2021 yilda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi tovar aylanmasi hajmi 490 mln. dollarni tashkil etganiga qaramay, buning 90,4 foizi, yaʼni, 461 mln. dollar Hindistondan O‘zbekistonga import hajmini tashkil qiladi. O‘zbekistondan Hindistonga eksport hajmi esa atigi 29 mln. dollar edi. Vaholanki, Hindiston deyarli 1,5 milliardga yaqin aholisi bor ulkan bozor hisoblanadi. O‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar uchun mazkur bozorga chiqish hamda bu yo‘nalishda eksport hajmini oshirish strategik ahamiyatga ega.
Hindiston mahsulotlariga bizning ehtiyoj ko‘proq. Masalan, Hindistondan farmatsevtika mahsulotlari, juda ko‘p dori-darmonlar bozorimizga kirib kelgan. Ular arzonligi bilan boshqa ishlab chiqaruvchi mamlakatlar mahsulotlaridan ustun. Shuningdek, O‘zbekistonga tekstil sohasidagi uskunalar kirib kelgan. Katta-katta fabrikalarga o‘rnatilyapti. Shu bilan birga, Samarqanddagi MAN zavodining ayrim kuzovlaridan tortib, katta qismlarigacha Hindistondan keladi. Chunki, MAN zavodining katta yirik korxonasi Hindistonda joylashgan. Mashina qismlari o‘sha yerdan olib kelinib, bu yerda yig‘iladi. Shu bilan birga, avtomobil ehtiyot qismlari kirib keladi, bundan tashqari, xizmat ko‘rsatish sohasini ham aytishimiz mumkin. 8 mingdan ziyod aholimiz davolanib keldi. Jarrohlik operatsiyalari amalga oshirildi. Qolaversa, Hindistondan hatto telefonlargacha kirib keladi.
Afsuski, bizda esa ular uchun mahsulotlar kam. Bo‘lsa ham, transport-logistika muammosi bor.
Lekin, bizning sanoat yoki qishloq xo‘jaligi mahsulotlarimizga nisbatan jahon bozorlarida qiziqish kuchli bo‘lsa-da, har bir bozor, deylik, har bir mamlakatning qiziqishi o‘zgacha. Hindiston o‘z bozori bor va oziq-ovqat hamda boshqa sanoat mahsulotlari bo‘yicha ishlab chiqarish hajmi juda katta bo‘lgani uchun boshqa hududlardan keladigan mahsulotlarning bu bozorlarga kirishi nechog‘li manfaatli bo‘ladi, talabga javob beradimi yoki yo‘q degan maʼnoda hisob-kitob qilinadi. Lekin, qanday bo‘lmasin, biz bilamizki, Hindiston tomonidan ochiq-oydin aytilgan: xuddi shu savdo yo‘llarini ochish, transport aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Hindiston manfaatdor. Va bunday loyihalarni u ochiq-oydin qo‘llab-quvvatlaydi.
Misol uchun, o‘tgan yili iyul oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan katta konferensiyada Hindiston, Pokiston, Afg‘oniston vakillari ochiq-oydin shunday g‘oyani qo‘llab-quvvatlashdi, yaʼni, Markaziy Osiyoni temir yo‘llari bilan bog‘lash, savdo yo‘llarini ochish o‘zaro savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yish g‘oyasini nazarda tutyapman. Bu konferensiya aynan shu maqsadga bag‘ishlangan edi. Qolaversa, “shimol tomon”, yaʼni, Markaziy Osiyo tomon yo‘l ochish strategiyasi negizida ham aynan shu g‘oya mujassam. Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekiston bilan savdo-sotiqni yo‘lga qo‘yish maqsad qilingan. Demak, siyosiy iroda mavjud, qiziqish bor, imkoniyat ham bor.
Lekin bu yerda masalaning boshqa jihatlarini hisobga olish lozim. U ham bo‘lsa, Hindiston bilan O‘zbekistonni bog‘lovchi hudud – Afg‘oniston va Pokiston. Ular beqaror o‘lka. Shuning uchun ham, turli loyihalar qanchalik jozibador bo‘lib ko‘rinmasin, amalga oshirish hozir juda mushkul. Bilamizki, 90-yillarning oxiridan boshlab, bir necha loyihalar har jihatdan qo‘llab-quvvatlangan edi. Shu jumladan, O‘zbekiston, Hindiston, Pokiston, Afg‘oniston, Turkmaniston ham. Lekin hanuzgacha bu loyihalar amalga oshgani yo‘q. Endi “Markaziy Osiyo – Janubiy Osiyo” konferensiyasida transport orqali bog‘lanish g‘oyasi ham o‘rtaga tashlandi. Qo‘llab-quvvatlov mavjud, lekin, amalda, albatta, hali beqarorlik, xavfsizlikka tahdid, terrorizm o‘choqlari bilan bog‘liq to‘siqlar bisyor.
Balki shuning uchun ham, savdo-sotiq ham, iqtisodiy aloqalar ham, u qadar tezkor surʼatda amalga oshmayotgandir.