2022 yil 20 iyun kuni Urganch shahrida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Konstitutsiyaviy komissiya ish rejasiga binoan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, “Barqaror rivojlanish markazi” NNT, hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi ko‘magida “Inson – jamiyat – davlat” konstitutsiyaviy tamoyilini amalga oshirish: milliy va xorijiy tajriba” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi.
Konferensiyaning bosh maqsadi inson, uning hayoti, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, shaʼni va qadr-qimmati oliy qadriyat ekanligi tamoyili hamda “Davlat – inson uchun” va “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qiladi” degan ezgu g‘oyalarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha milliy va ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish, muhokama qilish va mazkur tamoyillarni konstitutsiyaviy qonunchilik va amaliyotda mustahkamlash borasida har tomonlama asoslangan takliflar ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.

Oflayn va onlayn formatlarda o‘tkazilgan mazkur xalqaro tadbirda
dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlari vakillari, 300dan ziyod milliy ekspertlar, Oliy Majlis senatorlari va deputatlari, akademik hamjamiyat va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.
Qayd etish lozimki, konstitutsiyaviy islohotning asosiy tashabbuskori, tom maʼnoda, – bu mamlakatimiz fuqarolari.Lekin, uning bosh g‘oyaviy ilhomlantiruvchisi, shubhasiz, O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevdir. Zero, u so‘nggi yillarda yurtimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli, tizimli va shiddatli islohotlarga tayanadi va ularning o‘ziga xos natijasi, demokratik indikatorlaridan biri hisoblanadi. “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” nomli fundamental kitobda xalqimiz irodasi, orzu-umidlari va xohish-irodasini inobatga olib, konstitutsiyaviy islohotning ustivor yo‘nalishi ko‘rsatib berilgan. Zero, mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli va shiddatli demokratik islohotlarni o‘zaro bog‘lab, jipslashtirib turuvchi o‘zagini – aynan “Inson qadri uchun” g‘oyasi, har qanday shaxsning hayoti, erkinligi, shaʼni va qadr-qimmati, boshqa daxlsiz huquqlarini joyiga qo‘yish, ulug‘lash g‘oyasi tashkil etadi.
Xalqaro anjuman davomida bugungi kunga qadar konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish yuzasidan xalqimiz, jumladan, o‘qituvchilar, tadbirkorlar, fermerlar, fuqarolik jamiyati institutlari va milliy-madaniy markazlar, siyosiy partiyalar vakillari, mahallalar aholisi tomonidanKonstitutsiyaviy komissiyaga 40 mingdan ziyod takliflar kelib tushganligi qayd etib o‘tildi.Ushbu takliflar jamiyat va davlat hayotining barcha ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, maʼnaviy-maʼrifiy va boshqa sohalarini qamrab olgan.
Konstitutsiyaviy komissiya o‘z faoliyatida ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga qatʼiy amal qilgan holda Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni konstitutsionalizmning rivojlanishi borasidagi ilg‘or xalqaro tajribani chuqur o‘rganish asosida ko‘rib chiqilayotganligi va biror bir taklif va mulohaza eʼtibordan chetda qolmayotganligi, takliflar xalqimiz farovonligini taʼminlashga, jamiyatimiz va davlatimiz taraqqiyotiga nima beradi, degan nuqtai nazar bo‘yicha har tomonlama chuqur tahlil qilinayotganligi haqida batafsil so‘z yuritildi.
Bugun Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli konstitutsiyaviy islohotlarning asl maqsadi – xalq irodasi, orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish, huquq va erkinliklarini taʼminlash va pirovardida, inson qadrini ulug‘lash, uning og‘irini yengil qilish, hayotini yaxshilash, ijtimoiy adolat tamoyilini hayotga tatbiq etish ekanligiga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Xalqaro anjumanning “Inson qadr-qimmatini himoya qilishning konstitutsiyaviy asoslari: xalqaro va milliy tajriba” mavzusi bo‘yicha, jumladan, Jan-Antuan Dyupra – Yevropada xavfsizlik va prognozlash instituti eksperti (Fransiya), Pol Politis – AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi vaqtinchalik vakili, Mariya Lyudovika Botarelli – Yevropa ayollar lobbisi Italiya muvofiqlashtiruvchi qo‘mitasi prezidenti (Italiya) kabi ekspertlar o‘z maʼruzalarida ushbu sohadagi xalqaro tajriba haqida fikr almashdilar.
Muhokamalar davomida bugungi kunda inson qadri ulug‘lanadigan Yangi O‘zbekiston g‘oyasi – barcha O‘zbekiston fuqarolaring qalbidan chuqur joy olib, uni hayotga tatbiq etish umummilliy harakatiga aylanib ulgurgani va eng muhimi, ularning dunyoqarashi, ertangi kunga, islohotlar natijasiga bo‘lgan ishonchi kuchaygani, fuqarolarning O‘zbekistondagi shiddatli demokratik o‘zgarishlarga daxldorlik hissi ortib, yuksalib borayotgani milliy va xorijiy ekspertlar tomonidan alohida eʼtirof etildi.
Unda xususan, Yangi O‘zbekistonni barpo etish, Yangi uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans poydevorini shakllantirishga yo‘naltirilgan keng qamrovli, shiddatli, aniq maqsad va vazifalarga qaratilgan demokratik islohotlar amalga oshirilayotgani alohida eʼtirof etildi.
Xalqaro anjuman davomida ekspertlar tomonidan “Inson qadri uchun” g‘oyasi hamda yangi “Inson – shaxs – jamiyat” paradigmasini hayotga izchil tatbiq etish taklifi jamoatchilik tomonidan ijobiy qabul qilinib boriliyotgani, hamda ushbu g‘oyalar mamlakatimizdagi islohotlarning o‘zagini tashkil etishi, turli yo‘nalishlardagi tarixiy yangilanishlarni o‘zaro bog‘lab turayotgani haqida fikr almashdilar.
Darhaqiqat, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi mamlakatimiz tarixida sifat va mazmun jihatdan yangi taraqqiyot davri boshlanganidan dalolat beradi. Bu yangi davrning eng muhim va ustuvor xususiyatlari, avvalo, mamlakatimizda davlat va boshqaruv organlari, barcha rahbarlar bundan buyon o‘z faoliyatini “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil asosida olib borishi, ularning barcha kuch va imkoniyatlari adolatli jamiyat va ijtimoiy davlat qurish, hozirgi va kelgusi avlodlarning farovon turmushini taʼminlashga qaratilganida aks etadi. Zero, “inson qadri” va “ijtimoiy davlat” tushunchalarini bir-biridan ayri tasavvur qilib bo‘lmaydi, ular bir-birini taqozo etadi va o‘zaro chambarchas bog‘liqdir.
Anjuman ishtirokchilari xalqimiz va dunyo hamjamiyati bugun yurtimiz nafaqat ijtimoiy, balki adolatli jamiyat sari ildam qadam tashlayotganini va bunda fuqarolarning huquqlarini taʼminlashning noyob tizimi yaratilgani, davlatning ijtimoiy masʼuliyati tobora ortayotgani, ijtimoiy himoyaga va moddiy yordamga muhtoj fuqarolarimizning hech biri nazardan chetda qolmayotgani, ayniqsa, pandemiya davrida yana bir bor namoyon bo‘lgani haqida baxs yuritdilar.
Shuningdek, forumning mazkur sessiyasida “Konstitutsiyaviy islohot: fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlashda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va ahamiyatini oshirish” mavzusi bo‘yicha milliy va xorijiy ekspertlar “Qonun hujjatlarining so‘zsiz ijrosini taʼminlashda deputatlarning fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorligiga oid konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarni rivojlantirish”, “Konstitutsiyaviy huquq va jamoatchilik nazorati institutini mustahkamlash”, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari – mahallalar faoliyati samaradorligini oshirish” kabi mavzularda maʼruzalar qildilar.
Muhokama davomida, jumladan, maʼruzachilar inson huquqlari va erkinliklarini hurmat qilinishi va qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqliligi; har bir shaxs O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi va xalqaro shartnomalariga muvofiq o‘z huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun inson huquqlari bo‘yicha milliy va xalqaro institutlarga murojaat qilish huquqiga egaligi; har bir inson shaxsiy hayotining dahlsiz bo‘lishi, shaxsiy va oilaviy siri, o‘z shaʼni va qadr-qimmati himoya qilinishi huquqiga ega bo‘lishi; mulkdor mol-mulkiga o‘z xohishicha egalik qilishi, mulkdan foydalanish atrof muhitga zarar yetkazmasligi borasidagi dolzarb masalalar bo‘yicha qizg‘in baxs-munozaralar bo‘ldi.
Xususan, fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash masalasi xalqning orzusi, ezgu istagi oliy maqsadi bo‘lgan tom maʼnodagi insonparvar va adolatli, erkin va demokratik, obod va farovon, dunyo mamlakatlari bilan har tomonlama raqobatbardosh mustaqil davlat – Yangi O‘zbekistonni barpo etishning muhim sharti ekani taʼkidlab o‘tildi.
Xalqaro anjumanda Konstitutsiyaviy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari va davlat boshqaruvi organlari faoliyatini “fuqarolarga xizmat qilishga yo‘naltirish” va ijtimoiy sheriklik tamoyillari asosida tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi.
Mazkur masala bo‘yicha “Davlat – xalq uchun” g‘oyasi, shuningdek, ijtimoiy va xizmat ko‘rsatishga asoslangan davlat konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha Yevropa davlatlarining ilg‘or tajribasi, “Yangi O‘zbekiston – xalqchil va insonparvar davlat” g‘oyasini hayotga tatbiq etishning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini rivojlantirish” kabi mavzularda qator maʼruzalar tinglandi.
Xalqaro va milliy maʼruzachilar O‘zbekistonda adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirish yo‘nalishida fuqarolarning jamoat birlashmalari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash bo‘yicha qabul qilingan qonun hujjatlari va sayʼ-harakatlar o‘z mevasini berayotgani ustida alohida to‘xtalib o‘tdilar. Shuningdek, fuqarolarning jamoat birlashmalariga uyushish huquqini yana-da mustahkamlash, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirishning konstitutsiyaviy asoslarini yana-da takomillashtirish masalalari bo‘yicha asoslangan takliflar qizg‘in muhokamadan o‘tdi.
Shu bilan birga, xalqaro konferensiya yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Konstitutsiyaviy komissiyaga tegishli taklif va tavsiyalar tayyorlandi.
Xalqaro anjuman yakunida xorijiy davlatlar va O‘zbekiston konstitutsiyaviy taraqqiyotining qiyosiy tahlili hamda xalqaro konferensiya ishi davomida bildirilgan fikr-mulohazalar asosida Urganch deklaratsiyasining loyihasi qabul qilindi.