Rossiyaning Markaziy Osiyo va atrofidagi hududlarga taʼsiri nima bo‘ladi? Moskva bu yerdagi taʼsirini ushlab qola oladimi va bu makonni jiddiy o‘zgarishlar kutyaptimi? Savollarimizga rossiyalik ekspertlar Fyodor Lukyanov va Stanislav Pritchin javob beradi.
Fyodor Aleksandrovich, siz “Rossiya v globalnoy politike” jurnali bosh muharririsiz. Ukrainadagi hozirgi vaziyat murakkabligini hisobga olib, bir savol paydo bo‘ladi: Rossiya global siyosatda ishtirok etyaptimi yoki bundan chetdan qolib ketdimi?
Fedor Lukyanov (F. L.) – Rossiyaday ulkan mamlakat o‘zi juda istagan taqdirda ham chetda qolib keta olmaydi. Uning resurs, logistika va jug‘rofiy-siyosiy potensiali juda katta. Hatto Rossiya hech narsa qilmagan taqdirda ham mavjudligining o‘ziyoq dunyodagi vaziyatga taʼsir ko‘rsatuvchi muhim omilligicha qolaveradi. Lekin har qanday harakat haqida gapiradigan bo‘lsak, u butun dunyoda aks-sado beradi. Global siyosat o‘zgarayotgani esa – boshqa masala. U bugun bir necha yil oldingisidan butunlay farq qiladi. Pandemiya, endi esa Yevropa sharqidagi urush globallashuvga oid oldingi tushunchalarni eskirtirib qo‘ydi. Bundan buyon yangi manzara qanday bo‘lishini hozircha bilmaymiz. Kuchlar joylashuvi albatta o‘zgaradi. Ammo Rossiya hech qayoqqa g‘oyib bo‘lmaydi.
Stanislav, siz Markaziy Osiyoni qanday tushunasiz? Unga qanday mamlakatlar kiradi yoki kirishi kerak? Afg‘onistonni ham Markaziy Osiyoning bir bo‘lagi deb hisoblash mumkinmi?
Stanislav Pritchin (S. P.) – Rossiya tashqi siyosatida Markaziy Osiyo deganda sovet geografiyasidagi O‘rta Osiyo va Qozog‘istondan iborat 5 ta mamlakat: Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston tushuniladi. Amerikacha yondashuvlardan farqli o‘laroq, Afg‘oniston Markaziy Osiyoga kirmaydi, shuning uchun u zehniyat (mentalitet), makon bilan qadriyatlar nuqtai nazaridan butunlay boshqa hududdir. Nima bo‘lganda ham, Afg‘oniston – yondosh hudud, unga jug‘rofiya, iqtisodiy loyihalar va xavfsizlikni taʼminlash nuqtai nazaridan doktrina darajasida va amaldagi tashqi siyosat darajasida shunday nisbat beriladi.
2013 yilda Aleksey Malashenko bir maqolasida shunday deb yozgan edi: “Moskvaning muammosi shundaki, u Markaziy Osiyo mamlakatlari ichki siyosiy vaziyatiga aytarli taʼsir ko‘rsata olmaydi (yoki deyarli ko‘rsata olmaydi)”. Ko‘plab G‘arb ekspertlari iddao qilishicha, go‘yo Rossiyaning Markaziy Osiyoga oid strategiyasi yo‘q va Moskva SSSR parchalanib ketishi bilan mintaqani “yo‘qotgan”. Siz nima deb o‘ylaysiz?
F. L. – Tashqi siyosiy vaziyatga taʼsir ko‘rsatishning keragi yo‘q, bu – ochiqdan-ochiq aralashuv bo‘ladi va odatda hech qanday yaxshilikka olib bormaydi. Mintaqaning yo‘qotilishiga kelsak, “yo‘qotmasliklar”ni sanasak, istisno taqiqasidagi yagona taʼsirni saqlab qolishni gapirsak, buni hozir hech kim udda qila olmaydi. Barcha mamlakatlar siyosat yuritishda sharoitga qarab ish tutish uchun makonni saqlab qolishga intilmoqda, bundan Markaziy Osiyo ham mustasno emas. Rossiyaning dunyoning ushbu qismida barqarorlik va xavfsizlikni saqlab qolish bilan bog‘liq manfaati bor. Uni murakkab tarzda omuxta qilingan strategiya asosida amalga oshirish zarur, u ikki tomonlama va mintaqaviy jihatlar, iqtisodiy hamda ijtimoiy va siyosiy choralarni bir-biriga qo‘shadi. Tayyor turgan retseptlar yo‘q, boz ustiga, tashqi kontur jadal o‘zgarib bormoqda. Ehtimol Rossiyaning stragetiyasi yo‘qdir, lekin uning taktikasi juda faol.
S. P. – Men bunday iddaoga qo‘shilmayman. Ichki siyosiy taʼsir nuqtai nazaridan qarasak, birinchidan, Rossiyaning oldida bunday vazifa turgani yo‘q. Aksincha, Moskva har doim Markaziy Osiyo mamlakatlarining rasmiy hokimiyatini qo‘llab va u bilan hamkorlik qilib keladi. Bu – Rossiya tashqi siyosatining ustuvor jihati, u Markaziy Osiyo mamlakatlari egamenligini hurmat qilishga asoslanadi. Ikkinchidan, agar Rossiya shu ishni qilishni istaganda, fikrimcha, taʼsir qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan bo‘lur edi. Masalan, 2010 yilda Qirg‘izistonda sodir bo‘lgan inqilob qisman Bakiyev oilasi juda ko‘p narsasini o‘z hokimiyatiga bo‘ysundirgani, mamlakat ichidagi nazoratni qo‘lga olgani sababli sodir bo‘ldi, yaʼni norozilikning ijtimoiy va siyosiy asosiy mavjud edi, ammo, birinchidan, Rossiyaning Qirg‘iziston uchun yonilg‘i-moylash materiallariga oid imtiyozlarni bekor qilgani (ekin ekish vaqtida bu juda nozik masalaga aylanadi), so‘ngra Rossiya telekanallarida Bakiyev to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanqid qilingani unga turtki berib yubordi. Siyosatchiga asosiy eʼtiroz Rossiya masalasida olgan majburiyatlarini bajarmagani bo‘lgan edi. Oqibatda u Rossiya timsolida ishonchli sherik va barqarorlashtiruvchi kuchni yo‘qotdi, siyosiy va iqtisodiy ko‘makdan ayrilgandan so‘ng hokimiyatiga mamlakat ichida tug‘ilayotgan muammolarga qarshi tura olmadi.
Boshqa barcha jihatlar bo‘yicha, masalan, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston uchun mehnat migrantlari masalasi jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Rossiyaning bosim o‘tkazish uchun pishanglari ko‘p, ammo ongli ravishda ulardan foydalanmaydi. Agar ichki siyosiy jarayonlarga aralashib, bir siyosiy partiyadan boshqalariga qarshi foydalaniladigan bo‘lsa, bu mamlakatlarning siyosiy hayotidagi mojarolarni va dudmollikni anglatadi. Shunga ko‘ra, beqarorlik ortib ketishini bildiradi, bu esa Rossiyaga kerak emas. Har qanday tang holat Rossiyaga boradigan migrantlar soni ortishiga sabab bo‘lib keldi.
Rossiyaning Markaziy Osiyodagi missiyasi nimadan iborat?
F. L. – Men Rossiyaning Markaziy Osiyoda missiyasi bor deb o‘ylamayman. Rossiya zimmasida Markaziy Osiyo o‘z xavfsizligiga tahdid tug‘dirmaydigan mintaqa bo‘lishi, yangi sharoitda esa iqtisodiy hamkorlik, muqobil aloqalarni yo‘lga qo‘yish mintaqasi bo‘lishini taʼminlash vazifasi bor. Men Markaziy Osiyoga nisbatan bunday masihchilikni (messianstvo) kuzatayotganim yo‘q.
S. P. – Rossiya Markaziy Osiyoni o‘zaro bog‘liqlik va bir-birisiz zaiflik darajasi yuqori ekani kuzatilayotgan muhim mintaqa sifatida qabul qilmoqda. Shuning uchun ushbu jug‘rofiy-siyosiy yo‘nalishda xavfsizlikni taʼminlash masalasi, xatarlar va muammolarni kamaytirish tashqi siyosatning muhim vazifasi bo‘lib qolaveradi. Agar Rossiyaning doktrinalar bilan bog‘liq barcha hujjatlarini bir joyga yig‘sak, Markaziy Osiyodagi barqarorlashtirish missiyasiga yordam beradigan barcha narsalarga ko‘maklashish, degan narsa qoladi. Bundan mamlakatlardagi ahvol barqaror bo‘lishi uchun nima qilish kerak, degan savol kelib chiqadi. Ijtimoy va iqtisodiy barqarorlik, ideal holatda esa mamlakatlar taraqqiyotiga imkon qadar ko‘maklashish zarur. Ikkinchi o‘rinda esa iqtisodiyot, energetika turadi, lekin xavfsizlik bilan solishtirganda, ularning darajasi pastroq.
Agar Rossiyaning munosabatlari eng yomon bo‘lgan mamlakatlar mavjud postsovet makoniga qarasangiz, o‘sha davlatlar o‘zining asosiy tashqi hamkorlik vektori sifatida Yevroatlantika yo‘nalishini ongli ravishda tanlaganini ko‘rasiz. Dastlab Gruziya shu yo‘lni tanladi, oqibati nima bo‘lganini ko‘rdingiz, hozir esa Ukraina shu yo‘ldan ketyapti. Kamida ko‘p vektorli siyosat yurgizayotgan boshqa barcha mamlakatlar bilan Rossiya butunlay boshqa pragmatik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari o‘rnatib kelmoqda.
Rossiya “Tolibon” elchisiga rasman akkreditatsiya berdi. Nega shu paytgacha “Tolibon” RFda taqiqlangan tashkilotligicha qolmoqda?
F. L. – Buning maʼnosi shuki, Toliblar Afg‘onistondagi haqiqiy hokimiyatdir. Bu – kunday ravshan va eʼtiroz bildirish befoyda. Afg‘oniston muhim jug‘rofiy-siyosiy joylashuvga ega, mamlakatni boshqarayotganlar bilan aloqa va hamkorlik kerak. “Tolibon” harakatining Rossiyada taqiqlangani u BMTning terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatiga kirgani bilan bog‘liq, buni BMT darajasidagi murosa yo‘li bilan bekor qilsa bo‘ladi. G‘arb bu masalaga qarshilik ko‘rsatayotgani sababli “Tolibon” ayni ro‘yxatdan chiqarilmasdan qolmoqda. Ammo toliblar bilan hamma, jumladan, Qo‘shma Shtatlar ham aloqa qilib turibdi.
S. P. – Birinchidan, bu o‘rinda ikki yoqlama yondashuv bor, uzoq yillardan beri birinchi marta Rossiyada Afg‘onistondagi yo‘nalishning 2 ta yo‘li bo‘yicha shunday siyosat shakllangan bo‘lsa, ajab emas. Agar vaziyat salbiy tarzda rivojlanadigan bo‘lsa, Tojikiston va O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishday masalaning harbiy jihati ham bor. Boshqa jihat – diplomatiya, yaʼni Rossiya “Tolibon” harakati hokimiyatga kelishidan oldin ham Afg‘oniston hukumati bilan aloqa va muloqot qilib kelayotgan edi, bu hatto u yerda amerikaliklar bo‘lgan payt ham munosabatlarni ushlab turish vositasi bo‘lgan. U (“Tolibon” harakati) ko‘zga ko‘rinarli ichki siyosiy kuch bo‘lgan, endi u yetakchi kuchga aylandi, butun mamlakatni nazorat qilmoqda va uning muqobili yo‘q. Mamlakatda hech kim “Tolibon”dan mamlakatni tortib ola bilmaydi. Biroq ushbu harakat bundan keyin qanday munosabatlar o‘rnatishi tushunarsiz bo‘lgan holatda faqat mana shunday moslashuvchan yondashuv qolmoqda. Bir tarafdan, Rossiya ular bilan muloqot qilmoqda, diplomatini tan olmoqda, unga akkreditatsiya bermoqda – bu rasmiy aloqa kanali o‘rnatish imkoniyati, lekin shu bilan birga, Rossiya “Tolibon”ni tan olmaslik huquqini saqlab qolmoqda, chunki biz ularning kim yoki nima ekanini to‘liq bilmaymiz. Fikrimcha, Rossiyaning bunday mavqei – pragmatik.
Nima deb o‘ylaysiz, Markaziy Osiyo mintaqasida Xitoy RFning sherigimi yoki raqibimi? Siz, RF Markaziy Osiyoda “hukmronlik” borasida XXRga yutqazdi, degan fikrga qo‘shilasizmi?
F.L. – Ular ikkalasi sherik ham, qaysidir darajada raqib hamdir, lekin men bunday raqobatni bo‘rttirmoqchi emasman. Xavfsizlik masalasida Rossiyaning, iqtisodiyot sohasida Xitoyning ustunligi bor. Hukmronlik kurashida hech kim g‘olib yoki mag‘lub bo‘lgani yo‘q, har qanday ulkan mamlakatning qo‘shni davlatlarga bo‘lganidek turli darajadagi taʼsiri bor. Hech kim hech kimning ustidan hukmron emasligi tabiiy.
S. P. – Agar global nuqtai nazardan qaralsa, Rossiya bilan Xitoy Markaziy Osiyoda ittifoqchilardir, Xitoy Rossiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarama-qarshi borayotgani yo‘q. Xitoy o‘z kun tartibida turgan ishlarni qilmoqda, o‘z biznesini olg‘a surish va “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusini amalga oshirish ustida ishlamoqda. Bunga global maʼnoda qaraydigan, Xitoy amalga oshirayotgan barcha loyihalarni hisobga oladigan bo‘lsak, xitoyliklar hech kim ishlamayotgan yoki Rossiya investorlari va kompaniyalari joylashishi mumkin bo‘lgan makonni egallamoqda. Shu maʼnoda biz bu holatni raqobat deb hisoblashimiz mumkin. Lekin na Rossiya va na Xitoy oralarida Markaziy Osiyo jang maydoni bo‘lishidan manfaatdor emas, chunki ularga uchinchi “sherik” – G‘arbning ushbu mintaqadagi hozirligi yetib ortadi. AQSH bilan Turkiya bu yerda ancha faol, lekin ular ayni paytda mintaqaning xavfsizligi uchun hech qanday masʼuliyatini zimmasiga olayotgani yo‘q. “Hukmronlik”ka kelsak, o‘tgan yil natijalari bo‘yicha Rossiya Xitoyni quvib o‘tib, O‘zbekistonning birinchi savdo sherigiga aylandi, Rossiya Qozog‘istonning ham eng yirik savdo sherigi sanaladi. Markaziy Osiyo mamlakatlari muvozanat saqlamoqda, qandaydir tashqi davlat bu yerda ustunliq qilmoqda va mintaqa mamlakatlarining kun tartibini belgilab bermoqda, deb aytish mumkin emas. Agar Rossiya amalga oshirgan birlashmalar: KXSHT, YEOII, ikki tomonlama munosabatlarga qaraydigan bo‘lsak, nazarimda, Moskva baribir Markaziy Osiyo mamlakatlarida yetakchi va ularning asosiy sherigi ekanini ko‘ramiz.
Siz YEOIIni barbod bo‘lishga mahkum qog‘ozdagi ittifoq deb hisoblamaysizmi? Rossiya bu ittifoqdan nimani istamoqda?
F. L. – Yo‘q, umuman, unaqa deb o‘ylamayman. Butun dunyo mintaqaviy va makromintaqaviy prinsipga ko‘ra jadal bo‘linib borayotgan sharoitda davlatlarning jug‘rofiy va tarixiy jihatdan, xavfsizlik masalalari va iqtisodiy imkoniyatlar bilan bog‘liq tarzda birlashuvi o‘ta tabiiy va zarur. Hozirgi kunda qog‘ozdagi ittifoqlarning keragi yo‘q, haqiqiy va maksimal tarzda sharoitga moslashuvchan ittifoqlar kerak. Buni hamma tushuna boshladi va men, mahsuldor hamkorlik yo‘nalishida qandaydir siljish bo‘ladi, deb hisoblayman.
S. P. – Men YEOII “qog‘ozdagi ittifoq” ekani haqidagi gapga umuman qo‘shilmayman, chunki u – o‘z oldida turgan maqsadlarga erishish yo‘lida ishlab turgan tashkilot. YEOII – odamlar, tovarlar, hizmatlar va vositalar harakatlanishi uchun yagona makon. Deylik, biror mamlakatning YEOIIdan chiqishini kuzatadigan bo‘lsak, bu o‘sha mamlakat uchun ne qadar falokatli oqibatlarga sabab bo‘lishini ko‘rasiz, chunki yagona bojxona makoni ishga tushirilishi ochilishi vaqtida juda ulkan samara bergan edi. Dastlabki 2 – 3 yilda savdo-sotiq o‘sishi zo‘r bo‘ldi, chunki barcha to‘siqlar olib tashlangan edi. Ha, bugungi kunga kelib, o‘sha imkoniyatlardan foydalanib bo‘lindi, endi yangi harakatlantiruvchi kuchlar kerak, yangi qo‘shma ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yish zarur, YEOII mamlakatlari rahbarlari bu haqda tinmay gapiryapti, buning uchun dasturlar ham bor. Ishlab turgan yagona makon nuqtai nazaridan, YEOII – amaldagi to‘laqonli ittifoq, buni tan olmaslik o‘z-o‘zini aldash, bor narsaga ko‘z yumishdan boshqa narsa emas. Rossiyaning YEOIIdan kutayotgani – qo‘shnilar bilan institutsional hamkorlik imkoniyati. Barcha mamlakatlar manfaatlaridan kelib chiqqan holda barcha qarorlar kollegial tarzda qabul qilinishi uchun institut bo‘lishi kerak. Kim qanday tasavvur qilmasin, unda Rossiyaning ustunligi yo‘q. Rossiya uchun bunday maydon bo‘lishi muhim. Markaziy Osiyodagi qo‘shnilarning iqtisodiy sohada tizimli tarzda hamkorlikning umumiy meʼriy-huquqiy hadlari muhokama qilinadigan bunday maydoni yo‘q. Shu nuqtai nazardan, bu – Rossiyaning asosiy loyihasi.
Hatto Qirg‘iziston YEOIIga aʼzo bo‘lganidan yutdi, chunki QR vatandoshlari ishlashga patent olish uchun pul to‘lamaydi hamda ular Rossiyada tojikistonliklar va o‘zbekistonliklar bilash taqqoslaganda, imtiyozliroq holatdadir. Oyiga 5000 rubl turadigan patent unchalik qimmat bo‘lmasligi mumkin, lekin uni 12 oyga ko‘paytiring, bu bir kishidan 60 000 rubl olinadi degani, endi uni million kishiga ko‘paytiring, butunlay boshqa yig‘indi paydo bo‘ladi – 6 milliard rubl pul degani bu. Demak, Tojikiston shuncha miqdorda foyda olmayapti.
Tojikiston Respublikasi – Markaziy Osiyodagi afg‘on toliblarining yangi hokimiyatini tan olmayotgan yagona mamlakat. TR rahbariyatining ushbu mavqeini qanday tavsiflaysiz?
S. P. – Nazarimda, bu – mutlaqo pragmatik yondashuv emas. Men TRning bunday mavqei nimaga tayanishini tushunaman, bu – safarbar etuvchi omil, bu – tashqi tahdidni o‘ylab topish, bunaqa paytda respublika jamiyatining hokimiyat atrofida jipslashishi imkonini beradi. Ammo pragmatik nuqtai nazaridan, garchi tan olmagan bo‘lsa ham, Tojikiston toliblarga elektr quvvatini uzatib turibdi. Hamma qachondir o‘zaro kelishishga to‘g‘ri kelishini tushunib turibdi. Hozir Tojikiston o‘zini “Tolibon” harakati bilan hech qanday hamkorlik qilmaydiganday ko‘rsatishga urinmoqda, lekin Afg‘oniston bilan dara va tog‘lar orqali o‘tadigan 1300 kilometrlik chegara bo‘lgandan keyin hamkorlik qilmaslikning iloji ham yo‘q, Agar “Tolibon” hujum qilishga qaror beradigan bo‘lsa, bunaqa uzun chegarani himoya qilib bo‘lmaydi. Ertadir, indindir, bunday yarim choralar bilan bo‘lsa-da, baribir muloqot bo‘ladi, hamkorlik bo‘ladi. Hozircha Dushanbe uchun mana shunday mavqe qulay. Tojikistonning Afg‘onistonda inklyuziv hukumat tuzishga oid mavqeiga kelsak, uni amalga oshirish o‘ta mushkul. “Tolibon” harakati faqat Tojikiston bilan rasmiy munosabatlar o‘rnatish uchun o‘z mamlakatidagi tojik urug‘-aymoqlari boshliqlarini hukumat tarkibiga kiritmaydi. “Tolibon” mamlakat ichida qarorlar qabul qilishga mo‘ljallangan qattiq iyerarxiyaga (martabalar silsilasi) ega qatʼiy vertikal tashkilotdir. Shuning uchun toliblar AQSH bosimi ostida ham hech ish qilmadi va Afg‘onistonda ularga qarshi oxirigacha kurash olib bordi. Endi ular Tojikistonning o‘z hukumati tarkibiga tojiklarni kiritish haqidagi talabiga rozilik berishini kutish go‘llikdan boshqa narsa emas. Bu yerda xuddi Rossiya yondashuvi singari bir narsani gapirib turib, baribir muloqot qilishga, hamkorlik nuqtalarini izlashga majbur bo‘lamiz, chunki ayni paytda “Tolibon” harakatini hech kim tan olayotgani yo‘q. Nazarimda, Tojikistonning vazifasi, bir tarafdan, jo‘n, boshqa tarafdan esa, to‘liq pragmatikdir – ular Afg‘onistondagi kamsonli tojik etnik guruhi manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan. TR rahbariyati tilga olayotgan Afg‘onistonda 45 foiz tojiklar yashashiga kelsak, bu unchalik haqiqat bo‘lib ko‘rinmaydi. Afg‘onistonda hech qachon aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilmagan, shu sababli 45 foiz – taxminiy baho. Bugun Afg‘onistonning haqiqiy aholisi soni qancha ekanini hech kim ayta olmaydi. Afg‘oniston har doim markazida pushtunlar turgan davlat bo‘lgani uchun u yerda pushtunlar soni tojiklar sonidan ko‘p bo‘lishi aniq, tojiklarning 45 foiz ekani – bo‘rttirilgan raqam.
Endi Qozog‘istonda yanvar oyida yuz bergan voqealar haqida gaplashsak. KXSHT noroziliklarni bostirish uchun qo‘shinlarini Qozog‘istonga “kiritdi”. Bu, sizningcha, Varshava shartnomasi tashkiloti (VSHT) qo‘shinlarini 1968 yilda Chexoslovakiyaga kiritganiga o‘xshab ketmaydimi?
F. L. – Qanday o‘xshashlik bo‘lishi mumkin? Birinchidan, KXSHT norozilik namoyishini bostirishda ishtirok etgani yo‘q, bo‘linmalar yetib keldi, “bayroq” ko‘rsatdi va bu vaziyatni barqarorlashtirishga yordam berdi va ular deyarli shu zahoti Qozog‘istondan chiqib ketdi. Ikkinchidan, KXSHTga yordam so‘rab, bunga to‘la asosi bor mamlakatning qonuniy hokimiyati murojaat qildi, shuning uchun tashqi aralashuv haqida gapirishga hech qanday sabab yo‘q.
S.P. – Bular – bir-biriga mutlaqo o‘xshamaydigan holatlar. Chexoslovakiya VSHTning aʼzosi edi, u yerda davlat to‘ntarishi yuz berdi va chexlar SSSR bilan juda yaqin sherik bo‘lishni istamadi. Bu yerdagi norozilik tabiati ham, hokimiyat harakatlari mantig‘i ham boshqacha bo‘ldi, rasman saylangan prezidentning rasmiy so‘rov yubordi. Bu so‘rovni yuborishni, qo‘shin kiritishni talab qilgan kuch rossiyaparast muxolifat emas edi. Voqealar mantig‘i nuqtai nazaridan ikkala voqea umuman bir-biriga o‘xshamaydi. So‘rovni rasmiy prezident yubordi. O‘sha paytda mamlakatdagi vaziyat o‘ta tang bo‘lib, u qaysidir tarzda boshqarilishi kerak edi, ammo o‘sha payt Qozog‘istonda bu inqirozli vaziyatni izga solish uchun rusurslar bo‘lmagan, shuning uchun KXSHT bo‘yicha ittifoqchilarga so‘rov yuborildi.
U holda rasmiy so‘rov bo‘lsa, KXSHT shartnoma ishtirokchisi bo‘lgan mamlakatlarning ichki ishlariga aralashishi mumkin ekan-da?
S.P. – Yo‘q, bu – mutlaqo noto‘g‘ri. So‘rov yo‘llangan 2022 yilning 6 yanvar kechasi tashqaridan fitna sabab yuzaga kelgan amaliyot va uni kim muvofiqlashtirayotgani tushunarsiz edi, chunki maʼmuriy binolar, kuch ishlatar tizimlar, qurol-yarog‘ saqlanadigan xonalar, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi (MXQ) boshqarmalari aniq maqsadga qaratilgan tarzda egallab olina boshlagan, yaʼni bu aniq maqsadga qaratilgan qo‘poruvchilik va terrorchilik hujumiday taassurot qoldirayotgan edi. Faqat keyinchalik bunda elitadan kimlarningdir qo‘li borligi oydinlasha bordi, lekin o‘sha paytda bu mutlaqo tushunarsiz bo‘lgan. Mamlakatning eng yirik shahri, hokimiyat nazoratidan chiqib ketgan Almatida inqirozli vaziyat yuzaga kelgan, yana boshqa 7 ta shaharda maʼmuriy binolarni egallab olishga ommaviy urinishlar bo‘lgan holatda mamlakat rahbariyatining tartib o‘rnatish uchun resursi yo‘q edi, shuning uchun KXSHTga so‘rov yuborildi. Bu – misli ko‘rilmagan holat va KXSHT endi ichki siyosiy so‘yilga aylanishini anglatmaydi. O‘sha voqeadan so‘ng mamalkatda hujjatlar qayta ko‘rib chiqilganini ko‘rmadik. Har bir alohida holatga qarab qaror qabul qilinadi. O‘shda yuz bergan voqealar bo‘yicha tinchlikparvar kuchlarni yuborish bo‘yicha qaror qabul qilinmagan edi, chunki bu barcha ishtirokchilarning murosali qarori bo‘lgan va O‘zbekiston o‘sha paytda KXSHT tarkibida bo‘lgani uchun har qanday holatda bu qarorni bloklashi mumkin edi.
Fedor Aleksandrovich, sizning 2021 yil 7 dekabrda “Rossiyskaya gazeta”da chop qilingan maqolangizdan iqtibos keltiraman: “Yevropa sharqiy qismida qanchalik ehtiroslar jo‘sh urmasin, dunyoning strategik jihatdan chekka qismiga (periferiya) aylanib qolmoqda. Osiyo esa, aksincha, o‘zi istasa ham, istamasa ham, sahnaning oldingi qismiga chiqmoqda”. Markaziy Osiyo ushbu siyosiy teatrda qanday o‘rinni: “sahnaning oldingi qismi” yoki “uzun tor yo‘lak”ni egallaydi?
F.L. – Yevroosiyoning 2 ta asosiy davlati – Xitoy va Rossiya bilan bevosita qo‘shni, yana bir juda muhim uchinchi mamlakat Hindiston bilan bilvosita qo‘shni bo‘lgan Markaziy Osiyo hech qachon uzun tor yo‘lak bo‘la olmaydi. Mintaqa vaziyatga qarab, qisman old sahna, qisman esa parter qatorlari bo‘ladi. Lekin har qanday holatda ham diqqat markazida qolaveradi.
Muallif:Rustami Suhrob