Turkmanistonda qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?

Maʼlumki, Turkmanistonda rejalashtirilganidan 2 yil avval prezidentlik saylovi o‘tkazildi. Ushbu saylov natijalariga ko‘ra, Serdar Berdimuhamedov zamonaviy Turkmanistonning uchinchi prezidenti sifatida rasman lavozimiga kirishishi kutilmoqda.

Ayni damda ko‘pchilikni hozirgi Turkmanistonning vaziyati qanday, degan savol qiziqtirishi tabiiy.

Qolaversa, bundan keyin Turkmanistonning tashqi va ichki siyosati qaysi yo‘nalishlar bo‘yicha yana-da rivojlana boradi? Serdar Berdimuhamedov hokimiyatga kelganidan so‘ng qanday o‘zgarishlarni kutish mumkin?

Ushbu savollar yuzasidan Ruslan Izimov mustaqil tahlilchi Rustam Muhamedov bilan suhbatlashdi.

Ekspert Rustam Muhamedov Turkmanistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi tadqiqoti bilan shug‘ullanadi.

* Birinchi savolim Turkmanistonda yaqinda eʼlon qilingan prezident saylovi o‘tkazilishi bilan bog‘liq. Bunday shoshilish, sizningcha, nima bilan bog‘liq?

– So‘zim avvalida shuni taʼkidlab o‘tmoqchimanki, birinchi navbatda va umuman olganda, Turkmanistondagi “voris” amaliyoti taxminan 5 – 6 yil oldin boshlangan edi. Shunga ko‘ra, unga rejali tayyorgarlik ko‘rilgan, deb bemalol aytish mumkin. Nima bo‘lganda ham, hamma narsa mantiqiy yakuniga yetishi shart. Buning uchun vaqt talab etilgan edi, xolos, yaʼni Serdar Berdimuhamedov 2016 yilga qadar u yoki bu davlat idoralarida masʼul lavozimlarni egallagan bo‘lsa-da, Turkmaniston media makonida uncha ko‘zga tashlanmayotgan edi. Masalan, u 2008 – 2011 yillarda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi diplomatiya akademiyada o‘qib yurgan paytlardayoq elchining maslahatchisi bo‘lib ishlagan. 2016 yilga kelib, Turkmanistonning o‘zida parlamentga aʼzo bo‘lib, ilk muhim davlat lavozimiga ega  bo‘ldi. 2017 yilda parlamentning qonunchilik bo‘yicha qo‘mitasiga rais etib saylandi. 2019 yilda dastlab Axal viloyati hokimiga o‘rinbosar bo‘ldi. Oradan yarim yil o‘tib esa – 2019 yil o‘rtalarida o‘sha viloyat hokimliliga tayinlandi. 2020 yilda Serdar uchun butun boshli Sanoat va qurilish materiallari vazirligi tashkil etildi. 2021 yilda u yana-da yuqorilab, bosh vazir o‘rinbosari lavozimini egalladi. Turkmaniston siyosiy tizimida vazirlar mahkamasi raisi prezidentning o‘zi ekanini tushunib olish kerak bo‘ladi. Yaʼnikim, Serdar bu tayinlovdan so‘ng bevosita prezidentga bo‘ysunadigan shaxslardan biriga aylandi. Dastlab u raqamlashtirish masalalarini nazorat qildi va Oliy nazorat palatasiga rahbar bo‘ldi, bu unga boshqalari qatori, masalan, Xavfsizlik kengashiga aʼzo bo‘lish huquqini ham berar edi. Nazarimda, bu Turkmanistonda qarorlar qabul qilish bo‘yicha eng muhim institutdir, chunki barcha kuch ishlatar idoralar boshini qovushtiradi. 2021 yil iyulida u oliy nazorat palatasi rahbarligidan ishdan olindi, ammo bosh vazir o‘rinbosari lavozimida qolib, iqtisodiy va moliyaviy masalalarni nazorat qila boshladi. Shu o‘rinda qayd etish joizki, u 2021 yilda ko‘plab chet mamlakatlarga safar qilib, xususan, Turkmanistonning Rossiya va Xitoydagi asosiy tashqi iqtisodiy sheriklari bilan oliy va yuksak darajada muntazam uchrashuvlar o‘tkazdi. Sharhlovchilar, jumladan, mening fikrimcha, buni aynan asosiy sheriklarning xalqaro miqyosdagi qo‘llab-quvvatloviga erishish, yaʼni prezidentlikka nomzod voris sifatida  tashqi legitimlikka (qarorlar qabul qilish huquqiga ega bo‘lishning tan olinishi) intilish deb talqin qilsa bo‘ladi. Allaqanday siyosiy inqiroz yoki hokimiyat uchun qandaydir yashirin kurash yuzaga kelishi ehtimoli bo‘lganda, uning shaxsi nafaqat ichki, qolaversa, tashqi legitimlikka ega bo‘lishi kerak.

Albatta, asosiy savolingizga qaytadigan bo‘lsak, ayni shoshilish 2022 yil boshida Qozorg‘istonda sordir bo‘lgan voqealar bilan bevosita bog‘liq, ular o‘ziga xos katalizator vazifasini o‘tadi, chunki ushbu masala muhokama qilingan Xalq maslahatining navbatdan tashqari majlisini o‘tkazish haqidagi qaror 7 yanvarda qabul qilindi, aniq sana esa ilk qaror eʼlon qilingandan so‘ng oradan 2 hafta o‘tib aniqlandi. 11 fevral sanasi ham ramziy maʼnoga ega edi. O‘sha kuni majlis bo‘lib o‘tdi va aynan o‘sha kuni Berdimuhamedov prezident bo‘lganiga 15 yil to‘ldi. Yana Serdar siyosiy karyerasi davomidagi eng yuqori – bosh vazir o‘rinbosari lavozimini egalladi. Fikrimcha, hozirgi shoshilish status-kvoni saqlab qolishdan manfaatdor bo‘lgan prezident va uning atrofidagilardan iborat rahbariyatning Qozog‘istonda yuz bergan voqealarga yo‘l qo‘ymaslikka intilishi bilan bog‘liq.

Mamlakatdagi joriy voqeliklar hamda u yerda yuz berayotgan voqealar haqidagi yetarli va ishonchli axborot yo‘qligini hisobga olib, siyosiy elita jipsligini va uning turli guruhlari Serdarni voris va bo‘lg‘usi rahbar sifatida qanday qabul qilayotganini baholash qiyin.

Xalq maslahatining navbatdan tashqari majlisini o‘tkazish haqida gap-so‘zlar boshlanganda, prezident yana konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish zarurligini ham aytgan edi. Amaliyot ko‘rsatishicha, Berdimuhamedov hukmronligi davrida o‘zgarishlar odatda uning mavqeini mustahkamlash maqsadida ayrim institutlar faoliyatini oqilona tashkil etish uchun amalga oshirilar edi. Hatto demokratik institutlar ham joriy qilingan. Bunga ko‘p partiyalilik yoki inson haqlari bo‘yicha vakil instituti misol bo‘la oladi.

Men ayrim quvg‘indagi mustaqil turkman OAV bildirayotgan Gurbanguli Berdimuhamedovning og‘ir kasalligi va buning ayni “amaliyot” shoshilinchligiga taʼsiri haqidagi taxminlarni izohlamoqchi emasman. Uning og‘ir kasallik, deylik, diabetga chalinganini tasdiqlashi mumkin bo‘lgan insayderlarim (biror kompaniya yoki tashkilotda maxfiy maʼlumotlarga ega bo‘lgan xodimlar) yoki haqiqatni isbotlovchi bazam yo‘q. Bu ham muhim rol o‘ynaydi. Men ko‘proq ochiq bo‘lgan axborotga tayanaman, albatta, aynan Qozog‘istonda yuz bergan voqealar ushbu qarorga kelinishiga sabab bo‘ldi va bu tutilgan pragmatik yo‘ldir. Yaʼnikim, Gurbanguli Berdimuhamedov Serdar rahbar sifatida oyoqqa turib olishini va umuman, hokimiyatni topshirishning mana shu butun boshli jarayoni amaldagi prezident belgilaydigan sharoit va yo‘nalish bo‘yicha o‘tishini istaydi. Buning uchun bir necha yil talab etilishi mumkin.

* Rahmat, juda qiziqarli. Siz elitalar mavzusini hamda ichki va tashqi siyosat borasidagi sheriklar Serdar Berdimuhamedovni prezident sifatida qanday qabul qilishi xususida fikr yuritdingiz. Men shu munosabat bilan qiziqyapman: biz davlat tuzimining o‘ziga xosliklari sabab Turkmanistonda aslida nimalar bo‘layotganidan kam xabardormiz. Siz ushbu mamlakat bo‘yicha mutaxassis sifatida o‘quvchilarimiz uchun u yerdagi ichki siyosat vaziyat haqida so‘zlab bersangiz. Turkmanistonning siyosiy elitasi qanday tuzilgan? Elita ichida qandaydir klanlarga qarab bo‘linish va raqobatlashuvchi taʼsir guruhlari bormi? Istiqbolda Turkmaniston yetakchisi o‘rnini egallamasa ham, hech bo‘lmaganda, tashqi kuzatuvchi nazdida ko‘zga ko‘rinarli siyosatchi bo‘la oladigan qandaydir alohida shaxslar mavjudmi? Masalan, shaxsiy kuzatishim bo‘yicha eng faol siyosatchilardin biri Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov bo‘lib qolmoqda. Barcha qolgan siyosiy amaldorlar soyada qolib ketayotgandek, ko‘zga tashlanmayapti. Shu haqda so‘zlab bersangiz.

– Xo‘p bo‘ladi. Gapni Turkmaniston chindan ham dunyodagi eng yopiq va avtoritar davlatlardan biri ekanidan va bu hol u yerdagi ichki siyosiy jarayonlar, shuningdek, siyosiy elitaning jipslashganlik darajasi yoki elita orasida yuz berayotgan qandaydir jarayonlar darajasi bo‘yicha tadqiqot o‘tkazishni murakkablashtirishdan boshlamoqchiman. Tarixga bir qur nazar tashlasak: Sovet Ittifoqidan mustaqillik olgandan so‘ng mamlakatda faqat 2 nafar prezident hukmronlik qildi: ko‘proq Turkmanboshi sifatida mashhur Saparmurat Niyozov va hozirgi prezident Gurbanguli Berdimuhamedov. Ikkala rahbar ham o‘ta markazlashgan hokimiyat vertikalini barpo etgan va ushbu hokimiyat vertikali boshida o‘zlari turgan.

Umuman, siyosiy tizim haqida gapiradigan bo‘lsak, mamlakat prezidenti ham rasmiy, ham norasmiy tarzda to‘liq hokimiyatga ega. Konstitutsiyaga nazar tashlaganda ham, unda prezidentga keng vakolatlar berilganini, prezident respublikasi ko‘rinishidagi davlat boshqaruvi shakli haqidagi bandlarni o‘zgartirib bo‘lmasligi mustahkamlab qo‘yilganini ko‘rish mumkin. Yaʼnikim, Turkmanistonda, deylik, aralash yoki parlament tizimiga o‘tish masalasini muhokama qilish ehtimol ham qilib bo‘lmaydigan holdir. Prezident bunday tizimda nafaqat ichki va tashqi siyosatning assosiy yo‘nalishlarini, rivojlanishning asosiy dasturlarini belgilab beradi, qolaversa, barcha: siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda mikromenejment, mikroboshqaruv bilan ham shug‘ullanadi. U bir vaqtda ko‘plab muhim lavozimlarni egallab turibdi, masalan, mamlakat Vazirlar Mahkamasi raisi, Xavfsizlik kengashi raisi va oliy bosh qo‘mondon hamdir.  2021 yildan beri yangitdan tashkil etilgan ikki palatali parlamentning yuqori palatasi – Xalq maslahati rahbari hamdir. Shu tariqa, hokimiyatining qonun chiqaruvchi tarmog‘ini ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazorat qiladi va bu g‘alati chalkashlikka sabab bo‘lmoqda, chunki konstitutsiyaga ko‘ra, prezident Oliy sud raisi, bosh prokuror, IIV rahbari yoki adliya vazirini o‘zi rahbarlik qiladigan Xalq maslahati roziligi bilan lavozimiga tayinlashi yoki bo‘shatishi mumkin. Albatta, Serdar prezident etib saylangandan so‘ng bu chalkashlik o‘z-o‘zidan barham topadi, ammo hozircha bu qiziq va g‘alati tizimligicha qolmoqda.

Yana shuni ham qayd etish zarurki, prezident bir o‘zi Markaziy saylov komissiyasini tuzadi, barcha darajadagi prokurorlar va sudyalarni, shuningdek, viloyat, tuman va munitsipal markazlar hokimlarini tayinlaydi. Shundan kelib chiqqan holda, Turkmanistonda hatto eng kichik demokratik institutlar ham yo‘q. Mamlakatda bir necha partiya bo‘lishiga qaramay, siyosiy plyuralizm (fikrlar xilma-xilligi) umuman yo‘q.

Kadrlar siyosati haqida gap ketganda, hozirgi tizimning oldingisidan farqi shuki, Niyozov elitani faqat o‘ziga butunlay sodiqlik prinsipiga ko‘ra tanlagan. Shu maʼnoda Gurbanguli Berdimuhamedov Niyozovdan farqli o‘laroq, oilasi aʼzolari, qarindoshlari, shuningdek, aymog‘i vakillarini hukumatdagi taʼsir kuchiga ega lavozimlarga tayinlash yoki foyda keltiradigan iqtisodiy aktivlar to‘plash imkoniyatini berish orqali norasmiy tuzilmalar, rasmiy davlat institutlaridagi yetakchilik holatini tepaga ko‘tarish yo‘li bilan o‘z hokimiyatini mustamkamlamoqda. Serdardan tashqari prezidentga yaqin bo‘lgani uchun ancha-muncha siyosiy va iqtisodiy dividendlar olayotgan qarindoshlarning butun boshli ro‘yxati bor. Umuman, mamlakat elitasi haqida gapiradigan bo‘lsak, mana shu Niyozov davrida va Berdimuhamedov davrida barpo etilgan siyosiy tizimning asosiy farqidir.

Rashid Meredov haqidagi savolingizga kelsak, u bilan bog‘liq bo‘lgan qiziq bir holat bor. 2021 yil aprelida Serdar Berdimuhamedov aynan tashqi siyosat yo‘nalishida muhim lavozimlarni egallagan edi. U Xitoy va Rossiya va Yaponiya bilan talabalik bo‘yicha davlatlararo komissiya rahbari bo‘ldi. Ilgari bu lavozimlarni Rashid Meredov o‘zi egallab kelayotgan edi. Albatta, buning ortidan Gurbanguli Berdimuhamedov shu tariqa Rashid Meredovning taʼsirini cheklamoqchi, qabilidagi iddaolar o‘rtaga chiqdi.

* Juda qiziq. Aslida Turkmanistondagi klanlar va elita ichidagi tuzilish haqida hech narsa maʼlum emas. Nazarimda, siz aytib bergan narsa tashqi kuzatuvchi uchun qiziqarlidir.

So‘nggi paytlarda, ayniqsa, pandemiya sharoitida Turkmanistonda ijtimoiy va iqtisodiy tanazzul yetilib kelyapti, degan xabarlarni ko‘p eshitamiz. Bilishimcha, dastlabki paytlar Turkmaniston hokimiyat idoralari mamlakatda koronavirus tarqalganini butunlay inkor etgan edi, shu kungacha biror ishonarli statistika maʼlumoti yo‘q. Hozirgi kunda mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy sohasidagi haqiqiy vaziyat qanday?

– Gurbanguli Berdimuhamedov prezident bo‘lishidan oldin mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri bo‘lgan. U prezident lavozimini egallagandan so‘ng aynan sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, uning samaradorligini oshirishni asosiy yo‘nalishlardan biri qilib belgilagan edi. Shunga qaramay, bu sohada jiddiy olg‘a siljish bo‘lmadi, sog‘liqni saqlashning butun boshli tizimida haligacha juda og‘ir struktura muammolari mavjud. Turli xalqaro indekslar ham shundan dalolat beryapti. Adashmasam, 2011 yilda hokimiyat “Chegarasiz shifokorlar” tashkiloti oldiga mamlakatdagi faoliyatini tugatish va chiqib ketish talabi qo‘yilgan edi. Tashkilot shundan so‘ng muammolarni fosh qiluvchi hisobot eʼlon qildi hamda unda korrupsiya va jim turganlik ko‘rsatib berildi. O‘sha davrdan beri sohada jiddiy islohot o‘tkazilmagan. Bugungi iqtisodiy ahvol og‘ir ekani, juda ko‘p yuksak malakali mutaxassislar, jumladan, tibbiyot xodimlari mamlakatdan ko‘chib ketayotgani hisobga olinsa, sog‘liqni saqlash tizimi qanchalik ayanchli ahvolda ekanini bilib olish mumkin. Agar Turkmanistonda koronavirus infeksiyasi borligi tan olinganda edi, tizim kasallanganlarning katta oqimini uddalay olmay qolgan bo‘lar edi.

Mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol masalasiga qaytsak, rasman eʼlon qilingan “kuch-qudrat va baxt-saodat davri”ga qaramay, davlatning sizu biz 2015 yildan beri eshitib kelayotgan iqtisodiy o‘sish va gullab-yashnash haqidagi maʼlumotlarga qaramay, Turkmaniston mustaqil tarixidagi eng og‘ir iqtisodiy va moliyaviy inqirozlardan birini boshidan kechirmoqda. Bunga bir necha omillar sabab bo‘ldi. Birinchi navbatda bu mamlakat davromadlarining asosiy manbai bo‘lgan yonilg‘i resurslari narxining keskin tushib ketishi, Rossiya va Eron singari asosiy xaridorlar  yo‘qotilgani sabab eksport hajmining qisqarishi, hech kimga kerak bo‘lmagan loyihalarga ulkan davlat xarajatlari qilinishi bo‘ldi. Shu tariqa ayni jarayonlar Turkmaniston iqtisodiyotining diversifikatsiya qilinmagan va yonilg‘i resurslari eksportiga qattiq bog‘lanib qolgan struktural kamchiliklari va muammolarini ochib tashladi. Mamlakatning iqtisodiy modeli o‘ta markazlashgan va ko‘p jihatdan sho‘rolarinng rejali iqtisodiyotini esga soladi. Xususiy sektorning mamlakat iqtisodiy hayotidagi o‘rni bilinmaydi hisob, nomiga mustaqil, chunki u ham mamlakat hukumatining qattiq nazorati ostida, hukumat uning korporativ faoliyatiga ham aralashaveradi. Aslida bevosita tadbirkorlar manfaatlariga g‘amxo‘rlik qilishi kerak bo‘lgan Sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqiday tuzilmadan ham davlat shakllanib kelayotgan xususiy tadbirkorlarni nazorat qilish yo‘lida foydalanadi.

Ayni choqda pul yetmay qolayotgan paytda hukumat “iqtisodiy islohotlar” o‘tkaza boshladi, oqibatda ijtimoiy tovarlar va xizmatlar ko‘rsatishga davlat xarajatlari keskin qisqarib ketdi va aholining hayot darajasi pasayishiga sabab bo‘ldi. Masalan, ulardan eng ko‘zga ko‘rinadigani 2018 yilda hukumatinng aholini gaz, elektr quvvati va suv bilan bepul taʼminlashdan, yaʼni 1990-yillar boshidan boshlab  ijtimoiy shartnomaga (social contract) asos bo‘lib kelgan siyosatdan voz kechgani bo‘ldi. O‘sha paytda hukumat bu qadamini erkin bozorni rivojlantirishni davom ettirish, tabiiy resurslardan samarali foydalanishga talab borligi, shuningdek, aholining daromadlari o‘sgani bilan asoslamoqchi bo‘lgan edi. Ayni choqda bu choralarning barchasi aholining turli guruhlari o‘rtasidagi daromadlar tafovuti keskin oshib ketishiga, mamlakatda tengsizlik kuchayishiga olib keldi. 2020 yilda mamlakat vatandoshlari bir qancha ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklarga duch keldi, ular koronaviurs taʼsirida yanda og‘irlashdi. Birinchi navbatda oziq-ovqat yetishmasligi, tovarlarni sudsidiyalangan narxlar bo‘yicha aholiga o‘lchab tarqatish, bunday tovarlar sotilgan joylardagi davlat do‘konlarida uzundan-uzoq navbatlarning hosil bo‘lishi, maoshlar pastligi, xarid qobiliyati yomonlashuvi, narxlarning sakrab ketishi, ortib borayotgan ishsizlik, naqd pul yetishmasligi, shuningdek, chet el valyutasi yetishmasligi va uning erkin savdoda yo‘qligi, erkin konvertatsiyaning va hk.ni qayd etish mumkin.

* Keling, tashqi siyosatga o‘tamiz.Nazarimda, Rossiya bilan Turkmaniston o‘rtasidagi munosabatlar haqida gapirish qiziqarliroq. Siz ularni qanday baholaysiz?

– Birinchi navbatda doimiy ijobiy betaraflik siyosati muhim ahamiyatga ega ekanini aytib o‘tish joiz.  Yana shuni ham qayd etish joizki, Niyozov boshqaruvi davrida ijobiy betaraflik maqomidan mamlakatni izolyatsiyaga solishda foydalanildi. Berdimuhamedov hokimiyatga kelgandan so‘ng Turkmaniston  siyosati biroz o‘zgardi, yaʼni rasmiy Ashxobod xalqaro hamkorlik uchun ochildi, prezidentning chet ellarga safarlari ko‘paydi, Turkmanistonga kelayotgan turli delegatsiyalar soni ham ortdi, mamlakat hukumati hamkorlik bo‘yicha turli davlatlararo komissiyalar ishida qatnashadigan bo‘ldi. Shunga qaramay, hali-hamon o‘sha konsepsiyadan xalqaro institutlar va chet davlatlarning mamlakat ichki siyosatiga taʼsirini cheklashda foydalanilmoqda. Turkmaniston davlatning bloklarga qo‘shilmaslik maqomiga amal qilib keladi. Bunday siyosatning asosiy unsurlaridan biri chet el harbiy bazalarini mamlakat hududida joylashtirmaslik, shuningdek, xavfsizlik masalalari bo‘yicha turli xalqaro tuzilmalarda qatnashmaslikdir. Shu shunosabat bilan aynan Niyozov bashqaruvi davrida Turkmaniston MDHdagi maqomini hatto assotsiatsiyalangan aʼzoga (biror uyushmaga huquqi cheklangan tarzda aʼzo bo‘lish) qadar pasaytirdi, SHHT yoki KXSHTga aʼzo bo‘lishga harakat ham qilmadi. So‘nggi yillarda, ayniqsa, 2021 yilda Turkmaniston hali ham mazkur tashkilotlarga aʼzo bo‘lib kirishga qiziqish bildirmayotganiga qaramay, ularning ayrim sammitlarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etib turdi. Albatta, bular barchasi mintaqada yuz berayotgan jarayonlar, birinchi navbatda Afg‘onistonda yuza kelgan vaziyat bilan bog‘liq edi.

Turkmnistonning betaraflik maqomi Rossiya bilan munosabatlariga ham taʼsir ko‘rsatdi. Ushbu mamlakat bilan aloqalar Turkmanistonning butun tarixi davomida notekis rivojlanib keldi. Saparmurod Niyozov hukmronligi davrida ular ko‘proq iqtisodiy soha bilan cheklangan, yaʼni Rossiya turkman gazi Yevropaga, jumladan, Ukrainaga eksport qilinishida asosiy marshrut bo‘lgan, bunda Rossiyaning infratuzilmasidan foydalanilgan. Berdimuhamedov hokimiyatga kelgandan so‘ng dastlabki paytlarda strategik yo‘nalish olish o‘zgarayotganday, jumladan, Rossiyaga qarab o‘zgarayotganday, chunki oliy darajadagi muloqot faollashayotgan edi. Biroq 2009 yilda turkman gazi Rossiyaga yetkazib berilayotgan SASda (“O‘rta Osiyo – Markazi” gaz magistrali) falokat yuz beradi hamda bu o‘zaro ayblovlarga va munosabatlar asta-sekin yomonlashuviga sabab bo‘ladi. 2016 yilda Rossiyaning “Gazprom” trasmilliy energetika kompaniyasi turkman gazini import qilishni butunlay to‘xtatadi. Shundan so‘ng, 2017 yildan boshlab, Turkmaniston Rossiya bilan ushbu munosabatlarni tiklash uchun qadamlar qo‘yishga kirishadi.

* Turkman gazi eksoportining boshqa yo‘nalashlari haqida ham gapirib bersangiz – ular qaysi bosqichda turibdi? Bilishimiz bo‘yicha, yana kamida 3 ta yo‘nalish bor edi. Bu – Ozarbayjon yoki Kaspiy dengizi orqali Yevropa yo‘nalishi; ikkinchisi – TAPH (Turkmaniston – Afg‘oniston – Pokiston – Hindiston) yo‘nalishi; uchinchisi – Eron yo‘nalishi. Ular bo‘yicha qandaydir siljishlar bormi? Masalan, toliblar hokimiyatga kelgandan so‘ng Afg‘oniston bilan TAPH gaz quvuri qurilishi yuzasidan qandaydir muzokaralar o‘tkazilyaptimi?

– Men ayni bosqichda TAPH gaz quvuri qurilishida jiddiy siljishlar bo‘lyapti, deb ayta olmayman. Bu yana xavfsizlkni taʼminlash borasida yuzaga kelayotgan murakkabliklar bilan ham bog‘liq. Yaqinda “Tolibon” terrorchilar guruhi o‘sha gaz quvurining xavfsizligini taʼminlab berish bo‘yicha takliflarini bergani haqida xabar tarqaldi, chunki bu ular uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega. Biroq zikr etilgan gaz quvuri ishga tushishi uchun vaqt barobarida juda ko‘p moliyaviy mablag‘ kerakligi shubhasiz.

Boshqa marshrutlarga kelsak, turkman gazini Yevropaga yetkazib berishga oid turli loyihalar har doim bo‘lgan. Berdimuhamedov hokimiyatga kelgandan so‘ng “Nabukko”, “Transkaspiy gaz quvuri” va hk. loyihalar ko‘p bo‘lgan. Hatto o‘tgan yili AQSHda Turkmaniston manfaatlariga lobbilik qilish (biror shaxs yoki kompaniyaning manfaatlarini ko‘zlab qaror qabul qilinishiga taʼsir o‘tkazishga urinish) bo‘yicha, garchi moliyaviy kapitalizatsiyasi oz bo‘lsa-da, kichik bir kompaniya tuzilgani haqida xabar berilgan edi. Ular qanday qilib, Transkaspiy gaz quvuri qurilishi g‘oyasini ilgari surishga aynan qanday urinishi tushunarsiz qoldi. Bu o‘rinda Kaspiy dengizi maqomi bilan bog‘liq muammolardan kelib chiqadigan o‘ziga xos murakkabliklar bor.

Bunday 3 ta muqobil eksport marshrutlari haqida gap ketganda, ular hajmi hamon juda oz ekanini, ularni yana-da rivojlantirish Markaziy Osiyo mintaqasidagi vaziyat qanday rivojlanayotgani, ayni paytda Rossiyaga nisbatan qo‘llanayotgan sanksiyalarni hisobga olgan holda dunyodagi jug‘rofiy-siyosiy vaziyat qanday rivojlanishi, Turkmanistonda faoliyat ko‘rsatayotgan neft va gaz kompaniyalariga bu qanday taʼsir ko‘rsatishiga bog‘liq bo‘ladi.  Masalan, “Dostluk” neft va gaz konlarini birga o‘zlashtirish haqida gapiradigan bo‘lsak, Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasi Turkmaniston rahbariyati bilan muzokara olib borib, ushbu loyihada qatnashish istagini bildirgan edi. Yana Rossiyaning “Tatneft” kompaniyasi hamkorlikni yana-da kengaytirish bo‘yicha Turkmaniston rahbariyati bilan oliy darajada doimiy uchrashuvlar o‘tkazdi.

*Berdimuhamedovning o‘g‘li Serdar Berdimuhamedov prezident sifatida hokimiyatga kelgandan so‘ng nima o‘zgarishi mumkin? Tashqi siyosat o‘zgarishi mumkinmi yoki hamma narsa bor holicha qoladimi?

– Albatta,ayni vaziyat rivoji bunga taʼsiri etishi ham mumkin. Lekin, menimcha, Turkmaniston rahbariyati hamkorlik yo‘nalishini o‘zgartirishida jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishini kutish yaramaydi. Hamma narsa bor holicha qoladi.

Birinchi navbatda Xitoy bilan hamkorlik yana-da chuqurlashishi ehtimoldan xoli emas. Yana Rossiya bilan munosabatlarni pasaytirmaslik ham muhim. Fevralda Turkmaniston bilan Rossiya o‘rtasida xavfsizlik sohasida hamkorlikka oid yangi hujjatlar imzolangan edi. Nazarimda, ushbu hamkorlik davom etadi. Ayni paytda G‘arb sanksiyalariga duchor bo‘lgan Rossiya kompaniyalari bilan hamkorlik bo‘ladimi, degan savol o‘rtaga chiqmoqda. Turkmaniston bozorida ishlayotgan Rossiya kompaniyalari unchalik ham ko‘p emas. Masalan, bank sohasini olsak, u to‘liq davlatga tegishli. Lekin Turkmaniston uchun juda ko‘p texnika tayyorlab berayotgan “KamAZ” singari kompaniyalar ham mavjud. Boshqa qandaydir alohida neft kompaniyalari yoki o‘sha neft kompaniyalar bilan hamkorlik qilayotgan kompaniyalar ham bor. Ular bilan bog‘liq voqealar qanday rivojlanishini kuzatish qiziqarli bo‘ladi. Ammo global maʼnoda jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishini kutish qiyin. Men kutayotgan birdan-bir narsa shuki, Serdar Berdimuhamedovning siyosatining ilk davrida mamlakat ichkarisidagi ijtimoiy-iqtisodiy siyosat yumshashi va yaxshilanishi mumkin. Hozir biz saylov oldidan qora bozordagi manat kursi pasayayotganini kuzatyapmiz. Agar oldin bir dollar 20 – 21 manat turgan bo‘lsa, hozir u biroz pasayib, 18 – 19 manat bo‘ldi. albatta, bu chet eldan import qilinayotgan oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa mahsulotlar narxiga ham taʼsir ko‘rsatdi. Ayni paytda hokimiyat jamiyatdagi salbiy kayfiyatga sabab bo‘lmasligi uchun narx-navoni nazorat qilish, imkon qadar uni pasaytirishga urinmoqda. Nazarimda, so‘nggi bir necha oyda va hatto yilda – eng ko‘pi shu – mamlakat fuqarolarining ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli, kamroq bo‘lsa-da, yaxshilanishi ham mumkin.