Pampers vositasida talanayotgan o‘zbekistonliklar haqida

Behzod Hoshimov yozayapti:

“O‘zbekistonda pamperslar juda juda qimmat.

AQShga solishtirsak albatta.

Pamperslarga bojlar solish haqida faqat yomon so‘zlar gapira olaman. Neytral so‘z emas. Hissiyotlarga berilaman.

Sabrim chidamaydi.

Pamperslarni yuvib ishlatadiganlar juda ko‘p haliyam”.

Karantin cheklovlari sababli, tushunarli sabablarga ko‘ra, 2020 yilda rekord darajada tug‘ilishlar ro‘y berdi. Mamlakat tug‘ilish platosiga chiqayotgani inobatga olinsa, 2020 yil rekordi 2021 yilda yana yangilanadi.

Yuqori darajada qashshoqlik tufayli aksariyat aholi qatlamlarining pampersga imkoniyati yo‘qligi, ayollar mehnati shafqatsiz ekspluatatsiya qilinishi tufayli ular chaqaloqlarni beshikka belashga majburligi va beshikka bog‘langan bolalarning jismoniy va ruhiy mutelikka mahkumligi  haqida yozmoqchi emasman hozir.

O‘zbekistonda pamperslar davlatning mahalliylashtirish siyosati tufayli qimmatligi haqida yozmoqchiman. Keling, xalqni qashshoqlashtirishga eltgan bu ahmoqona va razil siyosat qanday boshlanganini eslaylik:

1.Nolinchi yillar o‘rtalarigacha pampersga boj umuman bo‘lmagan, aholi xarid qobiliyati ham past darajada bo‘lgan va tabiiyki pampers deyarli import qilinmagan.

2. 2007-2008 yillarda aholi xarid qobiliyati keskin o‘sishni boshlagan, o‘z-o‘zidan importga talab ortgan, turmush darajasi ortishi, tug‘ilish ortishi ketidan pampers importi hajmi o‘sa boshlagan. Qoloq va yopiq mamlakatlarda o‘sish zonalarida monopol egalari parazitdek paydo bo‘ladi odatda. 2009-10 yillarga kelib, ikkita yo uchta pampers qirollari O‘zbekistonga pampers importini to‘liq o‘z nazoratiga olishgan.

3. 2011-12 yillarda konvertatsiya cheklovlari rosa avjiga chiqqan paytda konvertatsiyani faqat texnologiyaga yoki import mahsulotlarni  mahalliylashtirish uchungina olish mumkin edi. Pampers qirollari bundan ustalik bilan foydalanishgan va asosan past sifatga ega yarim tayyor pampers mahsulotlarni xom-ashyo sifatida keltirib milliy brend yorlig‘ida chiqarishga o‘tishgan. Ayni vaqtda ular importni ham to‘xtatmagan. Bozordagi talab segmentlashganidan foydalanib foydasini yana-da ko‘paytirishgan.

4. Sifatsiz “mahalliylashtirilgan” pamperslarni agar chegaralar yopilmasa, faqat detdomlarga yoki qariyalar uyiga o‘tkazish mumkin edi. Bozorda ularni sotib bo‘lmasdi, importga sifatdayam, narxdayam raqobat qila olmasligi uchun. Tabiiyki, pampers qirolllari “ichki bozorni himoya qilish uchun” va boshqa importerlarni sindirish maqsadida boj lobbisini ko‘tarishgan. “Ichki bozorni himoya qilish” shiori qaysi o‘g‘ri chinovnikka yoqmaydi, ayniqsa bu unga moddiy manfaatli bo‘lsa?

5. 2017 yilga kelib konvertatsiya cheklovlari olib tashlandi. Lekin pampers importi bilan shug‘ullanuvchi yangi importerlar paydo bo‘lgani yo‘q, bunga uringanlari ham o‘g‘ri chinovniklar bilan kelishilgan holda bemalol “sindirib yuboriladi”. Chunki ular uchun ajdarhocha bojlar va notarif cheklovlarning qo‘llanilishi kifoya.  Mahalliy mahsulot ishlab chiqaruvchi pampers qirollari esa “xom-ashyo importi” niqobi ostida bemalol pampers importi bilan ham mashg‘ul. Boshqacha aytganda, pampers ishlab chiqarishni “mahalliylashtirganlar” importni ham o‘zaro bo‘lib olishgan, ular feʼlan boj to‘lamasdan import qila oladilar.

Siz “mahalliylashtirish” lo‘ttibozliklari faqat mahalliy avtosanoat va elektrosanoatda bor deb o‘ylaganmidingiz?