Shveysariya federal jinoiy sudi O‘zbekiston birinchi prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ishda muzlatib qo‘yilgan mablag‘lardan Takilantga qariyb 70 million dollarni qaytarishga qaror qildi. Tergov ushbu aktivlar jinoyat natijasida qo‘lga kiritilganligini aniqlay olmadi, deyiladi Federal jinoyat sudi bayonotida. Bu haqda Swissinfo xabar bermoqda.
Gulnora Karimova benefitsiar bo‘lgan Такилант hozirda jinoiy tergov qilinayotgan beshta Shveysariya bankidagi hisob raqamining ikkitasi bilan bog‘liq. Kompaniyadan musodara qilingan umumiy summa 350 million dollardan ortiqni tashkil etgan edi.
Sud xulosasiga ko‘ra, ushbu summaning salmoqli qismi – 293 million dollardan ortig‘i (taxminan 270 million Shveysariya franki) musodara qilinishi kerak, chunki ishda ishtirok etgan bir necha shaxs, jumladan Gulnora Karimovaning o‘zi va uning yordamchisi og‘irlashtirilgan jinoyat pul yuvish holatlari bilan aybdor deb topilgan.
2020 yil dekabr oyi boshida Shveysariya Apellyatsiya sudi Karimovaning Gibraltarda ro‘yxatdan o‘tgan Такилант kompaniyasining qonuniy benefitsiari ekanligi haqidagi daʼvosini qanoatlantirdi, uning mablag‘lari 2018 yilda tergov tomonidan Shveysariya bankidagi hisob raqamida muzlatib qo‘yilgan.
Yevropa davlatlarida Karimova nomi bilan bog‘liq kompaniyalarning jinoiy faoliyati yuzasidan tergov 2012 yilda boshlangan. O‘zbekiston marhum prezidentining to‘ng‘ich qizining ikki ishonchli shaxsi hujjatlarni qalbakilashtirish va pul yuvishda ayblangan. Keyinroq tergov yana ikki kishi – Karimovaning o‘zi (2013 yilda diplomatik daxlsizlik bekor qilinganidan keyin) va uning qarindoshi qo‘shilib tergov qilinuvchilar soni kengaytirilgan.
Jinoiy sxema TeliaSonera, Vimpelcom, Альфа Telecom, MTS kabi xorijiy telekommunikatsiya kompaniyalaridan O‘zbekiston bozoriga kirish evaziga katta miqdordagi pullarni noqonuniy ravishda olishdan iborat edi. Keyinchalik bu mablag‘lar chet elda, asosan Shveysariyada “yuvilgan”. 2018 yilda Shveysariya Karimovani aybdor deb topdi va Shveysariyaning ikkita bankidagi beshta hisobidagi 555 million dollardan ortiq mablag‘ni musodara qilishni buyurgan edi.