AQSh milliy razvedkasi koronavirusning kelib chiqishi haqidagi yangi hisobotni eʼlon qildi

AQSh razvedka hamjamiyati koronavirus biologik qurol sifatida yaratilgan degan versiyani rad etdi. Bundan tashqari, aksariyat razvedka idoralari SARS-CoV-2 genetik jihatdan o‘zgartirilmaganligini tan olishadi. Tegishli hisobot AQSh Milliy razvedkasi direktori idorasi saytida eʼlon qilindi.

Mamlakat razvedka idoralarining aksariyati virus biologik qurol sifatida ishlab chiqilmagan va “ehtimol, genetik jihatdan ishlab chiqilmagan” deb hisoblaydi. Biroq, ikki departamentning fikricha, bunday baholash uchun “maʼlumotlar yetarli emas edi”, deyiladi hujjatda. Razvedka hamjamiyatiga ko‘ra, Xitoy rasmiylari SARS-CoV-2 mavjudligi to‘g‘risida Uxanda koronavirus infeksiyasi paydo bo‘lgunga qadar bilmagan.

Hisobot mualliflari koronavirusning kelib chiqishi haqida aniq bir xulosaga kela olishmadi. Ikkita versiya asosiy hisoblanadi: virusning hayvondan odamga tabiiy yuqishi yoki “laboratoriya bilan bog‘liq hodisa”.

Koronavirusning kelib chiqishini nihoyat aniqlash uchun Xitoy hamkorligi zarur, deya taʼkidlaydi mualliflar. Biroq hujjatga ko‘ra, Pekin “global tergovga to‘sqinlik qilishda davom etmoqda”, axborot almashinuvini qo‘llab-quvvatlamaydi va boshqa davlatlarni, jumladan, AQShni “ayblashda” davom etmoqda.

Xitoy pandemiya sabablarini tergov qilishga to‘sqinlik qilish va xalqaro hamjamiyatdan maʼlumotlarni yashirish ayblovlarini rad etdi va AQSh hisobotni ilmiy jihatdan noaniq deb atadi. Pekin Vashingtonni “koronavirusning kelib chiqishini siyosiylashtirishni to‘xtatishga” chaqirdi. Iyul oyida xitoylik olimlar o‘zlarining tekshiruvlarini o‘tkazdilar va SARS-CoV-2 sunʼiy ravishda ishlab chiqarilgani ehtimoldan yiroq emasligini aniqladilar.

Koronavirusning kelib chiqishi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan ham o‘rganilmoqda. Mart oyida Uxanga tashrif buyurgan mutaxassislar SARS-CoV-2 paydo bo‘lishining to‘rtta versiyasini taqdim etishdi, ularning eng katta ehtimolligi koronavirusning vositachi hayvon orqali odamlarga yuqishi versiyasidir. Shu bilan birga, JSST laboratoriyasidan virusning sizib chiqishi ehtimoli “dargumon” deb ataldi. Kuzda tashkilot tadqiqotni yangi olimlar guruhi bilan qayta boshlashga qaror qildi. Xitoy avvalroq tergovning ikkinchi bosqichida JSST bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgan edi.

Amerika razvedka xizmatlarining tergovi avgust oyida yakunlangan edi. Keyin razvedka jamoasi ikki lagerga bo‘lingan. Birinchisi, virus zoonotik, yaʼni odam bo‘lmagan hayvonlardan odamlarga o‘tadi, deb ishonishgan. Ikkinchi versiyaga ko‘ra, koronavirus laboratoriyada tayyorlangan bo‘lib, pandemiya Xitoyning Uxan shahridagi laboratoriyadan tashqarida infeksiya “tarqalganidan” keyin boshlangan. Shu bilan birga, sentyabr oyida AQSh pandemiya boshlanishidan oldin ham koronaviruslarni o‘rganishga homiylik qilgani va Uxandagi Virusologiya institutiga uch million dollardan ortiq mablag‘ ajratgani maʼlum bo‘ldi. 2014-2019 yillarda virusning xayvonlardan odamlarga yuqishi mumkinligini tekshirish uchun Milliy sog‘liqni saqlash instituti granti ajratilgan.