Xitoy telefonlari bilan bogʻliq xavfsizlik tahdidlari xavotirga sabab boʻlmoqda

Milliy xavfsizlikka oid xatarlar butun dunyo mamlakatlari hukumatlarining tashvishiga aylangan bir vaqtda Yevropadagi eng ommabop Xiaomi smartfonlari ichiga senzura vositasi oʻrnatilgani maʼlum boʻlgan.

VILNYUS, Litva – Xitoy telefonlari butun dunyo boʻylab jiddiy eʼtibor ostiga tushgan – tadqiqotlarga koʻra, bu qurilmalar bilan milliy xavfsizlik tahdidlari, senzura, maxfiylikka oid muammolar va maʼlumotlarning sizib ketishi orasida bogʻliqlik mavjud.

Litva Xiaomi telefonida oʻrnatilgan senzura vositasi tufayli Xitoy telefonlariga qarshi chiqqan navbatdagi mamlakat boʻldi.

Vilnyus rasmiylari Xitoy kommunistik partiyasining (XKP) aksildemokratik qadriyatlarini, geosiyosiy zoʻravonlik, oʻz maqsadi yoʻlida texnologiyalarni suiisteʼmol qilish va senzura qoʻllashini bir necha bor tanqid qilganlar.

Oʻtgan oy Litva mudofaa vazirligi davlat muassasalari va isteʼmolchilarni Xitoy telefonlarini ishlatishdan ehtiyot boʻlishga chaqirar ekan, ularda xavfsizlik nuqsonlari va maʼlumotlarning sizib chiqish ehtimoli borligi haqida ogohlantirgan.Vazirlik Yevropada sotiladigan Xitoyga mansub uchta mashhur telefonni tahlildan oʻtkazgan: Xiaomi Mi 10T 5G, Huawei P40 5G va OnePlus 8T 5G.

22-sentabr kuni Mamlakat milliy kiberxavfsizlik markazi Huawei va Xiaomi 5G modellarida “kiberxavfsizlik xatarlari” topilgani haqida xabar berdi.

Yevropadagi eng mashhur Xiaomi smartfoni ichiga maʼlum qidiruv soʻzlarini blokirovka qila oladigan senzura vositasi oʻrnatilgani aniqlandi.

Tadqiqotchilar telefonning Yevropada sotiladigan versiyasida qora roʻyxat funksiyasi oʻchiq ekanligi, uni Xitoydan turib masofadan yoqish mumkinligi haqida ogohlantirishgan.

Aftidan, senzuraga tushgan soʻzlar soni oshib bormoqda, 2021-yil aprelda qora roʻyxatda 449 soʻz yoki ibora boʻlsa, sentabrda ularning soni 1376 tani tashkil etgan. Ular xitoycha va lotin yozuvidagi soʻzlardan iborat.

Bloklangan soʻz va iboralar orasida “Tibetga ozodlik”, “Yashasin Tayvan mustaqilligi”, “demokratik harakat”, “talabalar harakati”, “diktatura”, shuningdek ayrim Gʻarb kompaniyalari va axborot agentliklarining nomlari bor.

“Bu kalit soʻzlarning barchasi siyosiy xarakterga ega ekanligi aniq koʻrinib turibdi”, deb aytgan Litva mudofaa vazirining oʻrinbosari Margiris Abukyavichyus “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

“Qurilma ichida internet qidiruvini filtrlaydigan yoki filtrlashi mumkin boʻlgan kalit soʻzlar va senzura vositasining borligi juda xavotirli”, dedi u.

Xabarda aytilishicha, Huawei telefoni foydalanuvchilarni virusli dasturlar joylashtirilishi mumkin boʻlgan uchinchi tomon ilovalar doʻkonlariga avtomatik ravishda qayta yoʻnaltirgani sabab xavf tugʻdirishi mumkin.

Real xatarlar

Ushbu hisobotdan soʻng Litvada davlat idoralariga “ishonchsiz” qurilmalardan foydalanishni taqiqlovchi qonun ishlab chiqilishi mumkin, deb xabar beradi Euronews 28-sentabr kuni.

“Hozirgi kunda biz qonunchilik tatbiq etiladigan sohani belgilash ustida ishlayapmiz. Yangi tartib qaysi tashkilotlar (milliy xavfsizlik uchun muhim boʻlganlari), qaysi AKT (axborot-kommunikatsiya texnologiyalari) mahsulotlari/uskunalari/dasturiy taʼminotini sotib olishga taalluqli boʻladi, xarid jarayonida faqat ishonchli taʼminotchilar ishtirokini taʼminlash uchun qanday mezonlar qoʻyiladi, degan savollarga aniqlik kiritilmoqda”, dedi vakil.

Abukyavichyus Litvadagi 200 ga yaqin davlat muassasalari Xitoyda ishlab chiqarilgan qurilmalardan foydalanayotganini taʼkidlar ekan, davlat sektori milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan Xiaomi va Huawei telefonlarini umuman “ishlatmasligi” kerakligini aytgan.

“Biz aytayotgan xavflar haqiqiy”, deydi Abukyavichyus AFP bilan suhbatda. “Bu xavfni kamaytirishning eng yaxshi chorasi.”

Boshqa davlatlar ham ushbu tadqiqotga eʼtibor qaratishi va xuddi shunday qilish haqida oʻylab koʻrishlari kerak, dedi u.

“Oʻylaymanki, bu tadqiqotimiz telekommunikatsiya sohasidagi munozara doirasidan chiqib, boshqa sohalarni ham oʻylashimiz kerakligini koʻrsatadi”, dedi u “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Aksariyat gʻarb davlatlari, jumladan Qoʻshma Shtatlari xavfsizlik sababli Huawei telefonlarida 5G mobil aloqasini bloklab qoʻyishgan.

Yaqin kunlarda Yevropa Ittifoqiga aʼzo boshqa davlatlar ham tadqiqotni muhokama qilishi kutilmoqda. Litva tashqi ishlar vaziri Gabriyelius Landsbergis bu masalada koʻmak olish maqsadida oʻtgan oy Vashingtonda AQSH davlat kotibi Antoni Blinken bilan uchrashgan edi.

Litvaning kichikligi, aholisi soni 3 milliondan kam va iqtisodiyoti Xitoyning 270 dan bir boʻlagi ekanligi uni oson nishonga aylantiradi, deydi Landsbergis.

Pekinning “hisob-kitobicha, u oʻzidan ancha past boʻlgan dushmanlarni tanlash, ularni jang maydoniga olib chiqib, yanchib tashlashni afzal deb biladi”, deydi u.

Blinken “Xitoy Xalq Respublikasi tomonidan bosim oʻtkazilgan taqdirda, AQSH Litvani qatʼiy qoʻllab-quvvatlashiga” vaʼda berdi.

Germaniya xavfsizlik xizmatlari Xiaomi telefonlarini texnik tomondan oʻrganishni boshlagan, deb xabar beradi Amerika Ovozi.

Iqtisodiy zarar yetkazishga urinish

Litvaning Xitoyda ishlab chiqarilgan telefonlardagi cheklovlarga oid hisoboti Xitoyni ranjitgan.

Pekin Boltiqboʻyi davlatidagi elchisini chaqirib olishi ortidan Litvaning Pekindagi elchisi ham vataniga qaytgan.

Iyul oyi boshida Litva Tayvanga Vilnyusdagi rejalangan kvazi-elchixonasida Taypey soʻzi oʻrniga Tayvan nomini ishlatishga ruxsat bergach, Pekin Litvaga yuk poyezdlari kirishini toʻxtatgan va Xitoyda Litva mahsulotlari sotilishini deyarli imkonsiz qilib qoʻygan.

Ammo Litva Xitoyning tobora kuchayib borayotgan bosimiga yon berishni istamadi.

Litvaning iqtisodiyot va innovatsiya vaziri Aushrine Armonayte ushbu javob choralarini eʼtiborsiz qoldirgan.

Unga koʻra, zarar “uncha katta emas”, chunki Litvaning Xitoyga eksporti umumiy eksportning 1 foizini tashkil etadi.