«O‘zbekiston temir yo‘llari» jazoga ham tortilmadi

Bugun deyarli barcha ijtimoiy tarmoqlarda “Metropoliten Yunusobod yoʼli qurilishida halok boʼlgan olti jon uchun, nomiga boʼlsa-da birov javobgarlikka tortilmabdi” deya bong urilmoqda. Mana shunday faol blogerlardan biring fikrlari bilan oʼrtoqlashmoqchimiz: Yunusoboddagi metro qurilishida tuproq ko‘chishi oqibatida olti kishi o‘ldi. Millionlab, milliardlab so‘m sarflab qurilgan shuncha narsa dabdala bo‘ldi. Qurbonlar uchun bir necha yuz million so‘mlab kompensasiya pullari to‘landi. Buzilib ketgan bekatni qayta qurish uchun yana millionlab, milliardlab so‘m pul sarflandi.

Nega shunday bo‘ldi, avariya sababi nima? «Tunnelni ochiq usulda kovlashda texnik xavfsizlik qoidalari buzilgan va qurilish ishlari sifatsiz bajarilgan. Bu mas’ul shaxslar jarayonni yetarlicha nazorat qilmaganligi natijasida sodir bo‘lgan». Kim u mas’ullar  Otabek Alimov — qurilish otryadi boshlig‘i, Saidbek Bobojonov — otryad ish yurituvchisi, Salohiddin Ashurov — otryad ustasi, Bahodir Muhammadrahimov — metropolitendan qurilishga jalb etilgan katta inspektor; xullas, mayda baliqlar.

Eng dahshatlisi, butun boshli tunnelni qazish va uni qurish ishlari sifatsiz bajarilgani uchun mas’ul aybdor shaxslarga (mayda baliqlarga) «O‘zbekiston temir yo‘llari»ning rahbariyati (akulalar) ijobiy tavsifnoma beribdi. «Ha, ular (atigi) olti kishining o‘limiga sabab bo‘ldi, falon milliard qo‘shimcha xarajatga ham tushirdi, lekin o‘zi yaxshi bolalar», degan shekilli.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» qurbonlarning oila a’zolariga yetkazilgan zararni qoplagani, ularning e’tirozlari yo‘qligi va yana boyagi ijobiy tavsifnomani hisobga olib, prokuratura 18 mart kuni — fojia yuz berganidan uch oy o‘tib, jinoyat ishini tugatgan. Hech kim ayblanmagan, hech kim jazolanmagan. Nima degan gap bu? Nomiga bo‘lsa ham jazolanmaydimi birov? (boshqa tomondan, mayda baliqlarga achinasan ham, chunki rasvogarchilikning boshi akulalar).

O‘n minglab odamlarning uyini, tinchini buzgan «Sardoba»ni ham «O‘zbekiston temir yo‘llari» qurgan, qurgach omborni o‘z ixtiyorida saqlab turgan. Hatto o‘ylanmasam ham bo‘ladi — «O‘zbekiston temir yo‘llari» bu fojia aybdorlariga ham ijobiy tavsifnoma bera oladi. Bitta ishni shunday tugata olishibdimi, «Sardoba»ni ham shunday tugata olishadi. Shubha yo‘q.

Axir bu — Yangi O‘zbekiston. Unda aslida bo‘lishi mumkin bo‘lmagan narsalar ham bemalol, xotirjam, yuzsizlarcha bo‘lishi mumkin. O‘zi nega asabiylashyapman — Konstitusiyasi har uch-to‘rt yilda bir o‘yinchoq qilinadigan bu mamlakatda atiga olti kishining o‘limi uchun rasman hech kimning javobgar qilinmasligi, umuman olganda, normal holat.

Mana shunaqa holatlar normallashgani sayin, masalan, omma oldida hakamni tepgan futbolchini afv etishni uning qarindoshlaridan o‘tib, hatto hamkasblarimiz-da so‘rashiga hayron qolmasa ham bo‘ladi. Ha-ya, aytmoqchi, hatto o‘sha kaltak yegan hakam ham futbolchini kechiribdi, mahallasidan so‘rasangiz, ijobiy tavsifnoma ham berishsa kerak.

Essiz, essiz…