O‘zbekistonda mayning qilish uchun pulli ro‘yxatga olish tizimi joriy qilinadi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida (NHHLMP) Istiqbolli loyihalar milliy agentligining Kripto-aktivlar mayningini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida bo‘yrug‘i loyihasi joylashtirildi.

Loyihada O‘zbekiston hududida mayning qilish uchun pulli ro‘yxatga olishga ruxsat berish ko‘zda tutilgan. Mayning bilan shug‘ullanish uchun yuridik shaxs tomonidan quyosh fotoelektr stansiyalari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan foydalangan holda amalga oshiriladi.

Ro‘yxatdan o‘tgan va sertifikat olgan maynerlar, amalga oshirilgan operatsiyalar to‘g‘risidagi maʼlumot va hisobotni ro‘yxatga oluvchi organ tomonidan belgilangan muddatlar va tartibda faqat elektron shaklda taqdim etishlari shart.

Mayningni amalga oshirish natijasida daromad sifatida olingan kripto-aktivlar soliq solinadigan obyekt hisoblanmaydi va soliq solinadigan bazaga kiritilmaydi. Maynerlar tomonidan amalga oshiriladigan boshqa faoliyatdan olinadigan daromadlar O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq umumiy belgilangan tartibda soliqqa solinadi

Mayningni amalga oshirish natijasida olingan kripto-aktivlar maynerlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasida o‘rnatilgan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlarining elektron platformalarida realizatsiya qilinishi lozim.