Markaziy Osiyodagi anklavlar masalasi

2016 yildan so‘ng Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarda yangi davr boshlanganini bugun ko‘pgina ekspertlar yakdil eʼtirof etmoqda.

Xususan, joriy yilning 11-12 mart kunlari Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi chog‘ida ikki davlat rahbarlari chegaraviy muammolarni yaqin uch oy ichida hal qilishga kelishib olgandi. Tomonlar O‘zbekiston va Qirg‘iziston hududidagi anklavlarga transport qatnovini tiklash uchun o‘zaro yer almashishga tayyor ekanini ham maʼlum qilgan. Eʼtiborlisi, bu safargi bayonot faqat qog‘ozda qolib ketgani yo‘q.

1 aprel kuni Qirg‘iziston orqali o‘tgan So‘x – Rishton yo‘lining o‘n yillik tanaffusdan so‘ng qayta ochilgani Mirziyoyev va Japarov o‘rtasidagi kelishuv nechog‘liq qatʼiy ekanini ko‘rsatdi. Mazkur vaziyat yuzasidan mintaqaviy masalalar bo‘yicha ekspert, siyosatshunos, falsafa fanlari nomzodi Ravshan Nazarovga bir qancha savollar bilan murojaat qildik.

— Sovet davlati parchalangach, O‘zbekiston tarkibidagi ayrim tuman va qishloqlar qo‘shni respublikalar hududida qolib ketdi. Ularning aksariyati Farg‘ona vodiysida joylashgan. Yuqori doiralarda anklavlar masalasi bir necha bor ko‘tarilgan. Lekin shu choqqacha muammo hal qilinmay qolaverdi. Sizningcha, nega?

— Avvalo aytish joiz, anklavlar faqat Markaziy Osiyoga xos bo‘lgan qandaydir fenomenal hodisa emas. Dunyo bo‘yicha yuzdan ortiq anklav mavjud. Baʼzilari chindan ham bahsli hudud hisoblansa, boshqalari hech qanday nizolarsiz shu maqomini asrlar davomida saqlab kelmoqda.

Demak, anklavlarga faqat muammo sifatida qaramaslik kerak. Mazkur masalani ortiqcha siyosiylashtirishga ham o‘rin yo‘q. “Davlat chegarasi” tushunchasi borki, anklavlar doimo yuzaga kelaveradi.

Ilmiy istilohda “anklav” bilan birga “eksklav”, “yarim anklav”, “yarim eksklav” atamalari ham qo‘llaniladi.

 Anklav bir mamlakatning boshqa mamlakat tarkibiga kiruvchi qismidir. Bunga Farg‘ona viloyatining So‘x tumanini misol qilib keltirish mumkin. Ushbu hudud to‘rt tomondan Qirg‘iziston Respublikasi chegaralari bilan o‘ralgani bois, Qirg‘iziston uchun anklav hisoblanadi. Biroq O‘zbekiston uchun u eksklav. Eksklav deb mamlakatning boshqa mamlakat hududi bilan ajratilgan qismiga aytiladi.

Baʼzi hollarda muayyan hudud eksklav maqomiga ega bo‘laturib, anklav hisoblanmasligi mumkin. Rossiya Federatsiyasining Kaliningrad viloyatini olaylik. U Rossiyaning asosiy hududidan ajralib qolgan, shunga qaramay, anklav emas. Sababi Kaliningrad naq ikkita mamlakat – Litva va Polsha bilan chegaradosh, uchinchi tomoni esa dengizga tutashgan. Suv yo‘llariga chiquvchi hududlar yarim anklav yoki yarim eksklav, deb yuritiladi. Chunki ular orqali davlat chegarasidan bevosita tashqariga chiqish imkoni mavjud.

Bir vaqtlar hatto Germaniya, Fransiyaning ayrim yerlari Buyuk Britaniya tarkibiga kirgani, keyinchalik bahsli hududlarga aylangani va oxir-oqibat, Angliya-Fransiya o‘rtasidagi Yuz yillik urushni keltirib chiqarganini hozir ko‘pchilik eslamasa kerak. Tarixda bunday voqealar ko‘p bo‘lgan. Ne-ne jangu-jadallarni boshidan o‘tkazgan Markaziy Osiyo mintaqasida ham turli davrlarda katta-kichik anklav hamda eksklavlar yuzaga kelgandi.

Xalqaro tajribada bahsli hududlar muammosini hal qilishning bir qancha yo‘llari mavjud. Hududlar almashinuvi, anklavda istiqomat qiluvchi aholini boshqa joyga ko‘chirish yoki aholi ayirboshlash amaliyoti shular jumlasidan.

1971 yilgacha Bangladesh Pokistonning eksklavi bo‘lgan (u Sharqiy Pokiston, deb nomlanardi). Bangladesh Respublikasi mustaqillikni qo‘lga kiritgach, Pokiston tarkibidan ajralib chiqadi. Shunda ham uzoq vaqtgacha mamlakatdagi 92 ta qishloq Hindiston hududi, 106 ta hind qishlog‘i esa Bangladesh hududi bilan o‘rab olingan edi. 2015 yilda ikki tomon ushbu aholi punktlarini ayirboshlash bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishgan.

Dunyoda chegarasi aniq belgilab qo‘yilgan, hatto ma’muriy-siyosiy birlik maqomiga ega bo‘lgan anklav va eksklavlar mavjud. Lekin shunda ham muammo to‘liq bartaraf etilmasligi mumkin. Rivojlangan davlatlar, xususan, Yevropa mamlakatlari tajribasi buni yaqqol ko‘rsatib turibdi. Aytaylik, Bel’giya va Gollandiya, Germaniya va Bel’giya, Daniya va Germaniya, Fransiya va Italiya, Ispaniya va Fransiya o‘rtasidagi chegaraviy nizolar hali-hanuz tingani yo‘q.

Markaziy Osiyo mintaqasiga kelsak, 1991 yilgacha biz uchun davlat chegaralarani rasmiylashtirish masalasi hech qanday ahamiyat kasb etmasdi. Chunki barcha sosialistik respublikalar SSSR tarkibida bo‘lgan. Davlat chegaralarini qat’iy belgilash zarurati ular mustaqillikka erishgandan keyingina yuzaga keldi. Biroq delimitasiya va demarkasiya ishlari o‘z vaqtda to‘liq bajarilmagan. Mazkur jarayon paysalga solinganining bir qator ob’ektiv va sub’ektiv sabablari bor.

— Aynan qaysilarni nazarda tutyapsiz?

— Anklavlar muammosi Qozog‘istondan tashqari boshqa barcha qo‘shni davlatlar bilan viza rejimini joriy qilganimizdan so‘ng bo‘rtib chiqdi. Qo‘shnilardan uzoqlashish siyosati anklav va eksklavlar aholisini mamlakat hududi bilan bog‘lab turgan transport yo‘laklarining uzil-kesil yopilishiga olib keldi.

Vaholanki, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan munosabatlarimiz taranglashgan bir davrda O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasidagi yarim anklavlar muammosi muvaffaqiyatli hal etilganini yaxshi eslayman. Masalan, Sirdaryo suv ombori tomonidan Qozog‘iston bilan chegaradosh Maktaaral (sobiq Paxtaorol) tumani, shuningdek, Arnasoy qishlog‘ida yashab kelgan qozoq millatiga mansub aholi mamlakatning boshqa hududlariga ko‘chirib yuborilgan.

Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasidan 4,5 kilometr uzoqlikda joylashgan So‘x tumani ham maydoni, ham aholi soni bo‘yicha Markaziy Osiyodagi eng yirik anklav hisoblanadi. Qolganlari asosan ming nafargacha fuqaro yashaydigan mayda qishloqlardan iborat. Mazkur hududlarda muammoni hal etish osonroq.

So‘x – Rishton yo‘lining ko‘p yillar davomida tamballab qo‘yilganiga 1999 yilgi Botken voqealari ham sabab bo‘lgandi. O‘shanda bir guruh terrorchilar Afg‘oniston va Tojikiston orqali Qirg‘izistonning O‘sh viloyatidagi Botken tumanigacha (hozir mazkur ma’muriy birlik viloyat maqomiga ega) yetib olib, O‘zbekiston chegarasidan o‘tishga harakat qilgan. Shu kabi tashqi tahdidlarni qaytarish maqsadida mamlakat rahbariyati keskin choralar ko‘rishga majbur bo‘lgan.

— So‘x faktori davlat elitalari qo‘lida “siyosiy instrument” bo‘lib qolganiga doir taxminlar ham yo‘q emas. Bu haqda nima deya olasiz?

— Men bunday konspirologik farazlarga qo‘shilmayman. Har qaysi sohada bilim va mahorat birlamchi ahamiyatga ega. Siyosiy texnologiyalarni ham uquvi bor insonlar ishlatgani ma’qul. Siyosat bilan duch kelgan kishi shug‘ullanmasligi kerak. Aks holda, oxiri voy bo‘ladi.

Inkor etmayman, Qirg‘izistonda rahbariyatning tez-tez o‘zgarishi chegaraviy muammolarni biryoqlama qilishga imkon bermadi. Zotan, davlatlararo munosabatlarga doir masalalar yuzasidan optimal kelishuvga erishish uchun kelishadigan sub’ektning o‘zi aniq bo‘lishi kerak. Siyosiy beqarorlik sharoitida esa buni amalga oshirish nihoyatda mushkul.

Yana bir gap. Bahsli hududlar bo‘yicha nafaqat prezidentlar, balki quyi pog‘ona rahbarlari ham faollik, tashabbuskorlik ko‘rsatmog‘i darkor. Chunki minglab insonlar taqdiriga daxldor bo‘lgan mintaqaviy mammolarga markazdan turib qarash boshqa, hammasini joyida turib xulosa chiqarish boshqa.

— O‘zbekiston va Qirg‘iziston liderlari mart oyida chegaraviy masalalar bo‘yicha bir to‘xtamga kelganini ma’lum qildi. Sadir Japarov administratsiyasi mazkur jarayonni oxirigacha olib borishiga qanchalik ishonch bor?

— Men bunga qattiq umid qilyapman. Lekin bir narsani e’tiborga olish kerak, Sadir Japarov prezident lavozimiga yaqindagina kirishdi. Uning komandasi hali yangi. Muammo yechimiga faqat davlat rahbari xohish-istak bildirishi yetarli emas. Anklav hududlar bilan bog‘liq vaziyatni ichdan o‘rganish, his qilish kerak. Harqalay, tomonlar bu masalada yakdil ekani, kuchli siyosiy iroda ko‘rsatayotgani katta gap.

Ilgari mana shu istak ham yo‘q edi, menimcha. Real istak bilan birga, real imkoniyatlar ham bo‘lmagandir, ehtimol.

Hozirda Qirg‘iziston bilan davlat chegaralarini delimitasiyalash jarayonlari to‘liq yakuniga yetkazildi. Lekin bu chegalar faqat xaritada belgilab olinganini anglatadi. Navbatda demarkasiyalash jarayoni turibdi, ya’ni chegaralar amalda belgilab olinishi kerak. Buning ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Harqalay, uzoq yillik orzular tez fursatda ro‘yobga chiqishiga ishonchim komil.

Muallif: Nargiza Umarova