Ikki muallif – Avstraliya milliy universitetiga qarashli Tartibga solish va global boshqaruv maktabi ilmiy xodimi Dirk van der Kley hamda Bishkekdagi YEXHT akademiyasi va Filadelfiya Tashqi siyosat tadqiqotlari instituti ilmiy xodimi Niva Yau – Karnegi jamg‘armasi uchun tayyorlagan batafsil tadqiqotida Xitoyning Markaziy Osiyodagi iqtisodiy manfaatlari tobora sanoat loyihalari tomon siljib borayotgani haqida yozadi. Bular qo‘shilgan qiymatga ega va eksport potensiali bor loyihalardir.
Bunday o‘zgarishlarning sababi nima? Mualliflar taʼkidlashicha, bu, asosan, ish o‘rinlari, eksport va davlat daromadlarini oshirish, mahalliy jamoatlar hayotini yaxshilash uchun Xitoyni o‘z iqtisodiy dasturlariga tortishga intilayotgan Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlarining saʼy-harakatlari natijasi bo‘lgan. Agar Xitoy firmalarining Markaziy Osiyoga oid uzoqni ko‘zlovchi rejalari bo‘lsa, bunday talablarga ko‘z yuma olmaydi. Shuning uchun ular bunga javoban, masalan, mahalliylashtirishni (mahalliy xodimlar sonini) ko‘paytirdi, mahalliy jamoatlarga yordam bera boshladi va hk.
Mualliflar taʼkidlashicha, Xitoy Markaziy Osiyodagi manfaatlarining 3 ta asosiy yo‘nalishi bor: uglevodorodlarning barqaror importi, mintaqadagi iqtisodiy va siyosiy barqarorlik, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarining siyosiy kun tartibi borasida Xitoy bilan hamkorligi.
So‘nggi 5 yilda Xitoyning eʼtibori mintaqa mamlakatlariga sanoatlashtirishda yordam berish tomon siljidi. So‘nggi yillarda Xitoy Markaziy Osiyoda infratuzilmani rivojlantirish uchun ulkan qarzlar ajratishni deyarli to‘xtatdi. Xitoy qarzining Markaziy Osiyoda asosiy oluvchilari bo‘lgan Qirg‘iziston va Tojikiston bilan so‘nggi yirik kredit bitimi 2014 yilda imzolangan edi. Xitoy firmalari endi buning o‘rniga zavod va fabrikalar qurish, xomashyoni qayta ishlash quvvatlarini rivojlantirish hamda mahalliy qishloq xo‘jalik korxonalari va obyektlarini modernizatsiya qilishga intilmoqda. Ushbu saʼy-harakatlar Markaziy Osiyo mintaqasidagi 5 ta davlatdan to‘rttasiga (ham iqtisodiy, ham siyosiy jihatdan izolyatsiyada qolayotgan Turkmanistondan boshqa barcha mamlakatlarga) mahalliy aholi ishlaydigan va mahalliy ishchilarning ko‘nikmalari oshadigan eksport sohalarini rivojlantirish yo‘lida yordam berishga qaratilgan strategik olg‘a ketishning ajralmas qismi hisoblanadi.
Nega Xitoy Markaziy Osiyoga sanoatlashtirishda yordam bera boshladi?
Birinchidan, Markaziy Osiyo davlatlari Xitoy hukumati va kompaniyalarini aynan sanoatni rivojlantirishga ko‘ndira boshladi. Ular ko‘p sonli mahalliy ishchilarni yollash va malakasini oshirish bo‘yicha dastur va nizomlar ishlab chiqdi, mintaqadagi hukumat amaldorlari esa rivojlantirishning ko‘shma rejalarini ishlab chiqish uchun harakatlarini Xitoy kompaniyalari va hukumati bilan muvofiqlashtira boshladi. Bugungi kunda ular o‘tmishdagidan farqli o‘laroq, davlat qarzlari hajmini oshirish o‘rniga investitsiyalar jalb qilishga harakat qilmoqda.
Ikkinchidan, Xitoy markaziy hukumati va uning 2 ta yetakchi siyosiy banki – Xitoy taraqqiyot banki (CDB) va Xitoy eksimbanki – bunday investitsiyalarga o‘tish va qarz hisobidan moliyalashiriladigan ulkan infratuzilma loyihalaridan voz kechishni rag‘batlantirmoqda.
Uchinchidan, Xitoy firmalari ushbu yangi muhitga moslashmoqda. Soni doimiy tarzda o‘sib borayotgan Xitoy kompaniyalari chet el bozorlari taklif etayotgan imkoniyatlar, mamlakatdagi qattiq raqobat, ishlab chiqarish quvvatlarining keragidan oshiqligi, xitoylik ishchilarning mehnat qiymati oshib borayotgani va Xitoydagi ekologiya meʼyorlari talablarining qattiqlashtirilayotgani sabab chet mamlakatlarga investitsiya kiritmoqda.
Ushbu tamoyil xitoylik investorlar Markaziy Osiyoda turli sohalarda biznesini ochishga o‘tgan 2000-yillar oxiridan boshlangan edi. Markaziy Osiyo mintaqada biznes yuritish sharoitlari Xitoyga nisbatan murakkabroq bo‘lishiga qaramay, jadalligi kamroq bo‘lgan bozorlarni taklif etayotgan edi. Yana ish kuchi xarajatlari kamligi va investitsiya olayotgan mamlakatlar hukumatlarining berayotgan soliq imtiyozlari ham eʼtiborni tortayotgandi.
Imijni o‘zgartirish
Garchi Xitoyga nisbatan salbiy kayfiyat Markaziy Osiyoning hamma joyida tarqalgan deb bo‘lmasa-da, o‘tkazilgan so‘rovlar natijalari ko‘rsatishicha, Xitoy haqida ijobiy fikrda bo‘lgan mahalliy aholi ulushi so‘nggi yillarda ancha-muncha tushib ketdi.
Ammo, so‘nggi yillarda Xitoy kompaniyalari biroz tajriba orttirib, o‘z faoliyatiga nafaqat hukumat maʼqullashini, qolaversa, qandaydir ijtimoiy litsenziya shaklini (yoki ijtimoiy rozilikni) olishga intilib, salbiy ijtimoiy fikr oqibatlariga moslashishni o‘rgandi.
Xitoy kompaniyalari Markaziy Osiyodagi aksilxitoy kayfiyatlarini yengishga harakat qilmoqda, shu bilan birga, ular mahalliy hokimiyat idoralarining iqtisodiy hissani oshirish haqidagi talablarini ham qondirishga intilmoqda. Qozog‘istondagi eng yirik investor bo‘lgan Xitoy neft kompaniyasi (CNPC) qayd etishicha, ushbu mamlakatdagi ish kuchining 97 foizini mahalliylashtirgan. Xitoyning 2 ta asosiy telekommunikatsiya kompaniya – ZTE va Huawei – ushbu maqola mualliflari bilan suhbatda Qozog‘istoda ochilgan firmalardagi ish kuchining 80 foizdan oshig‘i mahalliy aholi vakillaridan iborat ekanini xabar qildi. Xitoy bilan ikki tomonlama qo‘shma loyihalar ro‘yxatida Qozog‘iston hukumati mahalliylashtirish bo‘yicha maqsadlarini ko‘rsatib o‘tadi (Qozog‘iston hukumati taʼkidlashicha, ayrim hollarda to‘liq amalga oshirilgan, masalan, Chimkent neftni qayta ishlash zavodini rekonstruksiya qilish loyihasi mahalliy aholi uchun 2296 ta ish o‘rni yaratdi).
Xitoy firmalariga Qirg‘iziston va Qozog‘istondagi kasaba uyushmalari va fuqarolik jamiyati faollari ish kuchini mahalliylashtirishni talab qilmoqda Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlari loyiha shartnomalariga mahalliy xodimlarni ishga yollash bo‘yicha tegishli majburiyatlarni kiritib, chet eldan moliyalashtiriladigan barcha yoki ayrim loyihalar uchun kvotalar belgilab, chet ellik ishchilarga beriladigan ruxsatnomalar miqdorini cheklab, mahalliy ish o‘rinlari o‘sishini rag‘batlantirishga intilmoqda.
Ayni choqda Qozog‘iston hukumati chet ellik ishchilar uchun kvotani qisqartirib, va ushbu qoidani buzayotganlarga nisbatan tekshiruvlar sonini oshirib, bunday choralarni qattiqlashtirmoqda. 2019 yilda chet ellik ishchilar uchun kvota 49000 tagacha belgilangan edi, 2020 yilga kelib esa bu ko‘rsatkich 29000 ga tushirildi. Tojikiston qonunchiligida belgilanishicha, chet ellik ishchilar maʼlum bir kompaniya umumiy xodimlari sonining 30 foizidan oshiq bo‘lishi mumkin emas, bu yerda ham kvotalar tizimi amal qiladi. 2019 yilgi vkota 7500 nafar ishchi qilib belgilangan edi.
Iqtisodiy sabab
Butun Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘ylab mahalliy ishchilarning maoshi odatda bu yerga olib kelinadigan xitoylik ishchilarnikidan kamroqdir.
Bundan tashqari, Xitoy firmalari xitoylik ishchilarni yollash chog‘ida vizani rasmiylashtirish, chet davlatlarda ishlaganlik uchun kompensatsiya puli to‘lash hamda Xitoyga borish va Xitoydan kelishga mablag‘ ajratish singari ko‘proq xarajatlar qilishga majbur bo‘lmoqda.
Xitoy kompaniyalari mahalliy ishchilarni ko‘proq yollamoqchi ekanini ochiq aytmoqda, chunki bu ancha arzon. Shunday firmalardan biri Xitoyning Tojikistondagi eng yirik investori – Tojik-xitoy tog‘ sanoati kompaniyasi Sug‘d viloyatining shimoli-g‘arbida qo‘rg‘oshin va rux konlarini yuritmoqda. Kompaniya vakili matbuot uchun bergan bir bayonotida firma mahalliy ish amaliyoti uchun hatto qonunchilikda ko‘zda tutilgan darajadan ham tobora kamroq xitoylik ishchilarni yollab, ish kuchi xarajatlarini kamaytirishga intilayotganini gapirgan edi:
“Tojik-xitoy tog‘ sanoati kompaniyasining (Tajik-Sino Mining) asosiy raqobat ustunliklaridan biri ish haqi hisoblanadi. Tojikiston hukumati talab qilayotganiday, kompaniya doimo Xitoy va Tojikiston ishchilari nisbatini uchga (xitoyliklar) yetti (tojikistonliklar) holatida ushlab turadi. Biroq 2016 yildan boshlab, kompaniya xitoylik xodimlar miqdorini (ushbu talablardan ham yuqori tarzda) asta-sekin cheklay bormoqda. Kompaniya 3 – 5 yillik qattiq mehnat qilingandan so‘ng xitoylik va tojik ishchilari nisbati birga to‘qqiz (1:9) ko‘rinishida cheklanadi. Ayni paytda Tojik-xitoy tog‘ sanoati kompaniyasida mehnat qilayotgan tojikistonlik ishchilarining oylik maosh darajasi 300 dollardan oshmaydi. Kompaniya bir vaqtning o‘zida mehnat unumdorligini oshirish barobarida xitoylik va tojikistonlik ishchilar nisbatini va xodimlarning umumiy sonini o‘zgartirish hisobiga xarajatlarni barqaror ravishda nazorat qilishga intilmoqda”. (Shanghai Stock Exchange Roadshow, “Xizang Zhufeng 600338” [Tibet Summit 600338].
Ko‘nikmalar muammosi
Sovet davrida Markaziy Osiyodagi sanoatlashtirish ko‘p jihatdan mintaqaga yuborilgan yuqori malakali rossiyalik mutaxassislar Markaziy Osiyodagi sanoat sohalarini qo‘llab quvvatlash uchun subsidiyalar ajratishiga bog‘liq bo‘lgan, aks holda ular raqobatbardosh bo‘lishi dargumon edi. Biroq ushbu model Sovet Ititfoqi parchalanib ketgandan so‘ng barbod bo‘ldi. Ko‘p sohalardan yuqori malakali mutaxassislarning ketib qolishi va ularning yetishmovchiligi 1991 yildan 2015 yilgacha bo‘lgan davrda mintaqa mamlakatlari sanoati tanazzuliga olib keldi.
Xitoy savdo vazirligi Qozog‘istonda biznes yuritish bo‘yicha chiqargan yo‘riqnomada “Qozog‘istondagi sanoat ishchilarining professional ko‘nikmalari sustligi, ishchilar mehnati samaradorligi pastligi va ularni ish joyida ushlab qolish mashaqqatlari bilan bog‘liq katta muammolar bor. Professional texnik xodimlar va yuqori malakali mutaxassislar tanqisligi hali-hamon yechimini kutib turibdi”, deb yozib, xitoylik potensial investorlar uchun ushbu muammoni taʼkidlab ko‘rsatadi. Xitoyning eksport kreditlarini sug‘urta qilish bo‘yicha korporatsiyasi (Sinosure) yozishicha, “Tojikistondagi mahalliy ish kuchining texnik imkoniyatlari nisbatan past va bu hol ularning muhim lavozimlarga qo‘yiladigan talabga javob bera olmaydi. Bu hol Tojikistondagi Xitoy moliyalashtirayotgan kompaniyalarning tijorat faoliyati uchun ko‘plab mushkulliklar tug‘dirdi”.
Lekin Xitoy ushbu yetishmovchilikni bartaraf qilmoqchi. Xitoy tashqi ishlar vaziri 2021 yil mayida Markaziy Osiyodagi 5 hamkasbi bilan uchrashuv chog‘ida Xitoy hukumati keyingi 3 yil davomida mintaqaning bir mamlakatida “Lu Ban ustaxonalari” deb nomlangan (Xitoyning afsonaviy hunarmandi, muhandisi va kashfiyotchisi Lu Ban sharafiga shunday deb atalgan) ustaxonalar tashkil etishini maʼlum qilgan edi. Hozircha ushbu treninglar miqyosi nomaʼlum, lekin bu g‘oya Konfutsiy institutining professional ko‘rinishi bo‘lishi mumkin. Xitoy telekompaniyasi (China Central Television (CCTV)) hujjatli filmida taʼkidlanishicha, Qozog‘istonning Pavlodar shahridagi neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish uchun yetkazib berilgan texnologiyalarning 95 foizi Xitoyda ishlab chiqarilgan (hujjatli film Qozog‘istonda Xitoy va Qozog‘iston texnik mutaxassislari ishtirokidagi intervyular bilan tasvirga olingan). CCTV telekompaniyasiga Pavlodardagi Xitoy firmasi bunyod qilgan alyuminiyni qayta ishlash zavodi vitse-prezidenti bildirishicha, Xitoyga tez-tez boradi, chunki “texnologiyalar doimiy tarzda yangilanib turadi va boy berilgan narsalarni egallab olish zarur bo‘ladi”. Hujjatli filmga ko‘ra, Qozog‘istonning Mo‘ynoq shahrida joylashgan gidroelektrostansiyadagi texnologiyalarning 90 foizi Xitoyda ishlab chiqarilgan. Ushbu elektrostansiyasinig bosh operatori Xitoyning Tyanvan daryosida qurilgan gidroelektrostansiyada malaka oshirgan edi. XXRning xalqaro suv va elektr quvvati korporatsiyasi CCTVga 40 qa yaqin Qozog‘iston ishchisini o‘qish uchun Xitoyga yuborganini maʼlum qildi.
Kelgusida Markaziy Osiyodagi Xitoy kompaniyalarida ko‘proq mahalliy menejerlar bo‘lishini kutish mumkin. Sinosure kompaniyasining 2015 yil uchun tayyorlagan hisobotida aytilishicha, Tojikiston hukumati rahbarlik lavozimlarining 50 foizini mahalliy aholi vakillari egallashini bilvosita talab qilmoqda. Ayrim kompaniyalar uchun til bilan bog‘liq to‘siqlar ham muammoligicha qolmoqda. Lekin xitoychani yaxshi biladigan xodimlar ham Xitoy firmalarida ish topa olayotgani yo‘q, chunki ularga til emas, texnik ko‘nikmalar zarur. Ko‘plab kompaniyalar Markaziy Osiyodan xitoyliklarni yollash o‘rniga o‘z xodimlariga til o‘rgatishni taklif etmoqda, chunki ular ishchilarining ko‘nikmalari va tajribasini qadrlaydi. Umuman, Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlari iqtisodiyotini sanoatlashtirish va ish kuchining malakasini oshirishga jiddiy yondashmoqda. Xitoy kompaniyalari borgan sari iqtisodiy faoliyatini Xitoy hukumati bilan muvofiqlashtirishni mintaqa mamlakatlari to‘qnash kelayotgan struktura to‘siqlarini yengib o‘tishga imkon beradigan eng yaxshi variant deb bilmoqda.
Qanday saboq chiqarish mumkin?
Markaziy Osiyo mamlakatlari Xitoy firmalari bilan iqtisodiy hamkorlik masalasida yetarli makonga ega. Xitoy hukumati uchun ushbu tijorat hamkorligining o‘ziga xosligi mana bu tilga olingan 3 ta omil: Markaziy Osiyodagi barqarorlik, mintaqa mamlakatlari eksport qilayotgan uglevodorodlar barqarorligi va Pekin bilan siyosiy kelishuv singari muhim hisoblanmaydi. Pekin ushbu kontekstda mintaqa mamlakatlariga AQSHning moliyaviy va texnologik monopoliyalariga muqobil narsalar berishga tayyor. Shuning uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari Xitoy bilan iqtisodiy hamkorligining aniq shakli va shartlarini kelishib olish uchun ushbu keng strategik va siyosiy parametrlar doirasida taʼsir kuchiga ega.
Ayni choqda Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Xitoyni asosiy infratuzilmani qurishga undash endi ustuvor vazifa bo‘lmay qoldi. Buning o‘rniga bu hukumatlar Xitoy firmalari mintaqaga qayta sanoatlashtirish, bilim va ko‘nikmalar olish, inson kapitalini shakllantirish imkoniyatlarini berishini istaydi. AQSH va Yevropa siyosatchilari ko‘pincha ushbu reallikni esdan chiqaradi. Ular ko‘pchiligi hozirgi paytda infratulizmani moliyalashtirishning muqobil sxemalarini olg‘a surmoqda, bunga AQSH prezidenti Jo Baydenning Build Back Better World (Yaxshiroq dunyo barpo etish) loyihasini misol qilib keltirish mumkin, u Xitoyning “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusi bilan raqobat qilishga yo‘naltirilgandir. Ular Xitoy siyosati va amaliyoti jismoniy infratuzilma qurishdan inson kapitalini rivojlantirishga o‘tganini xodimlarning malakasini oshirayotganini, boshqacha aytganda, Markaziy Osiyo davlatlari ehtiyojlarini imkon qadar qondirayotganini anglab yetayotgani yo‘q. Markaziy Osiyo mamlakatlari va hamjamiyatlarining Xitoy kompaniyalariga yo‘llayotgan signallariga javoban, ushbu mamlakatning mintaqada faoliyat yuritayotgan biznes korxonalari ish o‘rinlari yaratish, eksport uchun tovar ishlab chiqaradigan sohalarni rivojlantirish va Markaziy Osiyo mamlakatlari byudjetlarini ularga soliq tushumlarini ko‘paytirish hisobiga mustahkamlashga tobora ko‘proq eʼtibor qaratmoqda. Vashington, Bryussel va Tokio va hk.ning hamkorlik yoki raqobat strategiyasi bu Xitoy mintaqadagi faoliyatining asosiy qismi ekanini tan olishi kerak.
Shu maʼnoda Markaziy Osiyo mamlakatlari Xitoy hukumati yoki korporativ sektorning go‘l jabrdiydasi emas. Ular Pekin bilan iqtisodiy hamkorlikning xavfi va imkoniyatlaridan yaxshi xabardor hamda iqtisodiy o‘sish, ish kuchini oshirish va yaxshilash, innovatsiyalar va rivojlanishga erishish borasidagi ehtiyojlarini qondirishda mana shu imkoniyatlardan foydalanishga intilmoqda. Butun mintaqadagi hukumatlar amaldorlari asta-sekinlik bilan amalga oshadigan o‘zgarishlarni emas, tub o‘zgarishlarga erishishga chanqoq, chunki ular oddiy o‘zgarishlar zaif rivojlangan mamlakatlar bilan oradagi tafovutlarni bartaraf etmasligini yaxshi biladi. Ular hatto Xitoy firmalari ham Markaziy Osiyoning o‘zida ko‘proq qo‘shilgan qiymatni qoldirishini talab qilmoqda.
Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiy taraqqiyot maqsadlarini shartnomalarga qo‘shishga va xitoylik investorlardan kutilmalarini mustahkamlashga erishishga harakat qilishi kerakligini yaxshi biladi. Biroq pirovardida Xitoy firmalari moliyaviy va texnik yordam ko‘rsatishi, rasmiy Pekin esa Markaziy Osiyo mamlakatlaridan qo‘shilgan qiymat bilan tovar eksport qilish maqsadida bozorini ochishi mumkin, biroq ushbu mamlakatlar hukumatlari anchadan beri iqtisodiyotlari to‘qnash kelayotgan ichki muammolarni hal etish uchun dadilroq va teranroq struktural islohotlar o‘tkazishi kerak bo‘ladi. Ushbu reallik bilan har qanday yirik chet ellik – xitoylik yoki boshqa bo‘lishidan qatʼi nazar – hisoblashishga majbur.
Material Central Asian Analytical Network olindi.