Serdar Berdimuhamedov Erondan keyin O‘zbekistonga tashrif buyuradi
Turkmaniston bosh vaziri o‘rinbosari, mamlakat prezidentining o‘g‘li Serdar Berdimuhamedov O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi sayti “Bosh vazirning iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari”ning bo‘lajak tashrifi haqida xabar bermoqda.
Tashrifni Turkmaniston va O‘zbekiston tashqi ishlar vazirlari Rashid Meredov va Abdulaiz Komilov telefon orqali muhokama qildi. Ish safari “iqtisodiy sohada Turkmaniston-O‘zbekiston hamkorligini kengaytirish bo‘yicha uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazish maqsadida” tashkil etilmoqda.
Avvalroq, 8-9 yanvar kunlari Serdar Berdimuhamedov Meredov bilan birga Eronga tashrif buyurgan edi. Uni mamlakat Prezidenti Seyid Ibrohim Raisi shaxsan qabul qildi.
Mahalliy kuzatuvchilar bu tashriflarni Serdarning prezidentlikka kelishidan oldingi “tashrifi” sifatida baholamoqda. 7 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan hukumat yig‘ilishida Gurbanguli Berdimuhamedov fevral oyiga rejalashtirilgan Xalq Maslaxati (parlament yuqori palatasi, 2021 yildan buyon davlat rahbarining o‘zi rahbarlik qiladi)ning navbatdan tashqari yig‘ilishini eʼlon qildi. Taxminlarga ko‘ra, aynan shu yig‘ilishda mart oyida bo‘lib o‘tishi mumkin bo‘lgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari eʼlon qilinadi.
Serdar Berdimuhamedov 2021 yil dekabr oyida chet elga bir qator safarlari oldidan Turkmanistonning turli hududlariga navbatma-navbat tashrif buyurdi. U yerda u bozorlarni ko‘zdan kechirdi, bu esa oziq-ovqat narxlarining biroz arzonlashishiga olib kelgani aytilmoqda.