Imkoniyati cheklangan o‘quvchilar uchun onlayn taʼlim sifati qoniqarlimi?

Anastasiya, psixik rivojlanishi sust tashxisi qo‘yilgan Vladimirning onasi:

– Biz masofaviy darslarda ishtirok eta olmadik, negaki, mening sensor ekranli telefonim ham, internetim ham yo‘q. Oyda bir yo ikki marotaba maktabga borib, ustozlardan vazifalar olib keldim va uni o‘g‘limga o‘rgatdim. To‘g‘ri, bu juda kam foyda beradi, ammo men kabi doimiy moddiy taʼminotga ega bo‘lmagan yolg‘iz onalar uchun boshqa biror choraning o‘zi yo‘q. Buning ustiga pandemiya davrida ishsiz qolib, homiylar yordami evaziga kun kechirdik. Menimcha, masofaviy taʼlimga o‘tishga majbur bo‘lganimizda hamma uchun birdek sharoit yaratilishi kerak. Masalan, biz singari ijtimoiy himoyaga muhtoj, yolg‘iz onalarning farzandlari uchun vaqtinchalik foydalanishga bo‘lsa ham planshet yoki kompyuter berib, internet trafiklari uchun oylik to‘lovlarda sezilarli chegirmalar qilib qo‘yilsa, yaxshi bo‘lardi. Bu, menimcha, juda katta mablag‘ talab qilmaydi.

O‘zbekiston Konstitutsiyasida barcha uchun taʼlim olish huquqi kafolatlangan. Va shunga asosan, milliy qonunchilikda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun taʼlim-tarbiya olishda teng huquqlar belgilangan. Aslida, aqli zaif yoki jismoniy imkoniyati cheklangan o‘quvchilarning ilm-hunar o‘rganishiga alohida eʼtibor qaratish mamlakat taʼlim tizimidagi eng dolzarb vazifalardan biri bo‘lishi lozim. Chunki, bunday tashxis bilan yashayotgan bolalar uchun ilm olish yoki hunar o‘rganish hayot-mamot masalasidir. Imkoniyati cheklangan bolalar oddiy bolalarga qaraganda ko‘proq eʼtiborga muhtojligi bois, ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy moslashuvi va jamiyatga integratsiyalashuvini taʼminlash zarur.