Ko‘rik-tanlov shaffof o‘tyaptimi?

Maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Jadidlar izidan” respublika ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tmoqda.

Joriy yil umumiy o‘rta taʼlim maktabining 6-10-o‘quvchilari o‘rtasida ilk bor “Jadidlar izidan” respublika ko‘rik-tanlovi tashkil qilindi.

Unda buyuk jadid alloma, adib va mutafakkirlarimizning boy maʼnaviy merosini keng targ‘ib qilish orqali o‘quvchilarni kitobxonlikka jalb etish, maʼnaviy dunyosini boyitish, ularda mustaqil va tanqidiy fikrlash ko‘nikmasini shakllantirish, shu bilan birga, jadidlar ilmiy-madaniy merosini yoshlar onggiga singdirish maqsad qilingan. Xo‘sh, tanlov qay darajada shaffof o‘tkazilmoqda?

Tanlovning dastlabki bosqichi tuman va shaharlarda umumiy o‘rta taʼlim maktablaridagi o‘quvchilar o‘rtasida joriy yilning oktyabr oyida o‘tkazildi. Mazkur bosqichda ishtirokchilar jadidlar hayoti va ijodi bo‘yicha 2 ta shart asosida saralab olindi.

Qizg‘in va hayajonli bahs-munozaralarga boy tarzda kechgan ikkinchi bosqich, yaʼni tanlovning hududiy bosqichi noyabr oyida yoshlarni yana bir karra bir maqsad ostida birlashtirdi. Unda viloyat miqyosida jadidlar bilimdonlari respublika bosqichida ishtirok etish uchun o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. Shuningdek, ishtirokchilar “Boshqotirma”, “Jadidlar hayoti va ijodi” (tezkor savol-javob), “Asar tahlili” kabi shartlar bo‘yicha bellashdi.

Yakuniy bosqichda yosh bilimdonlarni yana-da murakkab sinovlar kutmoqda. Unda respublika miqyosida saralangan eng kuchli bilimdonlar tezkor savol-javob, asar tahlili, erkin fikr va insho yozish kabi shartlarda o‘zaro intellektual kurash olib boradi. Bellashuv yakunida har bir sinf toifasi bo‘yicha ishtirokchilarning barcha shartlardagi natijalari qo‘shib hisoblanganda eng yuqori ball to‘plagan ishtirokchilar orasidan 1, 2 va 3-o‘rin egalari aniqlanadi. Agar ishtirokchilar o‘rtasida umumiy ballar teng bo‘lib qolsa, Hakamlar hayʼati tomonidan qo‘shimcha savollar berish orqali g‘oliblar aniqlanadi.

Tanlovda ishtirokchilarga tayyorgarlik ko‘rishi uchun vaqt berilmaydi. Bunda o‘quvchilar hech kim bilan muloqot qilmaydi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri savolga javob beradi. Qolaversa, tanlov o‘tkazilayotgan har bir hududda kamera nazorati o‘rnatilgan. Har bir hududiy bosqich tasvirga olinib, tanlovning YouTube platformasidagi sahifasida joylashtiriladi. Shuningdek, tanlov natijasi bo‘yicha berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun uch kishidan iborat Apellyatsiya komissiyasi ham tashkil etilgan.