Bu haftada Rossiya va NATO aʼzolari orasida qizg‘in muzokaralar o‘tar ekan, Ukraina eng yomon vaziyatga tayyorlanmoqda va fuqarolik armiyasi zahirasini 100 ming kishiga oshirmoqda.
Dushanba (10 yanvar) kuni Rossiya Ukrainaga bostirib kirish rejasi yo‘qligini aytgan bo‘lsa-da, chegara oldida Rossiyaning 100 mingga yaqin harbiylari to‘plangan bir vaqtda Kiyev tavakkal qilish niyatida emas.
Jenevada 7 soatdan ortiq muzokara olib borgan Rossiya va AQSH rasmiylari muloqotni davom ettirish taklifini bildirgan bo‘lsa-da, muvaffaqiyatga erishish belgilari ko‘ringani yo‘q.
Kreml muzokaralarni “ijobiy” deb taʼriflagan esa-da, ikkala tomon ham kelajakdagi muhokamalarning oqibatlaridan xavotirda qolmoqda.
Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Glushko seshanba kuni Rossiya va NATO o‘rtasidagi aloqalarda «haqiqat onlari» yetib kelganini aytdi.
«Ittifoq bilan aloqalarimizda haqiqat onlari yetib kelgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi», deb uning so‘zlaridan iqtibos keltirgan Rossiya axborot agentliklari.
Chorshanba kuni (12.01) Bryusselda NATO-Rossiya kengashining uchrashuvi bo‘lib o‘tadi, payshanbada (13.01) esa Venada Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining doimiy kengashi uchrashadi, unda Ukraina masalasi kun tartibida bo‘ladi.
Ziyolilar qatlami NATOga aʼzo bo‘lishni so‘ramoqda
«Biz katta urush bo‘sag‘asida turibmiz – (Rossiya) so‘nggi yillarda bir nechta kichik urushlarda ishtirok etib kelyapmiz», deyiladi 9 yanvar kuni «Exo Moskvi» tomonidan eʼlon qilingan bayonotda.
«Rossiyada hamma ham uning mahalliy va tashqi siyosatini qo‘llab-quvvatlamaydi», deb aytgan guruh NATOga aʼzo davlatlar yetakchilariga yuzlanib.
«Xalqimiz urushni xohlamaydi», deyiladi bayonotda.
Tashkilotga ko‘ra, Rossiya G‘arbning «tabiiy ittifoqchisidir». «Rossiya uzoq istiqbolda NATOning dushmani emas, balki to‘laqonli aʼzosi bo‘lishi kerakligiga ishonamiz».
«Yurtimizni himoya qilishga tayyormiz»
Ayni paytda Ukraina vaziyatga ehtiyotkorlik bilan yondashib, voqealarning eng yomon rivojiga hozirlik ko‘rmoqda.
Shu hafta bo‘lib o‘tadigan muzokaralar oldidan Kiyev yaqinidagi o‘rmonli hududda o‘tkazilgan mashqlarda fuqarolik armiyasining kamuflyaj kiygan zahiradagi askarlari Rossiya qo‘shinlarining pistirmasiga uchragan.
Arxitektor va tadqiqotchilarni o‘z ichiga olgan potensial ukrainalik askarlar atrofida shartli ravishda tutunli granatalar portlar ekan, ular bunga javoban Kalashnikov avtomatlarining nusxalaridan o‘t ochganlar.
«Menimcha, bu mamlakatdagi har bir inson dushman bostirib kirganida nima qilish kerakligini bilishi zarur», deydi 19 yashar universitet talabasi Daniil Larin mashg‘ulotlar orasidagi qisqa tanaffus chog‘ida.
Rossiya bosqini ehtimoli kuchayar ekan, so‘nggi oylarda o‘nlab tinch fuqarolar Ukraina armiyasi zaxiralariga qo‘shilgan.
Taxminan 100 000 kishiga yetgan zahiradagilar Ukrainaning 215 ming askardan iborat armiyasi safini to‘ldirishi kutilmoqda.
Ko‘ngilli fuqarolar «qurol bilan muomala qilishni, jangovar muhitda o‘zini tutishni, shaharlarni himoya qilishni o‘rganmoqdalar», dedi Larin.
Kursantlar hujum yuz bergan taqdirda Kiyevni himoya qilish uchun tuzilgan zahira batalyonlari tarkibiga kiritilgan.