Xitoy kommunistik partiyasining rasmiy nashri – «Jenmin jibao»ning maʼlum qilishicha, Markaziy Osiyodagi mahalliy davlat universitetlari huzurida faoliyat yuritayotgan 13 ta Konfutsiy instituti tilning ommalashuvida katta rol o‘ynamoqda.
Ularning beshtasi Qozog‘istonda, to‘rttasi Qirg‘izistonda, ikkitasi O‘zbekiston va ikkitasi Tojikistonda joylashgan.
Pekin Xitoy va uning qo‘shnilari o‘rtasidagi «madaniy ko‘prik» deb ataydigan Xitoy taʼlim muassasalarining ushbu tarmog‘iga nafaqat universitet talabalari, balki o‘rta maktab o‘quvchilari, maktabni bitirgan o‘quvchilar va hatto nafaqadagi keksalar ham qabul qilinadi.
Xitoy Qozog‘istonda qishloq xo‘jaligi, neft va tog‘-kon sanoatida xitoy tilida so‘zlashuvchi mutaxassislar tayyorlaydigan yangi Konfutsiy institutlarini ochishni rejalashtirmoqda, deyiladi xabarda.
«2021 yil 25 oktyabrda [poytaxt] Nur-Sultonda «Xitoy ko‘prigi» xalqaro klubi rasmiy shoʻbasining ochilgani Qozog‘istonda xitoy tiliga qiziqish ortib borayotganidan dalolatdir», deb yozgan edi «Jenmin jibao».
Gazeta, shuningdek, xorijda tahsil olayotgan 91 mingdan ortiq qozog‘istonliklarning 14 mingdan ziyodi Xitoydagi taʼlim muassasalarining talabalari ekanini taʼkidlagan.
Xitoy tilini o‘rganish istagidagi yoshlar soni yildan-yilga ortib bormoqda, deydi 2015 yilda Xitoydan Qozog‘istonga ko‘chib kelgan Shinjon universiteti bitiruvchisi, Olmaotada xitoy tilidan dars beruvchi Abduxalal Kenesbayuli.
«Talabalarim Xitoyning nafaqat Qozog‘iston, balki butun mintaqada o‘z faoliyatini rivojlantirayotganini ko‘rmoqdalar», deydi Kenesbauli.
«Odamlar shamol qaysi tarafga esayotganini anglab, o‘zgarishlarga tayyor turishni xohlayaptilar.»
Xitoyning Qirg‘izistondagi elchisi Du Devenning 11 oktyabr kungi bayonotida aytilishicha, ayni paytda Xitoy universitetlarida 5000 dan ortiq qirg‘izistonlik talaba tahsil olmoqda, ayni vaqtda Qirg‘izistondagi to‘rtta Konfutsiy instituti va 21 ta Konfutsiy sinfida 4000 ga yaqin qirg‘izistonlik talaba xitoy tilini o‘rganmoqda.
2017 yilda Pekin xitoy tili intensiv o‘qitiladigan Bishkekdagi 95-sonli maktab qurilishini moliyalashtirdi.