Bir yil avval, 2023 yil yanvarida jamoatchilik diqqat markazi bir muddat Buxoroga qaratilgan edi – shahar markazidagi ko‘plab maʼmuriy binolar, xususan, viloyat va shahar hokimliklari, shuningdek, meʼmoriy jihatdan O‘zbekistonda qiyosi yo‘q stadion o‘rniga “Buxoro turizm markazi”ni qurish loyihasi eʼlon qilingandi.
Xuddi shunday loyiha avvalroq Samarqandda ham qilingan, ammo u yerda bu ish shahar tashqarisida, tarixiy qismidan uzoqda qilingan edi. Buxoroda esa bu ish bevosita shaharning tarixiy markazi biqinida, boz ustiga, qanchadan-qancha binolar buzilishi evaziga amalga oshirilishi jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lgandi.
Norozilik juda avjiga chiqqach, viloyati hokimligi “jamoatchilik fikrini inobatga olib”, turistik markaz uchun “boshqa maqbul yer maydonlari tanlanishi”ni eʼlon qilgandi. Boshqa manbalar esa “Shavkat Mirziyoyev jamoatchilikning eʼtiroziga sabab bo‘lgan Buxoro shahrida qurilishi rejalashtirilgan turistik markaz qurilishini to‘xtatishga topshiriq bergani” haqida yozgandi.
Hozir Buxoroda shu turistik markazni qurilishi mavzusida matbuot anjumani nomli tadbir o‘tkazilyapti, mana bu yerda jonli efirda tomosha qilish mumkin. Video, ovoz sifatida unchalik ham yaxshi emas, lekin shunga qaramay loyiha uchun “boshqa maqbul yer maydonlari” tanlanmagani, o‘tgan yili norozilikka sabab bo‘lgan loyiha o‘sha, ko‘rsatilgan joyida amalga oshirilishini tushunish qiyin emas.
Masalan, so‘zga chiqqanlardan birining aytishicha, sovet davrida qurilgan binolar bilan Buxoroning tashrif qog‘ozchasi hisoblangan tarixiy imoratlar o‘rtasida hamohanglik yo‘q ekan (shuning uchun sovet davrida qurilgan binolarni buzib tashlayversa ham bo‘ladi), stadion-ku umuman befoyda, undan tayinli foydalanilmayapti. Keyin, jahonning rivojlangan shaharlarida ham bunday katta stadionlar shahar tashqarisida joylashgan, Buxoroda ham endi shunday bo‘larkan.
Nima zarurat bor shu turistik markazni qurishga, degan savolga, viloyat hokimi taxminan shunday mazmunda javob berdi: masalan, ziyorat turizmi bo‘yicha juda katta tadbirlar o‘tkazishmoqchi, lekin bunga, katta kongresslarni o‘tkazishga sharoit yo‘q ekan, hokim mehmonlar oldida xijolat ekan. Shuning uchun Buxoroga shunday bir turistik majmua kerak ekan, bu, hokimning aytishicha, “buxoroliklarning asriy orzusi” ekan.
So‘zga chiqqan boshqa bir notiqning aytishicha, Samarqandda shunday turistik markaz qurilgach, hatto Toshkent ham qabul qilolmaydigan xalqaro tadbirlarga endi Samarqand mezbonlik qilayotgan ekan, shunga, endi, “nega endi Buxoro bu masalada ortda qolishi kerak?”.
Mayli, kuzataylik-chi, oxiri nima bo‘larkin. O‘sha gap – bu ketishda qachondir Buxorodagi Poi-Kalon va Samarqanddagi Registon o‘rnida ham mana shunday “asosli sabablar”, “yaxshi niyatlar”, “xijolatpazliklar” bahona qiziq-qiziq loyihalar amalga oshirilsa kerak.