Shavkat Mirziyoyev O‘zLiDeP syezdidagi nutqidan

Shavkat Mirziyoyev: “Dunyodagi hozirgi murakkab vaziyat, qo‘shni mintaqalardagi ziddiyat va qurolli nizolar O‘zbekiston Respublikasining xavfsizligi va tinchligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratishni taqozo etmoqda.

Kelgusida ham mamlakatimiz mudofaa salohiyati va harbiy qudratini yana-da mustahkamlash bo‘yicha aniq va manzilli ishlarni davom ettiramiz.

Mamlakatimizni havo hujumidan himoya qilish tizimi ham davr talablaridan kelib chiqib yana-da  kuchaytiriladi. Chegaralarimiz xavfsizligini zamonaviy kommunikatsiya vositalari va texnik inshootlarni keng qo‘llash orqali yana-da mustahkamlaymiz”.

Shu bilan birga, Prezident O‘zbekiston tizimli va puxta o‘ylangan, pragmatik faol tashqi siyosiy va iqtisodiy diplomatiyasini bundan keyin ham izchil davom ettirishini taʼkidladi.

Avvalambor, Markaziy Osiyoda xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, suv, energetika va transport, madaniy-gumanitar sohalardagi yaqin hamkorlikni sifat jihatidan yuqori bosqichga olib chiqamiz. O‘zbekistonning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik strategiyasini ishlab chiqamiz.

Rossiya, Xitoy va AQSH, shuningdek, Turkiya, Hindiston, Pokiston, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Birlashgan Arab Amirliklari kabi anʼanaviy hamkorlarimiz bilan munosabatlarni yana-da rivojlantirish, tashqi aloqalarimiz geografiyasini kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratamiz.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti organlari va institutlari, global va mintaqaviy iqtisodiy, moliyaviy va gumanitar tashkilotlardagi faoliyatimizni kuchaytiramiz.

Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lish va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirish bo‘yicha aniq amaliy qadamlar qo‘yiladi.

Qo‘shni Afg‘oniston zaminida tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashga, jafokash afg‘on xalqiga qo‘limizdan kelgan barcha yordamni ayamaymiz, – dedi davlat rahbari.