Jurnalist Ilyos Safarov:
Ichki ishlar vazirligi qonunchilik palatasining yalpi yig‘ilishda IIV xodimlari (normada barcha huquq tartibot xodimlari deyilgan) videosini ularni “obro‘sizlantirish” maqsadida tarqatganlik uchun 15 sutka qamoq jazosini belgilaydigan qonunni deputatlar tasdig‘idan o‘tkazmoqchi bo‘lgan.
Vazirlik shu qonunni o‘tgan safar jamoatchilik eʼtirozi tufayli Vazirlar Mahkamasi qarori orqali tasdiqlatolmagan va bugun deputatlar qo‘li bilan kodeksga kiritmoqchi bo‘ldi.
Lekin, qonunchilik palatasida o‘tgan bugungi fraksiya yig‘ilishlarida qonun loyihasi (foto, video = 15 sutka) jamoatchilik eʼtirozlaridan kelib chiqib, kun tartibidan olib tashlanibdi.
“Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi birinchi o‘qishda fraksiya majlisida ko‘rib chiqilishi kerak edi.
Qonun loyihasida oxirgi vaqtlarda keng jamoatchilik tomonidan faol muhokama qilinayotgan yo‘l harakati xodimlarini video va fototasvirga olib tarqatish masalasida ham katta miqdorda jarima belgilanishi ko‘zda tutilgan.
Unga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini ular o‘z xizmat burchlarini, yaʼni jamoat xavfsizligini taʼminlash bilan bog‘liq xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida olingan foto va videotasvirlarni ularni obro‘sizlantirish yoki haqorat qilish maqsadida Internet axborot tarmog‘ida joylashtirish bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorda jarima yoki o‘n besh sutka muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi ko‘rsatilgan.
Mamlakatimizdagi katta ijtimoiy-siyosiy islohotlar ochiqlik, oshkoralik, xalq oldida hisobdorlik, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga asoslanayotgan davrda huquq-tartibot xodimlarining faoliyati foto va video tasvirlarga olinishi cheklanishi noto‘g‘ri yondashuv ekani aytildi.
“Yuqoridagi omillarga asosan qonun loyihasini fraksiya majlisida ko‘rib chiqish rad etildi”, — deyiladi O‘z XDP xabarida.
Loyiha kun tartibidan olingani haqidagi xabar shuningdek, O‘zLiDeP va “Adolat” partiyasi vakillari tomonidan ham tasdiqlandi.
P.S: Umid qilaman, shonli militsiyamiz xalqqa qarshi ishlaydigan shu kabi sharmandali loyihalarni kun tartibiga boshqa qaytarmaydi. Tizimning busiz ham yechilishi kerak bo‘lgan masalalari juda ko‘p.
Aytgancha, Parlament ichkarisidan kelayotgan maʼlumotlarga ko‘ra, loyiha fraksiya yig‘ilishida tasdiqdan o‘tishi va qonun sifatida qabul qilinishini “Milliy tiklanish”ning barcha, Ekopartiyaning teng yarim deputatlari yoqlagan ekan.
Kim nima qilib yurganini ham bilib qo‘ying deymanda.