarga qiziqishim yuqori. Bu qiziqishlarimni kasbga yo‘naltirishimda SMM kurslari menga katta yordam beryapti. Darslar bepul, shuningdek, mashg‘ulotlar kunning to‘rtta qismida tashkil qilingan va turli hududlarda filiallari mavjud. Bu esa nafaqat uyda o‘tirgan ishsiz qiz-ayollar uchun, balki taʼlim muassasalarida o‘qiydigan qizlar uchun ham juda qulay imkoniyatni taqdim qilmoqda.
Sevinch Norqulova (19 yosh):
– Men fotografiyaga qiziqaman. Lekin yaqinlarim texnika qiz bola uchun emas, deb ko‘p koyir edi. Shunga qaramay, qiziqishlarimni ro‘yobga chiqarish yo‘llarini axtaraverdim. Nihoyat bepul SMM kurslari haqida do‘stlarimdan eshitdim va darhol kursga yozildim. Hozirda ijtimoiy tarmoqlarda maxsus sahifa yaratib, tabiatning insonlar bir qarashda ilg‘amaydigan go‘zalliklarini tasvirlarga muhrlashni, buni shunchaki mobil telefonda ham amalga oshirish mumkinligini o‘rgatuvchi sahifa yuritmoqdaman. Bu blogni yuritishda menga mentorlarimiz – SMM mutaxassislari har tomonlama ko‘mak bermoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, tarmoqlar “tilini” o‘rganish bugun har bir kasb egasi bilishi lozim bo‘lgan ishga aylandi. Shunga ko‘ra, mazkur o‘quv kursi mobaynida tinglovchilarga ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifalarini yaratib, bir oyda o‘rtacha 3 mln so‘mgacha daromad olishlari mumkin bo‘lgan bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha taʼlim beriladi. Bunday tashabbuslar xotin-qizlar uydan chiqmagan holda ham kasb o‘rganib, oilaviy byudjetga o‘z hissalarini qo‘shishga yordam beradi.
Yulduz O‘rmonova, jurnalist