Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan jinsiy aloqada bo‘lgan amaldorlar ustidan yangi hukm o‘qildi

Bugun Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasida A.M. (1979 yilda Nukus shahrida tug‘ilgan, Xorazm viloyati Adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan) va A.Q. (1984 yilda Yangiariq tumanida tug‘ilgan, Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan) ga oid jinoyat ishini apellyatsiya tartibida yangidan ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi eʼlon qilindi.

Ushbu jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqildi.

Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasining 2023 yil 3 noyabrdagi hukmi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva tuman sudining 2022 yil 6 sentyabrdagi hukmining A. m. va A.Q. ga oid qismi bekor qilinib, sudlanuvchilar A. m. va A. q. Jinoyat kodeksining oldingi tahrirdagi 128-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi va 128-1-moddasi (o‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxsga moddiy qimmatliklar berish yoxud uni mulkiy manfaatdor etish orqali u bilan jinsiy aloqa qilish) da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi va Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida ularning har biriga uzil-kesil 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shu tariqa sudlanuvchilarga nisbatan qo‘llanilgan “garov” tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilinib, A.M. va A.Q. sud zalidan qamoqqa olindi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil sentyabr oyida birinchi instansiya sudi mehribonlik uyi rahbarini O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 135-modda 3-qismi “a” bandi (yoshi 18 yoshga to‘lmaganligi maʼlum bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan odam savdosi), 167-moddasi 2-qismi “D” bandi (xizmat vakolatini suiisteʼmol qilish yo‘li bilan o‘zlashtirish yoki o‘zlashtirish yo‘li bilan o‘g‘irlik qilish) va 209-moddasi 1-qismi (xizmat hujjatlarini qalbakilashtirish) bo‘yicha 5 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilgan.

Adliya va Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rahbarlari Jinoyat kodeksining 128-moddasi 1-qismida (Jinsiy aloqa yoki jinsiy ehtiyojni yoshi 16 yoshga to‘lmagan shaxsga maʼlum bo‘lgan shaxs bilan g‘ayritabiiy shaklda qondirish) va Jinoyat kodeksining 128-1-moddasining eski tahriri (16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxsga moddiy boylik yoki mulkiy naf berish yo‘li bilan jinsiy yaqinlik qilish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

Ularga 1 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash tarzidagi jazo belgilangan edi.

Bugun soat 16.00da O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida (Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Alisher Navoiy shohko‘chasi, 30 uy) Toshkent shahar sudi tomonidan chiqarilgan hukm yuzasidan brifing o‘tkaziladi.