Nogironlar huquqlarining dunyo mamlakatlari Konstitutsiyalarida aks ettirilishi

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy komissiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi, “Barqaror rivojlanish markazi” NNT hamda Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti tomonidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Loyihalar bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi idorasi ko‘magida Toshkent shahrida “Nogironlar huquqlarining dunyo mamlakatlari Konstitutsiyalarida aks ettirilishi” mavzusida Xalqaro jamoatchilik eshituvi tashkil etildi.

Jamoatchilik eshituvidan ko‘zlangan maqsad – aholining zaif qatlamlari huquqlarini taʼminlash va himoya qilish sohasidagi milliy va xalqaro tajribani o‘rganish, nogironlar huquqlarini kafolatlovchi tamoyillarning dunyo konstitutsiyalarida aks ettirilishi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonun loyihasini yana-da takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqishdan iborat.

Bu borada umumeʼtirof etilgan xalqaro meʼyorlar va standartlarni milliy qonunchilikka tatbiq etish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. So‘nggi 5 yil ichida Davlat rahbari tashabbusi bilan O‘zbekiston Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro Konvensiyani (NHK) ratifikatsiya qildi, mamlakatimiz Osiyo-Tinch okeani mintaqasida nogironlarning asl huquqlarini taʼminlash bo‘yicha Inchxon strategiyasiga qo‘shildi, ikkita yangi “Nogironlar huquqlari to‘g‘risida” gi hamda “Keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy zaif toifalari uchun ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi.

Mazkur qonun hujjatlari inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarda aks ettirilgan nogironlarning huquqlarini taʼminlashga oid asosiy tamoyillarni, shu jumladan,  

• nogironlarning qadr-qimmati, mustaqilligi, tanlash erkinligini hurmatlash;

• nogironlik tufayli kamsitish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik;

• inson huquq va erkinliklarini amalga oshirishda imkoniyatlarning tengligi;

• nogiron bolalarning rivojlanayotgan qobiliyatlarini hurmat qilish va ularning individualligini saqlab qolish huquqi;

• nogironlar uchun turli obyektlar va xizmatlardan to‘siqsiz to‘laqonli foydalanish imkoniyatining mavjudligi;

• nogironlarni jamiyat va davlat hayotiga jalb qilish kabi tamoyillarni o‘zida mujassam etdi.

Bundan tashqari, mamlakatimizda 2030 yilgacha bo‘lgan davrda BMT Global kun tartibining Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish doirasida, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalar ishlab chiqildi hamda izchil amalga oshirilmoqda. Unda nogironlar huquqlarini taʼminlashga doir maqsad va vazifalar ham o‘z aksini topgan. Shuningdek, 2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi amalga oshirilmoqda. Bu boradagi aniq maqsadli vazifalar belgilab olindi va hal etilmoqda. Ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

• taʼlim muassasalari sharoitlarini imkoniyati cheklangan bolalarning manfaatlarini hisobga oladigan darajada yaxshilash orqali nogironlar uchun barcha darajadagi taʼlim va kasbiy-texnik tayyorgarlikdan teng foydalanish imkoniyatini, barcha uchun xavfsiz va samarali o‘qitish muhitini taʼminlash;

• barcha xotin-qizlar va erkaklarni, shu jumladan, yoshlar va nogironlarni barqaror va samarali ish bilan band etish hamda munosib ish bilan taʼminlash shuningdek, teng qiymatli mehnat uchun teng ish haqi to‘lanishini taʼminlash.

• nogironligidan qatʼi nazar, barcha odamlarning ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy hayotda faol ishtirokini rag‘batlantirish;

• nogironlarni qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish, jumladan, ularning jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotida faol jalb etishni taʼminlovchi inklyuziv taʼlim hamda ish bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish orqali ularning yashash sifati va turmush farovonligi darajasini oshirish, shuningdek, nogironlikni aniqlash bo‘yicha ijtimoiy model tizimiga bosqichma-bosqich o‘tishni taʼminlash va boshqalar.

Bundan tashqari, nogironlarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning institutsional asoslarini mustahkamlash, ijtimoiy himoya va tibbiy-ijtimoiy yordamning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishga yangi yondashuvlarni joriy etish maqsadida Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi, Nogironligi bo‘lgan shaxslar ishlari bo‘yicha idoralararo Kengash, shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Nogironlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi. Keksalar, nogironlar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa qatlamlarining avtomatlashtirilgan yagona elektron reyestri tizimi yaratildi.

Jamoatchilik eshituvi ishtirokchilari bugungi kunda nogironlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinayotganligini taʼkidladilar. Biroq, amaldagi Konstitutsiyada nogironlar yoki imkoniyati cheklangan shaxslar haqida so‘z yuritilmagan. Shu munosabat bilan Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga ushbu sohaga taalluqli bir qator yangi bandlar kiritildi.

 Mazkur yangilanishlarning Birinchi guruhi Konstitutsiyaning Muqaddimasida o‘z ifodasini topgan hamda ular:

• O‘zbekiston yagona xalqining inson huquq va erkinliklariga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqligini mustahkamlash;

• har bir insonning shaʼni va qadr-qimmati, farovonligi va manfaatlari haqida g‘amxo‘rlik qiladigan insonparvar va ijtimoiy davlatni barpo etish va mustahkamlashga intilishni aks ettiradi.

Ikkinchi guruh Konstitutsiyaning 13 va 18-moddalaridagi normalardan iborat bo‘lib, unda:

• insonning shaʼni va qadr-qimmatini, uning huquq va erkinliklarini hurmat qilish, unga rioya qilish, himoya qilishga davlatning masʼul ekanligi;

• inson qadr-qimmati, asosiy huquq va erkinliklari daxlsiz, ajralmas va har bir insonga tug‘ilganidan boshlab tegishli ekanligi qayd etiladi.

Yangilanishlarning Uchinchi guruhi Konstitutsiyaning 39-moddasiga kiritilgan:

• har bir shaxs keksayganda, ishga yaroqsiz bo‘lganda, ishsizlik, nogironlik, shuningdek boquvchisini yo‘qotgan holatlarda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy taʼminot olish huquqiga ega;

• davlat ijtimoiy xizmatlar tizimini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi, davlat pensiyalari, nafaqalari va boshqa ijtimoiy yordam turlarini belgilaydi. Shu bilan birga, pensiyalar, nafaqalar va boshqa ijtimoiy yordam turlari rasmiy ravishda belgilangan eng kam isteʼmol xarajatlaridan past bo‘lishi mumkin emas;

• davlat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam taʼminlangan, yaxshi uy-joy sharoitlariga muhtoj fuqarolarni uy-joy bilan taʼminlaydi, nogironlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan teng sharoitlarni yaratadi;

• nogironlarga nisbatan har qanday yakkalash, ajratish, chetlatish, cheklash yoki afzal ko‘rish, shuningdek nogironlarga obyektlar va xizmatlardan foydalanish uchun sharoit yaratishdan bosh tortish taqiqlanadi.

To‘rtinchi guruh Konstitutsiyaning 40-moddasi normalarida o‘z aksini topgan:

• har bir inson sog‘liqni saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega;

• fuqarolar qonunda belgilangan hajmda kafolatlangan bepul tibbiy yordam, shuningdek, tez yordam va shoshilinch tibbiy yordam olish huquqiga ega.

Beshinchi guruh Konstitutsiyaning 41 va 45-moddalarida ko‘rsatilgan huquqlar bilan bog‘liq:

• maxsus taʼlimga ehtiyojmand va individual imkoniyatlari bo‘lgan bolalar uchun taʼlim tashkilotlarida inklyuziv taʼlim va tarbiya tashkil etiladi;

• davlat aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarining hayot sifatini yaxshilashga, boshqa fuqarolar bilan jamoat va davlat hayotida teng ishtirok etishlari uchun sharoit yaratishga va asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda taʼminlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan choralarni ko‘radi.

Oltinchi guruh esa Hukumatning majburiyatlarini mustahkamlaydi (Konstitutsiyaning 98 moddasi):

• ijtimoiy himoya, shu jumladan, nogironlarni himoyalash tizimining faoliyat ko‘rsatishini taʼminlash;

• fuqarolik jamiyati institutlarini, shu jumladan, jamoat birlashmalarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishdagi ishtirokini, ijtimoiy sheriklik dasturlarini amalga oshirishni taʼminlaydi.

Xalqaro eshituv ishtirokchilari tomonidan Jahon davlatlarining konstitutsiyaviy rivojlanishini o‘rganishga asoslangan tahlillarga tayangan holda qayd etildiki, dunyo mamlakatlari orasida o‘z Konstitutsiyasiga nogironlar tengligi to‘g‘risidagi qoidani kiritgan birinchi mamlakat Kanada bo‘lib,  unda: “Har bir shaxs hech qanday kamsitishsiz, shu jumladan, irqi, millati, dini, jinsi, yoshi, aqliy yoki jismoniy nuqsonlaridan qatʼiy nazar qonun oldida tengdir.”, deyiladi.

Germaniyaning Asosiy qonunida ham xuddi shu mazmundagi norma mustahkamlab qo‘yilgan: “Hech bir inson nogironligi sababli kamsitilishi mumkin emas”. Qonunga ko‘ra, har bir fuqaro “reabilitatsiya qilish va odatiy hayot tarziga integratsiyalashish huquqiga ega”, mamlakatning Asosiy qonuni qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlarining nafaqat federal darajadagi, balki barcha mahalliy federal yerlar hamda jamoalar doirasidagi quyi darajalari, shuningdek, turli jamoat idoralari va muassasalari zimmasiga barcha toifadagi nogironlarni “imkon qadar odatiy hayot tarziga kiritish, integratsiyalash” bo‘yicha barcha choralarni ko‘rish masʼuliyatini yuklaydi.

Nogironlarning huquqlari Vengriya Konstitutsiyasida ham o‘z aks topgan: “Vengriya har kimga kamsitishlarsiz, xususan, irqi, tanasining rangi, jinsi, nogironligi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa eʼtiqodlari, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy holati, tug‘ilishi yoki boshqa biror maqomidan qatʼiy nazar asosiy huquqlarni kafolatlaydi. Davlatning “alohida chora-tadbirlar orqali oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar va nogironlar himoyasini taʼminlashi” ko‘rsatilgan.

Dunyo mamlakatlari Konstitutsiyalarini o‘rganish shuni ko‘rsatdiki, ularda ham:

•nogironligi bo‘lgan har qanday shaxsning barcha joylarga kirishi, jamoat transportidan va maʼlumotlardan oqilona foydalanishi; imo-ishoralar tili, Brayl alifbosi yoki boshqa tegishli aloqa vositalaridan foydalanishi; shaxsning nogironligi bilan bog‘liq zarur materiallar, moddalar va qurilmalarga ega bo‘lishi, shu bilan birga, nogironligi bo‘lgan har qanday shaxsning jamiyat hayotidagi to‘laqonli ishtirokini va o‘z huquqlaridan samarali foydalanishini taʼminlash uchun binolarda, infratuzilma obyektlarida, transport vositalarida maxsus moslashtirish uskuna va moslamalarini qo‘llash, oqilona mehnat sharoitlari, mehnat qoidalari, amaliyoti yoki muolajalaridan foydalanish huquqi mustahkamlangan.

Milliy va xalqaro konstitutsiyaviy-huquqiy rivojlanish qonuniyatlarini hisobga olgan holda, xalqaro eshituv ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasiga quyidagi normalarni kiritish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qildilar:

1. Hech kimning nogironligi tufayli kamsitilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

2. Davlat barcha fuqarolarga reabilitatsiya va odatiy hayot tarziga kirishish huquqini beradi. Qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlarini, shuningdek, davlat hokimiyatining boshqa muassasa va tashkilotlarini barcha toifadagi nogironlarni “imkon qadar odatiy hayot tarziga kiritish” uchun barcha choralarni ko‘rish majburiyatini yuklaydi.

3. Davlat har bir kishining, xususan, irqi, tanasining rangi, jinsi, nogironligi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa eʼtiqodlari, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy holati, tug‘ilishi yoki boshqa har qanday maqomidan qatʼiy nazar, hech bir kamsitishlarsiz, asosiy huquqlarini kafolatlaydi.

4. Davlat alohida chora-tadbirlar orqali oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar va imkoniyati cheklangan shaxslar himoyasini taʼminlaydi.

5. Har qanday nogironligi bo‘lgan shaxs barcha joylarga kirish, jamoat transportidan va maʼlumotlardan oqilona foydalanish; imo-ishoralar tili, Brayl alifbosi yoki boshqa tegishli aloqa vositalaridan foydalanish; shaxsning nogironligi bilan bog‘liq zarur materiallar, moddalar va qurilmalarga ega bo‘lish huquqiga ega.

6. Nogironligi bo‘lgan har qanday shaxsning jamiyat hayotidagi to‘laqonli ishtirokini va o‘z huquqlaridan samarali foydalanishini taʼminlash uchun binolarda, infratuzilma obyektlarida, transport vositalarida maxsus moslashtirish uskuna va moslamalarini qo‘llash, oqilona mehnat sharoitlari, mehnat qoidalari, amaliyoti yoki muolajalaridan foydalanish huquqiga ega.

7. Davlat nogironlikning oldini olish, imkoniyati cheklangan shaxslarni davolash, reabilitatsiya qilish hamda integratsiyalash va ularning oilalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha milliy siyosatni amalga oshirish, jamiyatni imkoniyati cheklangan shaxslar oldidagi o‘z majburiyatlarini, ularga nisbatan hurmat va hamjihatlik hissini anglaydigan tarzda tarbiyalash, shuningdek, ota-onalari yoki vasiylari majburiyatlariga zarar yetkazmagan holda, ularning huquqlarini samarali taʼminlash majburiyatini oladi.  

8. Nogironlar insoniy qadr-qimmat va hurmat qilish huquqiga ega bo‘lib, davlat va jamiyat ularning o‘z aqliy va jismoniy salohiyatlarini to‘la ro‘yobga chiqarishi uchun tegishli choralarni ko‘rishi lozim.

9. Davlat nogironlarning ovoz berish huquqini kafolatlashi kerak.

10. Parlament nogiron fuqarolarni ro‘yxatga olish va ovoz berishga ko‘maklashuvchi qonunlarni qabul qiladi.

11. Davlat:

 •nogironlarning inklyuziv ish bilan erkin ravishda taʼminlanishiga imkon yaratadi;

• nogiron bolalarning inklyuziv taʼlim olishini taʼminlaydi;

• imkoniyati cheklangan bolalarning maktabgacha taʼlimdan foydalanish darajasini oshirish choralarini ko‘radi;

• nogironlarning harakatlanishi hamda axborot olishi uchun jamoat joylarida, ayniqsa, tibbiyot muassasalarida barcha shart-sharoitlarni, (masalan, panduslar, liftlar, surdotarjima) yaratadi;

• nogironligi bo‘lgan shaxslarning axborot olish huquqlari hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarni keng omma uchun mo‘ljallangan, qulay formatlardagi va nogironlikning turli shakllari hisobga olingan texnologiyalardan foydalangan holda axborot bilan taʼminlaydi.

12.  Davlat imo-ishoralar tili, o‘zaro muloqotning boshqa muqobil shakllaridan (Brayl harflaridan va ovozli shakllardan) foydalanilishini taʼminlaydi. Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarga televizion dasturlar, filmlar, teatr tadbirlari va boshqa madaniy tadbirlarning ular uchun qulay formatlarda bo‘lishini taʼminlaydi. Davlat telekanallarida yangiliklar ko‘rsatuvlarining surdotarjima yoki subtitrlar bilan namoyish etilishi taʼminlanadi.

Tadbir yakunida xalqaro eshituv ishtirokchilari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar – Asosiy qonunimizni zamonaviy voqeliklar bilan uyg‘unlashtirish, nogironlarning imkoniyatlarini xalqaro standartlarga muvofiq kengaytirish, shuningdek, ularni jamiyat va davlat hayotining barcha sohalariga faol jalb etishga qaratilganligini taʼkidladilar. Ular Yangi O‘zbekistonda yaratilgan siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy shart-sharoitlar fuqarolarning, jumladan, barcha toifadagi nogironlarning, xususan, nogiron ayollar va nogiron bolalarning konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlashga imkon yaratishiga ishonch bildirdilar.