Markaziy Osiyo davlatlarining Rossiya va Xitoyga iqtisodiy qaramligi ortmoqda

Materialni yaxshi xabardan boshlasak, bundan avvalroq “Jahon banki 2021-22 yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy o‘sish prognozini eʼlon qilganida, Jahon banki tomonidan O‘zbekiston va Qirg‘iziston uchun iqtisodiy o‘sish prognoz qilingan edi. Biroq bu o‘sishning asosiy sharti – Kovidga qarshi emlashning muvaffaqiyati bilan belgilangan edi.”

Afsuslanarligi shundaki, Xalqaro valyuta fondining maʼlumotlariga ko‘ra, 2020 yilda daromadlar tengsizligi avvalgi moliyaviy-iqtisodiy inqirozlar davriga nisbatan keskin o‘sgan. “Pandemiya” ko‘plab mamlakatlar o‘rtasidagi tengsizlikni yana-da kuchaytirdi, rivojlanayotgan mamlakatlarning tengsizlikni kamaytirish bo‘yicha amalga oshirib kelayotgan islohotlarini va o‘nlab yillar davomida erishgan yutuqlarini bekor qilib yubordi.

Bundan tashqari, ishchilar sinfining eng zaif qatlamlarini ish bilan taʼminlagan “yashirin” iqtisodiyot katta zarar ko‘rdi. Dunyo bo‘ylab qariyb 2 milliard kishi norasmiy ravishda ijtimoiy himoya yoki imtiyozlardan foydalanish imkoniyati cheklangan holda ishlaydi.

2022 yilga kelib, “pandemiya” taʼsiri ostida 150 million kishi qo‘shimcha ravishda qashshoqlikka uchraydi, deya taxmin qilmoqda Jahon banki tahlilchilari.

Biroq, butun dunyo pandemiyaning iqtisodiy oqibatlari bilan kurashar ekan, Xitoyning jahon bozoridagi ulushi texnologik sanoat va shaxsiy himoya vositalari savdosi ortidan tobora o‘sib bormoqda.

Pandemiya Markaziy Osiyoning avvaldan iqtisodiy zaif mamlakatlari uchun ijtimoiy-iqtisodiy falokatga aylandi.

Mintaqadagi eng og‘ir damlardan bo‘lgan bunday vaziyatda yordam berish o‘rniga, qo‘shni Rossiya va Xitoy, ayniqsa Qirg‘izistondagi vaziyatni yana-da og‘irlashtirdi, deydi kuzatuvchilar.

Nafaqat Qirg‘iziston balki, mintaqadagi Tojikiston ham iqtisodiy ahvoli yaxshi emas.

Markaziy Osiyodagi pandemiya ayniqsa kichik biznes egalari, (farroshlar, sartaroshlar kabi) norasmiy ishchilar va ayollarni qiyin ahvolda qoldirdi, degan edi Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) taraqqiyot dasturi mutaxassisi Mixail Pelia dekabr oyida.

BMTga ko‘ra, 2020 yilda Markaziy Osiyodagi eksport hajmi 24 foizga pasaygan.

Markaziy Osiyoning iqtisodiy dvigateli bo‘lgan Qozog‘iston neftning arzonlashuvidan zarar ko‘rgan bo‘lsa, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston kabi boshqa davlatlarda Rossiyadagi migrantlardan kelib tushadigan pul o‘tkazmalari miqdori kamaygan.

Migrantlar o‘z uylariga yuboradigan oz miqdordagi pul o‘tkazmalari Qirg‘iziston va Tojikiston YAIMning uchdan birini tashkil etadi. BMTga ko‘ra, bu davlatlar xorijdan keladigan pul jo‘natmalariga qaram bo‘lgan dunyodagi besh mamlakat sirasiga kiradi.

Pandemiyadan eng ko‘p zarar ko‘rgan mamlakatlardan biri – Qirg‘izistonning yalpi ichki mahsuloti 2020 yilning birinchi yarmida 5 foizdan ko‘proqqa kamaygan, deb xabar beradi 24.kg nashri.

Juda zarur bo‘lgan tashqi moddiy yordam

Tarixdagi og‘ir va misli ko‘rilmagan bu pallada Markaziy Osiyoga moddiy yordam juda zarur edi. Ayniqsa, mintaqa bilan iqtisodiy bog‘langan qo‘shni Rossiya va Xitoydan yordam kelishi kutilgan edi.

Ammo, ko‘p yillardan beri Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan mustahkam do‘stona munosabatlar, birodarlik aloqalari va o‘zaro quvvatlovni taʼkidlab kelgan Moskva va Pekinning siyosiy qarorlari favqulodda vaziyatda yordamdan ko‘ra ko‘proq zarar keltirgani tasdiqlandi.

Bahorda Rossiyadan mehnat migrantlarining yoppasiga qaytib kelishi Qirg‘izistonda ishsizlikni kuchaytirdi. Pandemiya sababli joriy qilingan karantin choralari ortidan ishsiz qolgan minglab mehnatkashlar Rossiyada qola olmadilar. Rossiya aviakompaniyalarining reyslarni bekor qilishi va chipta pullarini qaytarishdan bosh tortishi oqibatida ularning ko‘pchiligi pulsiz qolgan.

Qirg‘izlarning mehnat migratsiyasiga bog‘liqligi Moskva uchun Qirg‘izistonga bosim o‘tkazish vositasi bo‘lib xizmat qiladi, deydi bishkeklik iqtisodchi Elmira Suranchiyeva.

«[Rossiya prezidenti Vladimir] Putin Qirg‘iziston Rossiyadan kelib tushadigan pul o‘tkazmalariga qanchalik qaramligini biladi», dedi u. «U qirg‘iz migrantlari uchun mehnat sharoitlarini og‘irlashtirish bilan bosim o‘tkazishi mumkin», deb qo‘shimcha qildi u.

«O‘tgan yil mart oyida yuzaga kelgan vaziyat mamlakatimiz uchun bunday choralar qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligiga misol bo‘la oladi.»

Shafqatsiz Xitoy

Xitoy rejimi ham Qirg‘izistonning musibatiga o‘z hissasini qo‘shdi.

COVID-19 bilan bog‘liq kasallanish va o‘lim holatlarining ko‘payishi, qashshoqlikning kuchayishi fonida ichki ijtimoiy-iqtisodiy muammolariga eʼtibor qaratish bilan bir qatorda, Bishkek oldida tashqi qarzlarini to‘lash masʼuliyati ham bor edi.

Qirg‘iziston moliya vazirligiga ko‘ra, o‘tgan yilning iyun oyi holatiga Qirg‘izistonning tashqi qarzi 4,1 milliard AQSh dollarini tashkil qilgan, shundan 1,8 milliard AQSh dollari Xitoyning Eksport-import banki oldidagi qarzdir.

Xitoy Qirg‘izistonning eng yirik kreditori hisoblanadi. 2020 yilda Bishkek bir necha marotaba Pekindan «Qirg‘izistonning Xitoy oldidagi tashqi qarzi bo‘yicha to‘lovlarni yengillashtirish va to‘lov muddatini uzaytirishni» so‘ragan.

Pekin bu iltimosni rad etgan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Pekinning murosasizligi Xitoy uchun manfaatli infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun qirg‘izlarga bosim o‘tkazish imkonini beradi.