Yangi tarix ijtimoiy tarmoqlar orqali shakllantirilmoqda (mi?)

Ijtimoiy tarmoqlarda kishilarning o‘zini-o‘zi namoyish qilishi(self presentation) hozirgi raqamli-reallik sharoitida zamondoshlar kundalik hayotini o‘rganish uchun qo‘l keladi.

Kundalik hayot tarixchisi uchun ijtimoiy tarmoqlar ko‘ngilochar va bo‘sh vaqt o‘tkaziladigan joy emas, tadqiqotda qo‘l keladigan ulkan resurs va qimmatli manbadir.

Maʼlumki, kundalik hayot tarixi – bu tarixiy bilimlarning nisbatan yangi paradigmasi bo‘lib, uning tadqiqot obyekti – tarixiy, madaniy, siyosiy, etnik va konfessional kontekstdagi insonning kundalik turmushiga daxldor voqea – hodisalar hisoblanadi. Kundalik hayot tarixining tadqiqot markazida turli ijtimoiy qatlam vakillarining turmush tarzi va uni namoyish etuvchi, takrorlanib boruvchi holatlarni o‘rganish, jumladan, turli voqealarga nisbatan hissiy reaksiyalar va xulq-atvor motivlari turadi.

Fikrimizcha, kundalik hayot tor doiradagi xususiy tadbirlar, shaxsiy kundalik turmush, kasbiy faoliyat va bo‘sh vaqtni o‘z ichiga oladi. Boshqacha aytganda, kundalik hayot tarixi yonimizdagi, atrofimizdagi oddiy kishilarning mikrotarixidir.

O‘zbekiston jamiyatining kundalik hayoti tarixini etnologiya kontekstida tadqiq qilish maqsadga muvofiqdir. Nega deganda, aynan shunday yondashuv faqat bizning mentalitetimizga xos jihatlarni to‘laligicha ko‘rsatib bera oladi.

Mazkur maqolaning tadqiqot obyekti sifatida bugun eng ommalashgan ijtimoiy tarmoqlardan biri – TikTokdagi videoroliklar, predmet sifatida esa ushbu tarmoqning faol foydalanuvchisi, Andijon viloyatida istiqomat qiluvchi o‘rta yashar (1975 yilda tavallud topgan), Guljamol ismli tadbirkor ayol tanlandi. Hozirgi kunda ommabop TikTok ijtimoiy tarmog‘i prizmasi orqali jamiyatimizdagi o‘rta sinf vakilining kundalik hayotini namoyish etish maqola maqsadi etib belgilandi.

Qisqacha TikTok ijtimoiy tarmog‘i haqida to‘xtalsak. TikTok Pekindagi ByteDance kompaniyasiga tegishli qisqa metrajli (60 soniyagacha) videofilmlarni yaratish va ko‘rish uchun mo‘ljallangan servisdir. Uning 2018 yil yozida ishga tushirilgan xalqaro versiyasi hozir jahondagi yetakchi video platforma hisoblanadi. 2021 yilning fevral holatiga ko‘ra, TikTok obunachilari soni 1 mlrd. dan oshdi. Ushbu ijtimoiy tarmoq tahlili kundalik hayot tarixini o‘zgacha nuqtai nazardan ko‘rishga imkon berdi va shu maqsadda muallif TikTok platformasining O‘zbekiston auditoriyasini tadqiq qildi. Jumladan, tiktokerlarning kundalik hayoti va turmush tarzi haqida vizual hikoya qiluvchi videolavhalar o‘rganildi.

Maʼlumki, O‘zbekiston jamiyati o‘z mohiyatiga ko‘ra, sharqona urf-odatlarga amal qilib, ming yillik axloqiy negiz va anʼanalari bilan g‘arb dunyosidan ajralib turadi. Biroq, axborot sivilizatsiyasining yangi tendensiyalari uning hozirgi mazmuniga taʼsir etmay qolmadi.

TikTok media makonini atroflicha va batafsil o‘rganish uchun uning kontenti shartli ravishda quyidagi mavzularga ajratildi:

• trendlar (chellenj, tresh, duetlar, reaksiyalar, lip sink va hokazo)

• hajviy

• ijtimoiy

• diniy

• Beauty (go‘zallikka oid)

• tajovuzkor

• siyosiy karikatura

• shaxsiy hayotni namoyon qilish.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, bizning tushunchamizda kundalik hayot subyekti sifatida alohida shaxs maydonga chiqadi. Darhaqiqat, biror kishining kundalik hayoti hech bo‘lmaganda jinsi, yoshi, maʼlumoti, oilaviy sharoiti, millati, dini, asosiy faoliyat turi, yashash joyi, ijtimoiy kelib chiqishi va boshqa omillarga bog‘liq. Xususan, tadqiqot subyektini kuzatish davomida quyidagilar aniqlandi: ismi – Guljamol, jinsi – ayol, yoshi – 45, oilali – bir o‘g‘il, ikki qiz va uch nabirasi bor, mashg‘uloti – xususiy tadbirkorlik, yashash joyi – Andijon shahri.

Kundalik hayotni tahlil qilish uchun manbani batafsil taʼriflashning o‘zi yetarli emas, albatta. Buning uchun aytilmay qolgan yoki namoyish etilmagan jihatlarni hisobga olib, uning ichki maʼnosiga kirib borish kerak. Ushbu kichik tadqiqotning subyekti bo‘lmish Guljamolga tegishli videolavhalar viloyatlarda istiqomat qiluvchi o‘rtacha daromadli o‘zbek ayolining turmush tarzi, dunyoqarashi va hayotiy pozitsiyasi haqida yetarlicha tasavvur hosil qilishga ko‘mak beradi.

Eng yangi davr tarixchilaridan farqli o‘laroq, o‘tmishning kundalik hayotini tadqiq qiluvchi olimlar unga “savol berish” imkoniyatiga ega emas. Hozirgi davrning kundalik hayotini o‘rganish uchun zamonaviy tarixchilar internet-resurs kabi noyob manbaga egadir.

Chekka hududlardagi ayollarning kundalik hayoti o‘rganilar ekan, ularning kasbiy faoliyati emas, balki yashash joyi bilan bog‘liq turmush sharoiti tadqiqot markazida turishi kerak. Video va jonli efirlar – bu kundalik hayotning o‘ziga xos mikrotarixidir.

Guljamol shaxsiy hayotining vizual hikoyasi 2020 yil may oyidan, yaʼni uning TikTokda akkaunt ochgan kunidan boshlangan. Guljamolning kundalik turmush tarzini o‘rganish natijasida tadqiqot uchun qiziqarli materiallar olindi, ularning tahlili esa so‘nggi yillarda O‘zbekistonda o‘rta yashar tadbirkor ayollarning muayyan bir toifasi shakllanganini ko‘rsatdi.

Mamlakatda aholi soniga nisbatan ish o‘rinlarining yetishmasligi hech kimga sir emas, ayniqsa viloyatlarda, chekka joylarda istiqomat qilayotganlar uchun. Yaʼni, ishsizlik darajasi hamon yuqoriligicha qolmoqda. Bu holat fuqarolarning boshqa davlatlarga chiqib ketishiga asosiy sababdir. Rasmiy manbalarga ko‘ra, xorijda ishlayotgan mehnat muhojirlarining katta qismini Farg‘ona vodiysi aholisi tashkil qiladi.

Guljamolning TikTokdagi kundalik videolarini kuzatish uning shaxsiy hayoti bilan bog‘liq o‘ziga xos mikrotarixni reprezentatsiya qilish uchun asos bo‘ldi.

Guljamol Andijon shahrida, ziyoli oilasida dunyoga kelgan (videolavhalardan birida otasining tarixiy kitob muallifi haqidagi fakt keltirilgan). Baxtli turmushda yashagan, to‘rt nafar farzandning onasi bo‘lgan. Ammo 2015 yilda fojia yuz berib, turmush o‘rtog‘i va qizi bevaqt vafot etadi. Shu voqea Guljamolning hayotini tubdan o‘zgartirib yuboradi. Farzandlarini oyoqqa turg‘azish uchun u Turkiyaga ketishga majbur bo‘ladi va ushbu mamlakatda xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. Turkiyada bo‘lajak turmush o‘rtog‘i – o‘zidan ancha yosh, turk millatiga mansub erkak bilan tanishadi. Bugun ular rasmiy nikohdan o‘tishgan va Turkiyaga jo‘nab ketish arafasida turishibdi.

Maʼlumki, kundalik hayot madaniyati aniqlikka yo‘naltirilgani bilan alohida ajralib turadi va kundalik turmushda qadr-qimmatga ega unsurlar – oziq-ovqat, ichimlik, ro‘zg‘or buyumlari, uy-joy, kiyim-kechak, vaqt ritmlari, muloqot qadriyati, bo‘sh vaqt va boshqalarning semiotik ifodasi majmui hisoblanadi. Va eng asosiysi, odamlarning kundalik hayoti, asosan, ularning shaxsiy xonadonida kechadi. Guljamolning uyi zamonaviy va anʼanaviy uslubda jihozlangan, muzlatgichi oziq-ovqat mahsulotlariga to‘la oddiy shahar kvartirasidir. Uning buyumlari va kiyimlariga kelsak, u zamonaviy moda tendensiyalariga amal qiladi, buni kiyinish uslubi, bo‘yanishi va soch turmagi ham tasdiqlab turibdi. Qolaversa, Guljamolning shaxsiy avtoulovi, internet do‘koni va fermasi ham bor. Ayni jihatlar uning ijtimoiy mavqeining muhim ko‘rsatkichidir.

Guljamolning jonli efirlarini kuzatib borgan holda muallif quyidagi xulosaga keldi: ko‘p yillar davomida odamlarning, ayniqsa, ayollarning turmush tarzi, dunyoqarashi va munosabatini belgilab beruvchi O‘zbekiston jamiyatida o‘rnatilgan odob-axloq stereotiplariga qaramay, qahramonimizni self-made women deb atash mumkin. Boshqacha aytganda, Guljamol o‘zini-o‘zi shakllantirgan ayol.

Kundalik hayot tarixini ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘rganish yangicha tadqiqot usullari va yondashuvlarni talab qiladi. Nega deganda, bunday tarix o‘zgacha uslubda va o‘zgacha “tilda” yozilishi kerak, yaʼni tadqiqotchi bu ishga emotsional mazmun baxsh etishi kerak bo‘ladi.

Avval aytib o‘tilganidek, TikTok ijtimoiy tarmog‘i bugungi kunda eng ommabop videoplatformalardan biri. Mazkur platformaning oddiyligi va ko‘p funksiyaliligi turli yoshdagi, maqomdagi kishilar undan foydalanishini yengillashtiradi. Bu esa nafaqat shahar, balki qishloq aholisining, mazkur media maydonda o‘z hayoti, kundalik turmushi bilan bog‘liq voqea-hodisalar, to‘y va boshqa oilaviy tadbirlar, xo‘jalik yuritish, savob va xayrli amallar haqida videolavhalar namoyish etish imkonini beradi.

TikTokda yana bir auditoriya bor, ular – xorijdagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari. Kundalik hayot tarixi global emas, mikrotarix, buyuk insonlar emas, “kichik”, oddiy odamlar tarixi bo‘lgani bois, mehnat muhojirlari mikrotarixchilar uchun tadqiqot obyekti va subyekti vazifasini o‘tashi mumkin.

Muallif: Iroda Shamsiyeva – tarix fanlari nomzodi, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti dotsenti