V.L. Kvinting “Amir Temurning strategik yetakchiligi: Tuzuklarga sharhlar” kitobiga taqriz

Professor Vladimir Lvovich Kvintning kitobi bizga Moskva knyazi Dmitriy Ivanovich Donskoyning (1350-1389) zamondoshi bo‘lgan buyuk davlat arbobi Amir Temurni (1336-1405) faylasuf va strateg sifatida ochib beradi.

Davlat arbobi sifatida Amir Temur Markaziy, Janubiy va G‘arbiy Osiyo tarixiga kuchli taʼsir o‘tkazganligi, jang-u jadallarda chiniqqan, yaxshi qurollangan armiyaga asos solganligi, mamlakatda feodal boshboshdoqlik va ichki urushlarga yakun yasaganligi, tinchlik o‘rnatgani va mamlakatning keyinchalik rivojlanishi uchun barcha harakatlarni qilganligi bilan mashxur.

Ammo Amir Temur tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan strategik asar – Tuzuklar – qonun va qoidalar birlashmasini qoldirganligi haqida ko‘pchilik bilmaydi. V.L. Kvint Tuzuklarga hozirgi zamon nuqtai nazaridan sharh berar ekan, strategiya falsafasini jonli mantiqiy zanjirga bog‘laydi, 600 yil avvalgi fikrlarning bugungi kunda ham dolzarbligini yaqqol namoyon etadi, barcha darajalardagi davlat va xo‘jalik boshqaruvida eng muhim strategik qarorlarni qabul qilish samaradorligini oshirishga yordam beradigan Amir Temurning qonun-qoidalariga o‘zining talqinini taklif etadi.

Kitobning eng muhim joylari haqida to‘xtalamiz.

1.      Tizimlilik. Hozirgi zamon nuqtai nazaridan, tabiiyki, har qanday tadqiqot tizimli tahlildan boshlanadi. Tizimlilik, yaʼni individual muammolarni yaxlit butunlikning bir qismi sifatida ko‘rish qobiliyati – bu strategik tahlil va boshqaruv qarorlarini qabul qilishning metodologik asosidir. Professor V.L. Kvint o‘zining strategiyalashtirish tamoyillarida shunday qoidani aytadi: “Strategiyalar tartibsizlikni tizimga aylantirishga qodir” va Tuzuklarda ushbu qoida to‘g‘riligi isbotlanadi. Amir Temur “Xulq-atvor va davlat boshqaruvi bo‘yicha ko‘rsatma” sanaluvchi 12 qoida tizimini ishlab chiqqan. Ushbu qoidalar strategik boshqaruvning rejalashtirish, rag‘batlantirish va boshqarish kabi asosiy funksiyalarini o‘z ichiga oladi va birlashtiradi. Shu bilan birga, Amir Temur nafaqat davlat boshqaruvining tizimli falsafasini qurishga muvaffaq bo‘ldi, balki zamonaviy til bilan aytganda, o‘z atrofiga har kim o‘z vazifasini bajara oladigan, o‘ziga o‘xshagan fikrdoshlaridan tashkil topgan hamda yaxlit jamoani tuzishga imkon bergan 12 sinfli tizimni tadbiq eta oldi. Amir Temur tuzuklariga sharhlarda 12 ta qoida va xizmatchilar tasnifi o‘rtasidagi bog‘liqlik ko‘rinadi. Shu tariqa, siz 9-daraja xizmatchilari faoliyatining amaliy natijalarini (8-qoida); 4-daraja xizmatchilarining amaliy natijalarini (9-qoida) kuzatishingiz mumkin. Sharhlarda professor Kvint quyidagilarni taʼkidlaydi: “Amir Temur quroldoshlari, unga sodiq odamlar va aslida unga bo‘ysungan barcha insonlarning funksional imkoniyatlarini tuzib chiqdi, so‘ngra ularning qobiliyatlarini, fidoiyligini, ularning bilimlari, sadoqati va vafodorligini hisobga olgan holda, ularga rahbarlik qildi”. Odamlarni his qilish, ularning salohiyatini ko‘rish va ro‘yobga chiqarish, ularni atrofida to‘plash va olg‘a chorlash qobiliyati Amir Temurni dono strategik rahbar sifatida tavsiflaydi.

2.      Strategik fikrlashda tahlilning o‘rni. Tuzuklarga sharhlarida V.L. Kvint Amir Temurning o‘zi maslahat olgan olimlarga bo‘lgan munosabatiga alohida eʼtibor beradi. U nafaqat tarixdagi buyuk yetakchilarning muvaffaqiyatlarini, balki mag‘lubiyatlari sabablarini ham tahlil qilishni buyurgan. Professor Kvint taʼkidlashicha, Temurning bunday xatti-harakatlari strateg tomonidan ilgari muvaffaqiyatli amalga oshirilgan g‘alabali strategiyalar tajribasini o‘rganish va ulardan foydalanishni talab qiladigan strategik fikrlashning eng muhim qoidalaridan biriga mos keladi. O‘tmishdagi xatolarni inobatga olmaslik, Amir Temur taʼkidlashicha, iqtisodiy faoliyatda salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bu bilan u samarali bozor tuzilishi bozor faoliyatining asosiy talabini bajarishini nazarda tutadi: “Ishlab chiqarilgan narsani sotmay, sotiladigan narsani ishlab chiqarish”. “Ishlab chiqarilgan narsani sotish” pozitsiyasi Ouenning nomukammal raqobat elementi bo‘lgan “Adolatli mehnat birjasi uchun milliy bozor”ni amalga oshirishga olib kelishi mumkin.

1.      Vaziyatga baho berishning muhimligi. Qoidalarda Temur doim iqtisodiy va ijtimoiy holatga, aholining yashash sharoitini o‘rganishning ahamiyati haqida gapiradi. Ayniqsa, viloyatlarda xalqni yaxshi tanish, ularning urf-odatlarini biladigan insonlarni yuqori lavozimlarga tayinlash zarurligiga alohida eʼtibor qaratadi. Viloyat noibi lavozimiga tayinlash chog‘ida u xalq orasida yaxshi nom bilan tanilganlarga ustunlik berardi. Zamonaviy strategik menejment nazariyasida ushbu yondashuv menejerlar ishlab chiqarishning asosiy maqsadidan farq qilganda yuzaga keladigan, ishdagi hayotni yengillashtirish, tadbirkorlikda tavakkalchilikdan qochish, qobiliyatsiz do‘stlar va qarindoshlarni ish bilan taʼminlash va boshqalardan iborat “X-samarasizlik”dan asraydi.

2.      Bag‘rikenglik. Birodarlari, sheriklari va dushmanlariga nisbatan teng munosabat. “Meni o‘ldirish maqsadi bilan kelgan hasadgo‘y odam mendagi mehr-muhabbatni ko‘rib, uyalganidan terga botgan”, – deb yozgan Amir Temur. Sharhda professor Kvint shunday yozadi: “U strateg sifatida hech qachon mag‘lubiyatga uchragan dushmanining qadr-qimmatini yuqori baholashdan qo‘rqmagan. Bundan tashqari, u mag‘lub etgan dushmanini o‘z xizmatiga olib, harbiy unvonini ko‘tarishi ham mumkin edi. Bu esa strategik boshqaruvning motivatsiya funksiyasini o‘zida mujassam etgan”.

3.      Adolatlilik. “Kuch adolatdadir” yozuvi Temurning buyrug‘i bilan Shahrisabzda qad ko‘targan Oq saroy majmuasining devorida yozilgan. Tuzuklarda Amir Temur, samimiylik va halollikning vazir lavozimi uchun muhimligini alohida taʼkidlaydi va vazirning halolligini uning qarorlarining adolatliligi bilan bog‘laydi. Temur qonun daxlsizligi konsepsiyasini amalga kiritdi va jinoyatchilarni jazolashga shoshilmaslikni, balki ishning barcha holatlarini sinchkovlik bilan tekshirishni va shundan keyingina hukm chiqarishni buyurdi. Bu davrda hamma: vazir, amir, savdogar va oddiy odam qonun oldida teng edi. Agar moliyaviy masʼul mansabdor shaxs xazinaning bir qismini o‘zlashtirganligi to‘g‘risida maʼlumot kelib tushgan bo‘lsa, unda bu tekshirilib, qarorlar holat tasdiqlangandan so‘ng qabul qilingan va o‘zlashtirilgan miqdor uning maoshi (ulushi)ga teng bo‘lsa, u holda bu miqdor unga hadya etilgan. Agar ish haqidan ikki barobar ko‘p bo‘lsa, unda ortiqcha qismi ushlab qolingan. Agar o‘zlashtirgan pul miqdori uning maoshidan uch barobar ko‘p bo‘lsa, unda uning bor mulki xazina foydasiga musodara qilingan. Vladimir Lvovich qaror qabul qilishning odilligini strategiya nuqtai nazaridan izohlar ekan, bu strategik boshqaruvning uch asosiy vazifalaridan biri ekanligini aytadi: “Asossiz jazolar, shuningdek asossiz mukofotlar ko‘pincha strategik qarorlar qabul qilayotgan shaxsning qobiliyatsizligi natijasidir, yoki uning apparati samarasiz ishlashi, yoki strategik qarorlar qabul qilinayotgan davlat hokimiyatining eng yuqori darajalarigacha yetgan korrupsiya bilan izohlanadi.”

Professor Kvint asarlarida strategiyaning quyidagicha taʼrifi mavjud: “Strategiya – bu resusrlarning cheklanganligini baholagan holda, muvaffaqiyatga erishish uchun aniq tanlangan vektorga ko‘paytirilgan donolik”, yaʼni strategiya uni izchil va to‘liq amalga oshirish bilan uzoq muddatli muvaffaqiyatni taʼminlaydigan taʼlimotni izlash, shakllantirish va rivojlantirish tizimi sifatida tavsiflanadi. “Amir Temurning strategik yetakchiligi: Tuzuklarga sharhlar” kitobi bizga buyuk Amir Temurning donoligi va strategik idrokini namoyish etadi.

Avreliy Avgustin aytganidek: “O‘tmish, bugungi kun va kelajak yo‘q. Faqatgina bugungi kunning o‘tmishi, bugungi kunning bugungi kuni va bugungi kunning kelajagi bor”. Vladimir Lvovichning asari bugungi kunning kelajagini strategik nuqtai nazardan barpo etish uchun bugungi kunning o‘tmishini bugungi kunning bugungi kuni bilan bog‘lashda yordam beradi. “Amir Temurning strategik yetakchiligi: Tuzuklarga sharhlar” kitobi olimlar va amaliyotchilar, o‘qituvchilar va talabalar, strategiya nazariyasini o‘rganuvchilar va hayotda strategiya tamoyillarini amalga oshirmoqchi bo‘lganlar uchun foydali va qiziqarli bo‘lishi shubhasiz.

Mualliflar haqida:Tolstix Tatyana Olegovna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor, NITU “MISiS” professori (Moskva, Rossiya Federatsiyasi); tolstyh.to@misis.ru Galiyev Jarilkasim Kakitayevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor, NITU “MISiS” professori (Moskva, Rossiya Federatsiyasi); galiev@msmu.ru Milliy tadqiqot texnologiya universiteti “MISiS”, Moskva, Rossiya Federatsiyasi Kvint V.L. Amir Temurning strategik yetakchiligi: Tuzuklarga sharhlar / V.L. Kvint (xatboshi, sharhlar). SPb.: IPS SZIU RANXiGS 2021. 204s. (“Strateg kutubxonasi” turkumidan). Doi: 10.22394/978-5-89781-696-5-1-204 iSBn 978-5-89781-696-5