“Bu biz uchun eng to‘g‘ri Pozitsiya”

Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urush to‘g‘risida fikr bildirmaganlar qolmadi shekilli. Ammo ushbu to‘qnashuv va undan keyingi voqealar bizga qanday taʼsir qilishi mumkinligini hanuz fahmlamagan ko‘rinamiz. Ularga baho berishdan, o‘zimiz qanday qadamlar tashlashimiz zarurligi to‘g‘risida ko‘proq qayg‘urishimiz kerak deb uylayman.

Siyosiy masalada so‘z yuritmoqchi emasman, hukumat neytral ekanligimizni eʼlon qildi va bu biz uchun eng to‘g‘ri pozitsiya.

Iqtisodiy masalada esa, vaziyat ancha chatoq.

Eng avvalo, Rossiya G‘arb bilan uzoq muddatli ziddiyatga kirdi. Putin o‘z o‘rnida qolsa (u esa buning uchun yadro qurolidan ham foydalanishdan tiyilmasligini ishora qildi), Rossiya kelgusi kamida 5-7 yil davomida kuchli sanksiyalar ostida bo‘ladi. Bundan tashqari, mudofaa xarajatlari karraga oshadi. Investion muhit jiddiy yomonlashishi tufayli, iqtisodiy o‘sish surʼatlari 0 yoki negativ bo‘ladi, kapital chiqib ketishi va inflyatsiya kuchayadi.

Biz buni xohlaymizmi, yo‘qmi, ammo Rossiyadagi iqtisodiy holatga biz o‘ta darajada bog‘liqmiz. Eng avvalo, Rossiyada 4 mlnga yaqin qorako‘zlarimiz (bizni haqiqiy qaxramonlarimiz) mehnat qiladi (rasman Rossiyada patent to‘laydiganlar 3,4 mln), va 2021 yilda O‘zbekistonga 8 mlrd dollar pul jo‘natishgan.

Bizning salbiy tashqi savdo saldoimiz holatida, bu mablag‘lar O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘sishni ushlab turish va ayniqsa milliy valyutani barqarorligini saqlash uchun suv va havodek zarur. Raqamlar buni isbotlaydi.

Tashqi savdo 2021 yilda jami 42,1 mlrd dollar bo‘lgan, bundan import 25,5 mlrd, eksport esa 16,6 mlrd dollar bo‘ldi (yaʼni, 9 mlrd dollar defitsit bor). Va o‘sha 16,6 mlrddan ham 4 mlrd dollar tilla va qimmatbaho metallar sotish evaziga (bu tilla oltin zaxiramizni to‘ldirishga ko‘maklashishi ham mumkin edi, uni majburlikdan sotyapmiz deb o‘ylayman). Shunga, o‘sha migrantlarimiz yuborgan 8 mlrd shu jumladan tashqi savdo defitsitini qoplash uchun ham zarur edi, 4 mln o‘zimizda ish topolmayotgan fuqarolarimiz oilalarini boqayotganligini gapirmayapman ham.

Yuqorida aytilgan Rossiyadagi iqtisodiy vaziyat natijasida, investitsiyalar kamayishi migrantalrga ehtiyojni kamayishiga olib keladi, inflyatsiya esa oyliklarini pasayishiga. Natijada, aytaylik, ikki karra kam migrant, ustiga inflyatsiya hisobiga har biri 25% kam pul topsa, bizga 2ta jiddiy taʼsiri bo‘ladi: 1) 8 mlrd o‘rniga 3-3,5 mlrd mablag‘ keladi, va 2) Rossiyaga keta olmagan 2 mln ishsiz masalasi ijtimoiy ahvolimizni izdan chiqarishi mumkin.

Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi vaziyatga taʼsir qilolmasak ham, bizga bo‘ladigan taʼsirini kamaytirishimiz hali mumkin, ammo avtoprom bo‘yicha qabul qilingani kabi chala choralar bilan emas albatta.

Bundan tashqari, har bir krizis – bu qiyinchilik, ammo shu bilan birga imkoniyat ham. Shundan kelib chiqib, bir nechta fikr bermoqchiman:

1. Ish joylarini yaratish bo‘yicha shiorbozlikdan voz kechish kerak. Hamma kirikash va aravakashni, hovlisiga to‘rtta daraxt ekkanlarni ham “o‘zini o‘zi band qilgan” deb, yaratilgan ish joylar raqamini ishirib bo‘ldik. Ish joylarini yaratish bevosita tadbirkorlik muhitiga bog‘liq, bu borada tizimli hal etish kerak bo‘lgan masalalar talaygina – mulk ximoyasi, soliq yuki va siyosati, aholini moliyaviy savodxonligi, kredit stavkalari, yer reformasi, va h.k. Va albatta mablag‘ cheklanganligi tufayli, birinchi navbatda ko‘proq ishchi kuch talab qiladigan sohalarni qo‘llab quvvatlash kerak. Hanuz tushunmayman, masalan, nima uchun bizda issiqxona sektoriga eʼtibor qaratilmaydi, axir qishloq xo‘jaligida bu eng ko‘p qo‘shimcha qiymat yaratadigan, eng eksport salohiyati yuqori va eng ko‘p ishchilarni band qilish mumkin bo‘lgan sohaku? Ularga gazni arzon qilish o‘rniga qimmat qildik, vaqti vaqti bilan o‘chirib ham turdik, eksportini erkin qilish o‘rniga chegaralarni ochib-yopib anchasini bankrot qildik, eksport qilishda vaqti vaqti bilan monopoliyalar ham yaratib ko‘rdik, xullas davlat u sohani rivojlanmasligi uchun qattiq mehnat qildi. Balki endi tushunarmiz?

2. Rossiya Yevropa bilan iqtisodiy aloqalari buzilganligi biz uchun ayrim imkoniyatlarni tug‘diradi, va biz bundan foydalanishimiz mumkin. Yevropa va AQSHdan Rossiyaga import qilinayotgan mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi korxonalar egalari Rossiya bozorini to‘liq yo‘qotishni istamaydi deb o‘ylayman. Fursatdan foydalanib, ular bilan O‘zbekistonda qo‘shma korxona qilishni taklif qilib ko‘rish kerak. Ayrim mahsulotlarni esa o‘zimizning tadbirkorlarimiz ham eplab ishlab chiqarishi mumkin, davlat qo‘llab quvvatlasa va shunga yetarli sharoit yaratilsa albatta. Avtoprom ham qimirlab qolar balki, aqli yetsa. Xavo yullari xam…

3. Bizda kamida yaqin 10-15 yilda o‘zimizga keragidan ko‘proq ishchi kuchi bo‘ladi, davlat qancha harakat qilmasin, yiliga 1-1,5 mln real ish joylarini yarata olmaydi. Mehnat migratsiyasi aslida biz uchun yagona yechim. Ammo mehnat bozorlarini diversifikatsiya qilishimiz kerak, bitta Rossiyaga bog‘lanib qolmasdan. Uning uchun, har bir ishchi kuchi tanqis bo‘lgan mamlakat bilan alohida ishlash, har biri uchun mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha alohida dasturlarni yo‘lga qo‘yish kerak. Masalan, Yevropa, Avstraliya, Janubiy Koreya, Kanada va ko‘plab boshqa rivojlangan davlatlarda oxirgi yillarda o‘ziga kerakli kasb egalarini jalb qilish bo‘yicha dasturlar mavjud. Ehtiyej bildirilgan kasblar ichida santexnik, elektrik, svarshik, oshpaz kabi ko‘plab kasblar bor. Asosiy talab – til va kasbini ularning talab darajasida bilish. O‘z vaqtida yaratilgan kollejlar tizimi ishlamagani u kerak bo‘lmagan degani emas, va kasbiy taʼlimni keng ko‘lamda tashkil qilish va unda tashqi bozordagi ehtiyejni eʼtiborga olish bizga kerakli natijani berishi aniq. Ammo u sifatli (talabgor davlat standartlariga mos) va arzon (yoki bepul) bo‘lishi kerak. Bu borada Turkiya tajribasini o‘rgansa bo‘ladi.

4. Rossiyaning rivojlangan dune bilan aloqalari taranglashishi Rossiyaliklarni turizm yo‘nalishlariga ham taʼsir ko‘rsatadi. Biz ularni oxirgi yillarda qaysi yo‘nalishlarda va nima maqsadda ko‘proq sayohat kilganliklariga qarab, ayrim toifadagi turistlarni o‘zimizga burishimiz kerak. Faqat madaniy-tarixiy turizmni emas, gastronomik, rekreatsion, ekstremal turizm kabi yo‘nalishlarni jiddiy rivojlantirishga harakat o‘z natijasini beradi.

5. Yuqoridagilarni barchasini amalga oshirsak ham, yaqin 5 yil Rossiya bizning mehnat migrantlarimiz uchun asosiy yo‘nalishligicha qoladi. Rossiyada sharoit og‘irlashgani sari, qaxramonlarimizni ozgina qo‘llab quvvatlashimiz kerak, o‘zimizda sharoit qilib bera olmayotganimizga yarasha. Arzon biletlar, Rossiyaning katta shaharlarida bepul tibbiy yerdam va huquqiy maslahat, bepul va sifatli konsullik xizmatlari, xorijda mehnat qilishi davomida nogironlik olsa yoki ko‘z yumsa, oilasiga sezilarli moddiy yerdam berish tizimi kabi.

Baxodir Ganiyev