Mintaqalar o‘rtasida tengsizlik kuchayib bormoqda

Yangi davrda eski davrda tug‘ilgan juda ko‘p muammolarga eʼtibor qaratildi, tan olish kerak, ayrimlari yechildi, ayrimlari bo‘yicha harqalay harakatlar yo‘q emas.

Lekin katta bir muammo borki, aynan yangi davrga kelib sekin-asta kuchayishni, bo‘y ko‘rsatishni boshladi. Bu ijtimoiy tengsizlik masalasi.

Ijtimoiy tengsizlikni o‘rganish va uni yumshatish bo‘yicha yuqori darajada eʼtibor va choralar hozircha ko‘rinayotgani yo‘q. Ha, qashshoqlik va qashshoqlikka qarshi kurash faollashgan.  Lekin kambag‘allik va qashshoqlik haqida gapirganda uni keltirib chiqaruvchi asosiy omillardan biri –  kuchayib borayotgan ijtimoiy tengsizlik haqida sukut saqlash mumkin emas.

Afsuski tengsizlik nafaqat turli ijtimoiy qatlamlar qirqimida hududlar miqyosida ham yuz bermoqda.

Yana statistikamizga qaytamiz. Solishtirish uchun eng boy uchta va eng kambag‘al uchta mintaqalarni olaylik.

Eng boy Navoiy va eng kambag‘al Namangan viloyatlarida jon boshiga YAHM farqi 2021 yil 1- yarmida 5,3 barobarni tashkil etgan. O‘tgan yili mos davrda bu ko‘rsatkich 5,1, 2019 yilda esa – 4,6 barobardan iborat bo‘lgan.

Top-2 boy hudud Toshkent shahri va Top-2 kambag‘al hudud Surxondaryo viloyatlarini solishtiramiz. Jon boshiga YAHM farqi 2019 yildan 2021 yilgacha 3,9 barobardan 4,1 barobargacha yetgan.

Uchinchi boy hudud Toshkent viloyati va uchinchi kambag‘al hudud Farg‘ona viloyatida jon boshiga YAHM farqi oxirgi 2 yilda 2,1dan 2,3gacha oshib borgan.

Farqlarning kengayayotganini ko‘rayapsizmi?

Davlatning vazifalaridan biri bu ijtimoiy tengsizlikning kuchayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik, tengsizlik qutblari va qirralarini doimiy yumshatib turish.

O‘ta boy yoki o‘ta qashshoq qatlamlarning, hududlarning mavjudligi, farqliklarning kuchayib borishi davlatchilik barqarorligi va xavfsizligini zimdan yemiradi. Bu jiddiy xatar.

Material havolasi.