Co‘nggi ikki hafta ichida Yevropaning olti davlatida koronavirus bilan kasallanganlar soni ikki baravar ko‘paydi. Endi “omikron”ning shiddatli to‘lqini Sharq tomon siljishi kutilmoqda. Kecha JSSTning Yevropa bo‘yicha mintaqaviy direktori Xans Klyuge shu haqda bayonot berdi.
X. Klyugening fikriga ko‘ra, “omikron” to‘lqinidan so‘ng dunyoda SOVID-19 pandemiyasining o‘tkir bosqichi tugashi mumkin. Bu bir nechta omillarga bog‘liq.
Masalan, qish mavsumining tugashi bilan odamlar ochiq havoda ko‘proq vaqt o‘tkaza boshlaydi. Bu esa kasalallanish xavfini birmuncha kamaytirishi tabiiy. Qolaversa, to‘liq bosqichda va buster dozada emlanganlar soni ortishi ham epidemiologik vaziyatga ijobiy taʼsir ko‘rsatadi.
Biroq JSST vakilining aytishicha, dunyoda emlashning yuqori darajasiga hali erishilgani yo‘q. Bu esa koronavirusga qarshi kurashish jarayonini yana-da murakkablashtirmoqda
“Pandemiyaning o‘tkir bosqichidan chiqishga harakat qilyapmiz, biroq yil oxirida kasallik yana avj olishi ehtimoli katta, — deydi Klyuge. — Chunki virus qancha keng tarqalsa, yangi mutatsiyalarning paydo bo‘lish xavfi shunchalik ortaveradi. Ammo biz bunga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak”.
JSST Yevropa mintaqaviy byurosi mutaxassisi doktor Oleg Benesh ham shu fikrni qo‘llab-quvvatlab, qo‘shimcha dozada emlanishni “omikron”ga qarshi eng samarali vosita, deb atadi.
Tashkilot ekspertlarining ogohlantirishicha, dunyoda vaziyat hamon xavotirli. Shu bois odamlar yopiq, tor va aholi gavjum joylarda ehtiyot choralarini unutmay, ijtimoiy masofa saqlash, tibbiy niqob taqish qoidalariga amal qilishlari lozim.