2000-yili Toshkent Moliya institutini bakalavr va 2002-yilda magistraturasini tamomlagan. Aniq, lo’nda va keskin, o‘yindan tashqari fikrlar egasi. the_bakiroo telegram kanali muallifi, iqtisodchi/bloger.
Apreldan dekabrga qadar 1697 nafar o‘qituvchi maoshiga qo‘shimcha 5 million 390 ming so‘m miqdorida (eng kam ish haqi 5,5 barobari) miqdorida ustama olishadi. Oylik maoshlarga ustamalar qo‘shilsa, kamida 1700ga yaqin o‘qituvchilar 9-10 mln so‘mga daromadga ega chiqishadi. Rag‘batlantirish ro‘yxatiga tushgan o‘qituvchilar uchun qancha xursand bo‘lmayin, shundayam ularning oylik daromadi 1000 dollarga (11,5 mln.so‘m) yetmaydi.
Albatta bu hali kam, marraga esa juda sekin ketilmoqda. O‘qituvchilarning maoshi 1000 dollarga yetkazilishi haqida ilk bayonotlar aytilganiga 5 yil bo‘ldi, keyinchalik bu marra faqat oliy toifali o‘qituvchilarga oid bo‘lishi qo‘shimcha qilindi. Eng oxirgi vaʼdalarga ko‘ra bu maqsadga yetishish 2024 yilda amalga oshishi eʼlon qilingan. Shungayam 9 oy qoldi. Vaʼda bajariladimi? Bu ketishda juda qiyin.
Yana bir gap. Katta vaʼdalarga qaramay, o‘qituvchilarning oyligi amalda mamlakat bo‘yicha o‘rtacha oylikdan ancha ortda qolishda davom etmoqda. 5 yil avval o‘qituvchilar o‘rta qatlamga yaqinroq bo‘lgan bo‘lsa, bugunga kelib sezilarli tarzda uzoqlashgan. Bu osmondan olingan gap emas, rasmiy statistika bo‘yicha shunday. Uzoqqa bormaylik, o‘qituvchilarning oyligi oxirgi marta 2022 yil iyunda oshgan va endi 2023 yil 1 maydan 7%ga oshadi. Bu davrdagi yig‘ilgan inflyatsiya 10%dan ziyod bo‘ldi. Demak, amalda o‘qituvchilarning daromadlari oshish o‘rniga, kamaydi.
Ikkinchi masala, dollarning o‘zi inflyatsiya hisobiga oxirgi 5 yilda AQSHda 19,53% atrofida qiymatini yo‘qotgan. Yaʼni 2018 yildagi 1000 dollar hozir 800 dollar, 2024 yilda 800 dollardan kamroq real qiymatga ega bo‘ladi, 2030 yilda balki 500 dollarlik real qiymatga ega bo‘ladi. Ko‘rayapsizki, ming dollarlik oylikka yetish vazifasi qancha keyinga qoldirilsa, vaʼda berganlarga shuncha yaxshi, aytaylik dollarning qiymati yo‘qotilishi hisobiga, masalan 2030 yilda bu nominal marraga o‘z o‘zidan, hech bir qo‘shimcha xarajat va moliyalashtirishsiz ham yetilishi mumkin. Bilmadim, balki amalda shunday ham bo‘lar.
