Buyuk Britaniya O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi xodimlariga qiziqish bildirmoqda

Avval rossiyaliklar va ukrainlar bilan ishlagan Britaniyalik fermerlar Nepal va Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, O‘zbekistondan mavsumiy ishchilarni qishloq xo‘jaligi sohasiga jalb qilishga qiziqish bildirilatyotgani aytilmoqda.

Britaniya qishloq xo‘jaligi sektori Brexit, pandemiya hamda Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi harbiy mojaro tufayli ishchilar yetishmasligiga duch keldi. 2021 yilda berilgan mehnat vizalarining deyarli yarmi – 22,7 ming nafari ushbu ikki davlat fuqarolariga to‘g‘ri kelgan.

Ularning o‘rnini to‘ldirish uchun Britaniya rekruting agentliklari Nepal, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistondan nomzodlarni topishga intilmoqda. Qishloq xo‘jaligiga jalb qilingan mehnat muhojirlarining asosiy qismini ushbu davlatlar fuqarolari taʼminlashi kutilmoqda. Ish beruvchi kompaniyalarning prognozlariga ko‘ra, har bir mamlakat bir necha ming ishchi bilan taʼminlaydi.

Shu bilan birga, Buyuk Britaniya xorijlik ishchilar o‘z vaqtida yetib kela olmasligi va bu vaziyat ushbu sohaga salbiy taʼsir qilishidan xavotirda. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi korxonalari xorijiy ishchilar orasida tajriba yetishmasligiga ham duch kelishi mumkin.

Hozircha Britaniyalik fermerlar u yerda ishlayotgan kamsonli o‘zbekistonliklarning ishidan mamnun. “Bizda anʼanaga ko‘ra ruminlar va bolgarlar ishlar edi, lekin yaqindan beri to‘rt nafar o‘zbekistonlik yigitlar bilan ishlayapmiz va ular menda katta taassurot qoldirdi”, – deydi Nottingemshirdagi Saksondeyl qishlog‘i fermeri Djo Fisheriz

Qayd etilishicha, Buyuk Britaniya Atrof-muhit, oziq-ovqat va qishloq masalalari vazirligi 30 mingga yaqin mavsumiy ishchi uchun vizalar muddatini 2024-yilgacha uzaytirgan. Agar kerak bo‘lsa, ularning soni 10 ming kishiga oshirilishi mumkin ekan.