Bizga o‘rta sinf kerak emas: O‘zbekistonda kichik biznesning tanazzuli davom etmoqda

2023 yil 1 aprel holatiga o‘tgan yilning shu davri bilan solishtirganda kichik biznes subyektlarining soni 58,2 mingtaga yoki 12,3%ga kamaygan.

Eng katta kamayish O‘zbekiston qonunlari amal qilmaydigan Andijon viloyatida ro‘y bergan. Qonunchilikdan xoli zonaga aylangan hududda kichik biznes subyektlari soni 25,7%ga qisqargan. Boshqacha aytganda, kamida har to‘rtta biznesdan bittasi yopilgan.

Siz aytishingiz mumkin, kichik biznesning xarakteri va ish uslubi shunaqa: yopiladi va ochiladi. Lekin yangitdan ochilayotgan biznes subyektlari soni ham kamayishni boshlagan. Yanvar- mart oylarida 23,2 mingta yangi biznes paydo bo‘lgan, lekin bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,1%ga kamroq.

Yopilgan biznesning netto ko‘rsatkichi oydinlashtirilmagan bo‘lsada, bu raqamda 100 mingdan ziyod va shu sababli yangi davrda va umuman birinchi marta kichik biznes subyektlari umumiy sonini kamayishi qayd etilgan.

Kichik biznes nafaqat sonda, mundarija va vaznda ham o‘z o‘rnini yo‘qotib bormoqda. Kichik biznesning YAIMdagi ulushi pasayishda davom etib 43,7%gacha tushgan. Eslatib o‘tamiz, 2016 yil yakunlari bo‘yicha kichik biznesning YAIMdagi ulushi 56,9%ni tashkil etgan.

Bularning hammasi tasodifan va to‘satdan ro‘y berayotgani yo‘q. O‘zbek chinovniklari bilan chatishib ketgan oligarxiya va yirik biznes uchun misli ko‘rilmagan imtiyozlar fonida kichik biznesga soliq yuki faqat ortib bormoqda. Raqobat muhiti buzilgan. Antimonopoliya qoidalari ishlayotgan yo‘q. Repressiv nazorat apparatining butun resurslari va eʼtibori kichik biznesga qaratilgan. Qator segmentlarda bozorga kirish imkonsiz yoki ishlab bo‘lmas darajaga yetkazilgan.

Nazarimda va shaxsiy fikrimcha, bu muhitning shakllanishi maqsadli ravishda amalga oshirilmoqda. Chunki o‘zining mustaqil ovozi, erkinlik talabi, har doim qonunchilikka appelyatsiya qiladigan va doim noqulay savollarni kun tartibiga olib chiqadigan o‘rta sinf kimga kerak? O‘rta sinfni aynan kichik biznes yaratishi inobatga olinsa, hammasi tushunarli bo‘ladi.

Cho‘ntakka yaqin yirik biznesga rag‘bat va kichik biznesning parokandachiligi trendlari menga 2010 yildan keyingi Rossiyani eslatadi. Mustaqil ovoz yaratadigan, kreativ g‘oyalar shakllanadigan, o‘ta egiluvchan va mobil iqtisodiy segmentni Putin nomenklaturasi o‘ziga dushman deb bila boshlagan va keyin barcha noqulaylik aynan shu toifaning hayotini qiyinlashtirishga safarbar etilgan edi. Masalan, 2021 yilda Rossiyada kichik biznesning ulushi 20%dan pastga tushib ketgan, urush boshlangandan keyin statistika eʼlon qilinishi to‘xtatilgan, mustaqil hisoblarga ko‘ra hozirda kichik biznesning YAIMdagi ulushi 15%ga ham yetmaydi va tez orada sinf o‘laroq butunlay tugatiladi.