Iqtisodchi Otabek Bakirov:
Global bozordan badarg‘a qilingan rubl “o‘zining tomorqasi” deb hisoblaydigan sobiq sovet o‘lkalari valyutalariga nisbatan shiddat bilan mustahkamlanishda davom etmoqda. Bu milliy regulyatorlarning mutlaqo neytralligi sharoitida ro‘y bermoqda. Agar shu holat rublga nisbatan emas, masalan, dollarga nisbatan ro‘y berganida bozor richaglari bilan birga allaqachon maʼmuriy aralashuvlar ishga tushirilgan bo‘lardi. O‘zingiz o‘ylang, 3 oy ichida 1 dollar 18 mingga chiqib ketsa yoki 6 mingga tushib ketsa, vaziyatni o‘z holiga tashlab bo‘ladimi?
Oy boshida tenge rublga qarshi turishga bir necha bor urinib ko‘rdi, lekin bu hozircha muvaffaqiyat keltirayotgani yo‘q (beixtiyor Toshkent bosqini vaqtida Xiva va Buxoro chetda turgani esga tushadi). Bugun rubl/tenge, afsuski, tarixiy maksimum 8,85gacha yetdi. Markaziy osiyoning boshqa valyutalari rubl oldida allaqachon qo‘lini ko‘targan. Rubl/som 1,55 gacha, rubl/somoniy 0,21gacha, rubl/so‘m 205 gacha qarab ketayapti. Yaʼni, valyuta urushi allaqachon eʼlon qilingan va biz hech qanday qarshilik ko‘rsatayotganimiz yo‘q.
Hozirgi sharoitda mintaqamizda biron bir valyuta mustaqil ravishda rublga qarshi pozitsiyalarini bir o‘zi himoya qila olmaydi. O‘zaro paritetni saqlagan holda rubl kursi tushirilmasa, shu yilning oxiriga bormasdan, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston iqtisodiyotlari Rossiya iqtisodiyotining proksisiga aylanib qoladi. Biz tarixda bunday voqelikni Buxoro amirligi va Xiva xonligi iqtisodiyoti va valyutalari misolida boshimizdan kechirganmiz.
Tarix takrorlanmasligi kerak.