O‘zbekistonda o‘qituvchi bo‘lish va qul bo‘lish o‘rtasida deyarli farq yo‘q

O‘tgan haftada Angrenda sodir bo‘lgan holat haqida o‘qigan bo‘lsangiz kerak. Ko‘rinib turibdi haligacha o‘qituvchilar har qanday ishni qilib ketaveradigan ishchilardek qabul qilinadi. To‘g‘ri, prokurorning qilgan ishi OAVda judayam katta rezonans ko‘tardi. Buning natijasida o‘sha prokuror o‘qituvchilardan kechirim ham so‘rab chiqdi. Lekin, bo‘lib o‘tgan hodisa o‘qituvchilarning mavqesi oxirgi yillarda umuman ko‘tarilmaganligini yaqqol ko‘rsatdi. O‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilish holatlari so‘ngi yillarda keskin kamaygan bo‘lishiga qaramasdan, yuqoriroq lavozimda ishlaydigan rahbarlar haligacha o‘qituvchilarni “mardikor” sifatida ko‘radi.

So‘ngi yillarda o‘qituvchilar jamiyatning boshqa soha vakillariga nisbatan jiddiy darajada kambag‘allashib bormoqda. Xususan, 2017 yilda(yanvar-sentyabr taʼlim sohasida band bo‘lgan xodimlarning o‘rtacha maoshi respublikadagi o‘rtacha ish maoshidan21% ga kamroq bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda bu ko‘rsatgich 30% ni tashkil etadi. Yaʼni 2017 yilda taʼlim sohasida band bo‘lgan xodimlar o‘rtacha o‘zbekistonlikdan 21% kamroq daromad topgan bo‘lsa hozirgi kunga kelib ulardan 30% kamroq maosh olishadi. Agar bu davrda daromadlari nisbatan yuqori o‘sgan soha vakillari bilan taqqoslansa, vaziyat yana-da jiddiy ekanligiga guvoh bo‘lamiz. Xususan, o‘qituvchilarning maoshi 2017 yilda bank-moliya sohasi vakillarining maoshidan 57% ga kamroq bo‘lgan bo‘lsa, bu ko‘rsatgich hozirgi kunga kelib 73% ni tashkil etadi. Boshqacha aytganda, hozirgi kunda o‘rtacha o‘qituvchi bir oyda o‘rtacha bank-moliya sohasi vakili maoshining 27% ini ishlab topadi xolos. Ko‘rib turganingizdek, o‘qituvchilar jamiyatning eng kambag‘al vakillariga aylanib bormoqda. Yaʼni ular boshqa soha vakillariga nisbatan yildan-yilga kambag‘allashib bormoqda(tibbiyot xodimlari mustasno).

Qaror qabul qiluvchilar o‘qituvchilarni shundoq ham jamiyatning eng kambag‘al vakillariga aylantirayotganliklaridan tashqari, ularni yana istagancha qul qilib ishlatishga ham tayyor.

O‘ylaymanki, o‘qituvchilarning hayoti moliyaviy jihatdan mustahkamlanmas ekan, ularning obro‘si va ularga bo‘lgan munosabat hech qachon o‘zgarmaydi. Ularni hurmat qilish, eʼzozlash kabi davolar esa quruq gapdan boshqa hech narsa emas. O‘qituvchilar jamiyatning eng oldi va hurmatga sazovor vakillariga aylanishadi, qachonki ularning daromadi boshqa soha vakillarining daromadlariga tenglashsa yoki ulardan ham ilgarilab ketsa. O‘qituvchilarning moliyaviy rag‘batlari yaxshilanmasdan qilinadigan harakatlar esa maʼnoga va natijaga ega emas.

Manba