AQShda tayyorgarlikdan o‘tgan Afg‘oniston razvedka xizmatining sobiq xodimlari va maxsus armiya bo‘linmalarining sobiq harbiy xizmatchilari IShIDning Afg‘oniston bo‘limiga qo‘shilmoqda, deb yozgan The Wall Street Journal o‘z manbalariga tayanib.
Taʼkidlanganidek, sobiq afg‘on xavfsizlik bo‘yicha amaldorlarining ommaviy safga qo‘shilishi Amerika va boshqa xorijiy qo‘shinlar Afg‘onistondan olib chiqib ketilgandan so‘ng kuzatila boshlangan.
IShIDga qo‘shilganlar soni nisbatan kam, ammo Tolibon yetakchilarining aytishicha, sobiq afg‘on xavfsizlik xodimlari va qochganlarning soni ortib bormoqda. Shuni taʼkidlash kerakki, bu yollanganlar IShIDga razvedka maʼlumotlarini yig‘ish va urush olib borishda muhim tajriba olib keladi, bu radikal tashkilotning Tolibon ustunligiga qarshi kurashish qobiliyatini kuchaytirishi mumkin.
AQSh qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqilishi va mamlakatda hokimiyat Tolibon tomonidan qo‘lga kiritilishidan oldin IShID-Xurosonning afg‘on bo‘limi nisbatan marginal terrorchi tashkilot hisoblangan. Ammo Afg‘oniston xavfsizligining eski tizimi butunlay barbod bo‘lgani va yangi Tolibon hukumati hali shakllanishga ulgurmagani sababli, mamlakatda terrorchilik hujumlari soni keskin ko‘paydi, buning uchun javobgarlikni ISHID o‘z zimmasiga olmoqda.
Maʼlumki, 15 oktyabr kuni IShID xudkushlari Qandahordagi shia masjidiga hujum uyushtirdi, natijada 63 kishi halok bo‘ldi, 83 kishi yaralandi. 8 oktyabr kuni Qunduzdagi masjidda xudkush-terrorchi portlatib yuborildi: 300 ga yaqin dindor, jumladan, bolalar halok bo‘lgan yoki yaralangan. Bundan tashqari, so‘nggi bir oy ichida IShID jangarilari sunniy diniy muassasalar va Tolibon pozitsiyalariga hujum qilgan.
Oktyabr oyi o‘rtalarida Rossiya prezidenti Vladimir Putin birgina Afg‘oniston shimolida ikki mingga yaqin IShID jangarilari to‘planganini aytdi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, “terrorchilar yetakchilari o‘z taʼsirini Markaziy Osiyo davlatlari, Rossiya hududlariga yoyish rejalarini ishlab chiqmoqda”.