2000-yili Toshkent Moliya institutini bakalavr va 2002-yilda magistraturasini tamomlagan. Aniq, lo’nda va keskin, o‘yindan tashqari fikrlar egasi. the_bakiroo telegram kanali muallifi, iqtisodchi/bloger.
Pandemiya yilini hisoblamaganda, uchinchi yil ketma-ket to‘lov-kontrakt miqdorlari oshirilmay qolmoqda (bu davrda o‘zbek so‘mi 40 foiz atrofida qiymatini yo‘qotgan). Go‘yoki tijoriy mustaqillik berilgan universitetlarda ham kontrakt miqdori oshirilmaydigan bo‘ldi. Zo‘rku, deyishga uncha shoshilmang. Ha, zo‘r, lekin oqibatlari ham bor.
Birinchidan, davlat nazoratidagi universitetlarning, hatto ularga mustaqillik berilgan bo‘lsa ham moliyaviy ahvoli taranglashib bormoqda. O‘zi o‘tgan yilni o‘zida o‘nlab universitetlar yo zararga yo nolga ishlashni boshlagan. Tabiiyki, bu universitetlarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, professorlar tarkibini moddiy rag‘batlantirish, ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash ishlariga salbiy taʼsir ko‘rsatadi va ko‘rsatmoqda. Hamma talab qilishni yaxshi ko‘radigan taʼlim sifati buzilishni boshlaydi va boshlamoqda.
Ikkinchidan, xarajatlarni qoplash uchun universitetlar super kontrakt va super super kontraktlar orqali talaba yig‘ishga moyilligi ortadi va ortmoqda. “O‘qishga kirish oson, bitirish qiyin bo‘lishi kerak” qoidasi bu yerda amal qilmaydi. Chunki davlat universitetlari kontrakt asosida taʼlim oluvchilarga son jihatdan allaqachon qaram bo‘lib ulgurgan. Endi ular o‘zlari o‘tirgan shoxni o‘zlari kesa olmaydilar, hatto bu haqda shovqinli bayonotlar aytilayotgan bo‘lsa ham.
Uchinchidan, kontrakt summasini oshirmaslik stipendiyalar miqdorini ham oshirmay turishga yetaklaydi. Chunki oliy taʼlimda asosiy xarajatlardan biri stipendiya to‘lovlari. Eslatib o‘tamiz, oxirgi marta stipendiyalar 2021 yilda indeksatsiya qilingan. Hattoki maxsus stipendiyalar miqdori ham o‘zgarishsiz qolmoqda. Bu yildan bazaviy stipendiya minimal isteʼmol xarajatlaridan de-fakto ortda qoldi. Demak, har bir stipendiya oladigan talabani endi rasman kambag‘al deb hisoblash ham mumkin.
To‘rtinchidan, narxlarni uzoq vaqt sunʼiy ravishda o‘zgartirmay ushlab turish, bu elektr yo gaz bo‘ladimi, oliy taʼlimda kontrakt bo‘ladimi yo aytaylik, bu kartoshka bo‘lsa ham masala yechimini va o‘sha tovar-xizmatni siyosiylashtiradi. Keyingi har bir qadamni qo‘yishning ijtimoiy narxi oshib boraveradi, oqibatlar qimmatlashaveradi. Yaʼni ezgu maqsad yo‘lida qopqonga tushiladi. Biz oliy taʼlimda kontrakt narxlari bo‘yicha shuning chegarasida turipmiz. Ertaga narxlarni hatto tannarx darajasiga olib chiqish uchun ham siyosiy qaror qabul qilishga to‘g‘ri kelib qoladi. Yoki bo‘lmasam subsidiyalanadigan, byudjetga qo‘shimcha yuklama bo‘ladigan yana bir segmentni qabul qilib olamiz.
Hammasini ko‘tara olamizmi?
